Vazirlar mahkamasi davlat xizmatchilarini odob axloq qoidalari bilan tartibga solmoqchi. Amaldorlar qarorni ijro etisharmikin

17.10.2022 16:33

Davlat xizmatchilarining odob axloq qoidalari qabul qilindi. Qonunga bo`ysunmagan amaldorlar qaror tavsiyalarini bajararmikin… Yoki bundan avvalgi hujjatlardagi kabi qog`ozda qolib ketadimi? 

Reglamentni buzganlarning jazo chorasi uncha ham vahimali emas, aytaylik fuqaroni so`kkan hokimga uzr so`rash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish, davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yig`ilishlarida tanbeh berish yoki nari borsa axloq komissiyasi tomonidan undan yuqori turgan organga shikoyat kiritilishi mumkin.

Vazirlar mahkamasi Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi qarorini e`lon qildi. Unda izoh berilishicha hujjat «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq hamda davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini ta`minlash maqsadida qabul qilingan.

Qabul qilingan Odob-axloq qoidalari davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko`rinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini belgilaydi.

Davlat xizmatchilari o`z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart:

- Qonuniylik;

- Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik;

- yuklangan funksional vazifalarini to`liq bajarish;

- ijro intizomiga qat`iy rioya etish;

- fuqarolar guruhlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

- davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;

- adolatlilik, halollik va xolislik;

- korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo`lish va qarshi kurashish;

- xizmat sirini qat`iy saqlash;

- mansab vakolatlarini suiiste`mol qilmaslik;

- manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymaslik.

Faqat mehnat faoliyati davomida emas, balki ishdan tashqari vaqtda ham xulq-atvorning umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:

- davlat xizmatining obro`siga putur etkazishi mumkin bo`lgan xatti- harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;

- mas`uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;

- murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko`maklashish; xushmuomalalik, e`tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg`otish;

- oilasida sog`lom muhitni ta`minlab, oila a`zolariga doimiy g`amxo`r bo`lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;

- fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat`i nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo`lish;

- jamiyatda axloqning umum e`tirof etilgan qoidalariga amal qilish.

Birovning xisobiga tushlik ham qilinmaydi

Hujjatda qayd etilgan yana bir jihat ham e`tiborga molik, unda xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bog`liq bo`lgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik belgilandi.

Odatda xizmat safarlariga chiqqan aksariyat amaldorni hududlardagi kasbdoshlari kutib olishadi va ular sharafiga ziyofatlar uyushtiriladi. Bu odatlardan osonlikcha voz kechilarmikin.

Ijtimoiy tarmoklarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo`lgan materiallarni joylashtirmaslik ham alohida qoida sifatida qayd etilgan.

Rahbarlarga qanday majburiyatlar qo`yilgan?

- Bo`ysunuvidagi davlat xizmatchilariga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda o`rnak bo`lish, jamoada sog`lom ma`naviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish; davlat xizmatchilarini qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishiga undamaslik xamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik kabilar belgilangan.

Shuningdek, kadrlarni mahalliychilik, urug`-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo`yicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yo`l qo`ymaslik ham alohida qayd etilgan bo`lib, rost24 o`tkazgan so`rovnomalarda aynan shu illatlar ishga kirishda ustuvorlik qilayotgani aholi tomonidan qayd etilgan.

Ishdan keyin ham odob-axloq qoidalariga amal qilish kerak!

Hujjatga binoan, davlat xizmatchilari ishdan bo`sh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid bo`lgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o`zlarini tiyishlari shart.

Davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:

- milliy urf-odat, qadriyat va an`analarga hurmat bilan munosabatda bo`lish;

- dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo`l qo`ymaslik;

- rasmiy e`lon qilingan ma`lumotlardan tashqari davlat xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;

- jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa ko`ngilochar maskanlarda) o`zini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning e`tiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yo`l qo`ymaslik;

- jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti- harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki da`vat qilmaslik kabilar...

Sovg`a olish ham mumkin emas!

Xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog`liq bo`lgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslaridan qimmatbaho sovg`a olmaslik belgilab qo`yilmoqda. Xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qat`iy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador bo`lmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini ko`rsatib, mavqeyini suiiste`mol qilmaslik ham tavsiya etilgan.

Xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik, shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda belgilangan tartibga amal qilish, yo`l harakati qoidalariga qat`iy rioya etish belgilab qo`yilmoqda.

Odob axloq qoidalarida, qonunchiligimizda allaqachon aks etgan, OAV bilan munosabatlar, Manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymaslik, rahbarlik faoliyati va tadbirkorlik bilan bir qatning o`zida shug`ullanmaslik kabilar yana bir bor eslatib o`tilgan.

Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi qanday nazorat qilinadi va jazo choralari engil emasmi?

Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari bo`yicha xizmat tekshiruvi davlat organlari va tashkilotlari rahbarining ko`rsatmasiga muvofiq Odob-axloq komissiyalari tomonidan o`tkaziladi. Xizmat tekshiruvini o`tkazish tartibi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan belgilanadi.

Etikaga rioya etmagan rahbarni juda qattiq jazo kutayotgani yo`q. Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta`sir choralarini qo`llash uchun acoc bo`ladi.

Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan davlat xizmatchilariga quyidagi axloqiy ta`sir choralari qo`llaniladi:

- ogohlantirish;

- uzr so`rash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;

- davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yig`ilishlarida tanbeh berish.

Odob-axloq komissiyasi davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy ta`sir chorasini qo`llash uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.

Shuningdek, davlat xizmatchisining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun acoc bo`lishi ko`rsatilgan.

Bu qaror ijrosi qanchalik ta`minlanishini albatta vaqt ko`rsatadi. Shu vaqtgacha ham davlat xizmatchilari faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunlar qabul qilingan. Ogohlantirishu, uzrnomalar e`lon qilingan, hatto davlat xizmatchisini odob ahloqini tartibga soluvchi kodeksni joriy qilishga urinishlar bo`lgandi.  
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
18.10.2022 18:08
Вазирлар Маҳкамаси қарор чиқарди: Амалдорлар одобли, ҳалол ва маданиятли бўлиши шарт - Қарорлар ва қоидалар нима учун қабул қилинади? - Албатта, уларни бажариши керак бўлганлар ўша қоидаларни бузиши учун