Umrzoqovdan maxfiy hujjatlarni ochiqlashni so`rashmoqda

13.10.2022 17:16

Qariyb 40 yildan beri mamlakatimiz tarixini o`rganib, arxivlarda tadqiqotlar olib borayotgan yozuvchi Nabijon Boqiy O`zbekiston Prezidenti administrasiyasi rahbari Sardor Umrzoqovga murojaat yo`llab, maxfiy hujjatlarni ochiqlashni so`ramoqda. Gap shundaki, bir asrdan ham ko`proq muddat o`tgan bo`lsada ayrim arxivlardan foydalanish hamon cheklangan. 

Yozuvchi chor Rossiyasining O`rta Osiyoga tajovuzkorona harbiy yurishlari (1838 – 1878) to`g`risida ko`p jildlik «Madfun Turkiston» (Qirq yillik qirg`in) nomli umr kitobini yaratish maqsadida arxivlardan hujjatlar to`plamoqda. Ammo, O`zbekiston Milliy (Davlat) arxividan u tanlagan mavzuga aloqador №715 fonddan foydalanishga kutilmagan qarshilik paydo bo`lgan.  O`zbekiston tarixiga oid manbalarni o`rganish uchun Qozog`istonda bepul arxivdan foydalangan o`zbek yozuvchisidan, o`zimizda 210.000 000 (ikki yuzu o`n million) so`m so`ralgan. Bir arxiv hujjatini o`rganib xalqqa etkazish uchun shuncha mablag` so`ralishi adolatdanmi? Chor Rossiyasiga oid hujjatlar nima sababdan hanuzgacha ochiqlanmagan? Uni yashirishdan kim manfaatdor? 

Quyida yozuvchi Nabijon Boqiyning Sardor Umrzoqovga murojaatini tahrirsiz taqdim etamiz:

MUROJAAT

Sardorbek, mamlakatimizda ulkan muammolar mohiyatini chuqur anglab etgan holda oqilona echim topayotganingizni kuzatib yurganim uchun Sizga murojaat etyapman.

Men 35-40 yildan beri ko`hna Turkiston o`lkasining javhari bo`lmish O`zbekistonimizning keyingi 100 – 180 yillik tarixini KGB, Davlat, Partiya (nafaqat O`zbekistondagi, Tojikiston va Qozog`istondagi, Qirg`iziston va Turkiyadagi) arxivlardan o`rganib 1937-38 yillarda sodir etilgan qonli repressiya to`g`risida «Qatlnoma» (turkchasi 2018 yilda Istanbulda chop etilgan), o`tgan asrning 20 yillarida sobiq Buxoro amirligining Sharqiy Buxoro hududlarida ro`y bergan milliy ozodlik harakati to`g`risida «Chingiz afandiga maktublar (Anvar poshoning vasiyati»)” nomli (turkchasi 2006 yilda Istanbulda chop etilgan), atoqli jadid adibimiz Hamza Hakimzoda Niyoziyning fojiali taqdiri to`g`risida «Qonli toshbo`ron» nomli hujjatli kitoblar yozib nashr qildirdim.

Keyingi o`n yildan buyon esa chor Rossiyasining O`rta Osiyoga tajovuzkorona harbiy yurishlari (1838 – 1878) to`g`risida ko`p jildlik «Madfun Turkiston» (Qirq yillik qirg`in) nomli umr kitobimni yaratish maqsadida arxivlardan hujjatlar to`playapman. Ammo O`zbekiston Milliy (Davlat) arxividan men tanlagan mavzuga aloqador №715 fonddan foydalanishimga kutilmagan qarshilik paydo bo`ldi. Bu Fond chor Rossiyasi harbiy vaziri A. N. Kuropatkin ( u 1915–17 yillarda Turkistonning oxirgi general Gubernatori bo`lgan) 1901 yilda Toshkentga safari paytida Turkiston general gubernatori P. A. Ivanovga «Turkiston o`lkasini chor Rossiyasi tomonidan zabt etilishiga doir arxiv hujjatlarini bir joyga to`plab chop etish to`g`risida topshiriq beradi» («Podnyal vopros o sobranii v odno seloe i opublikovanii arxivnx dokumentov po istorii zavoevaniya Turkestanskogo kraya sarskoy Rossiey»). Gubernator bu topshiriqni bajarishni podpolkovnik A. G. Serebrennikov zimmasiga yuklaydi. Turkiston o`lkasi tarixi bilan shug`ullanadigan olimlar orasida «Podpolkovnik Serebrennikov fondi» deb yuritilishi bejiz emas.

№715 fondda 74 ta jild-taxlam (delo) bor. Har bir jild-taxlam o`rtacha 500 betdan iborat.

1986 yilda №715 fond SSSR talvasasi avj olayotgan chog`larda kommunist nazoratchilar tomonidan ko`rikdan o`tkaziladida, «59 ta jild-taxlam foydalanishga yaroqli, qolgan 15 ta jild-taxlam oshkor etilishi mumkin emas deb topiladi» («Iz 74 tomov 59 bli izuchen, ostalne 15 tom priznan ne podlejashimi oglasheniyu»).

Bu degani – chor Rossiyasining harbiy mutaxassislar tomonidan kelajakda Turkistonning ishg`ol etilishi №715 fondda bir joyga jamlangan arxiv hujjatlari asosida o`rganilib haqqoniy tarix yaratilsin, degan olijanob maqsad ko`zlangan. Biroq, SSSR parchalanishi arafasida nima qilishini bilmasdan talvasaga tushib qolgan Kompartiya korchalonlari 1986 yilda «zapret» (yasaq) qo`ygan jild-taxlamlar Turkistonning eng kir davrini aks ettiradigan hujjatlarni mustaqil O`zbekistonda kimlar ochiq-oydin foydalanib haqqoniy kitob yaratishi mumkin?

Men ikki-uch yildan buyon aynan №715 fonddan hamma jild-taxlamlarni o`rganib chiqmoqchi bo`lyapman. Biroq, Milliy arxivimizda uzoq yillardan beri o`rnashib olgan salkam 80 yashar «missionerka kampirlar» – Tatyana Davletovna FOMENKO va Nina Ergashevna YuSUPOVA har xil kurakda turmaydigan bahonalarni ro`kach qilib №715 fonddan buyurtma bergan jild-taxlamlarni umuman menga bermadilar. Ayniqsa, ashaddiy missionerka Fomenko: «O`zbekiston Vazirlar mahkamasi tomonidan zapret qo`yilgan!» deb astoydil qo`rqitib yurdi. Axiyri Milliy arxiv direktori Dilbar Zokirovaga arz-dodimni aytdim: «Nima uchun Yu. S. Flgin degan Seminariya xodimiga №715 fonddan foydalanishga ruxsat beriladi, u ashaddiy missionerlar Nikolay Ostroumov, V. Nalivkin kabi nusxalarni go`yo «ma`rifatparvar» sifatida ko`klarga ko`tarib kitob yozadi? (Yu. S. Flgin, «Nikolay Ostroumov: vostokoved, prosvetitel, letopises epoxi», «Vladimir Nalivkin: orientalist, pedagog…”, Toshkent, «Muharrir nashriyoti”, «2016, 2017.) Bundan tashqari, o`sha muallif aynan №715 fonddan foydalanib, arxiv hujjatlarini o`zining g`arazli maqsadiga bo`ysundirib, o`zbeklar bilan qozoq qardoshlarimiz orasiga nifoq urug`ini sochmoqchi bo`ladi: chunonchi, «ot nezakonnx pritesneniy i ugneteniya bvshego u nas bekom, vo vremya vladchestvo kokandsev Mirzadavlata, m, jiteli, dobrovolno pokoryayas vole pravosudnogo i milostiveyshego Gosudarya, otvorili vorota svoego goroda (Turkestan), nesmotrya na prikazaniya Mirzadavlata» (Rossiya – Uzbekistan: nachalo otnosheniy. Sbornik arxivnx dokumentoov po istorii rossiysko–Sredneaziatskix... svyazey. Sostavitel Yu. S. Flgin. Tashkent, “Muharrir nashriyoti”, str. 70).

Bu iqtibos №715 fondda №27 jild-taxlamdan 295- betdan olingan. Go`yo qozoq kadxudolari Qo`qon xonligi tayinlagan Bek Mirzo Davlat zulmidan bezor bo`lib Rusiya podshohidan panoh istab murojaat etadi. Bu xatni Rusiya hukmdorlaridan shirinkamo olish ilinjida bo`lgan besh-o`nta chorvador boylar Gosudar-Oqpodsho nomiga yaltoqlanib iltimosnoma yozgan bo`lishi mumkin. Turkiston shahri darvozasini Bek xohishiga zid ravishda dushmanga aynan ichkaridan qozoqlar ochib berishi mumkin emas. Nega deganda, qal`a–shahar himoyachilari faqat Qo`qondan kelgan o`zbeklar bilan tojiklardangina iborat bo`lmay, qozoqlar ham ko`pchilik bo`lgan. Shahid bo`lgan o`n minglab vatan himoyachilari jasadlarini hatto dafn etadigan tirik inson qolmaydi, musulmonman degan oxirgi odam ham bosqinchilarga taslim bo`lmaydi, shahid bo`ladi. Ustomonlik bilan kitobdagi arxiv hujjatlarini tuzgan (sostavitel) Yu. S. Fligin esa sopini o`zidan chiqarib, mahalliy qozoqlarni bosqinchi o`rislarga do`stlashtirib, Qo`qondan vatan himoyasi uchun jon bergani kelgan Mirzo Davlat Bek va uning safdoshlariga dushman etib ko`rsatadi. Aslida, Turkiston qal`asi xarobalari tuproqqa qorishib yotgan yantoqzor oralab hozir yurib o`tsangiz ham shahid bobolarimiz suyaklari chang-g`ubor bosib yotganini ko`rasiz.

Xullas, haqli arz-dodimdan so`ng direktor D. Zokirova №715 fonddan foydalanishimga ruxsat berdi.

Yuzma-yuz suhbat chog`ida: «Menga qarang, Dilbar Tohirovna, Siz rahbar bo`lib turgan Milliy arxivda salkam sakson yashar ikkita g`arazgo`y kampir xodimlaringizni ham, arxivdan foydalanuvchilarni ham maymundek o`ynatib yurganini bilasizmi? Ularga muhim nazorat vakolatini berib qo`ymasdan mundayroq vazifa topshirsangiz bo`lmaydimi?» deb so`radim. «Arxivda ishlayotgan aksariyat xodim shoshilinch topshiriqni monditib bajara olmaydi, ammo bu ikki kampir topshiriqlarni o`z vaqtida ko`ngildagidek ado etadi. Ular kerakli kampirlar», dedi. Nachora, har joyning tulkisini o`sha joyning tozisi bilan ovlaydilar.

Sardorbek, mana endi asosiy masalaga keldik. Direktor ruxsat bergach, buyurtma berganim jild-taxlamlar ichidan kampir nazarida shubhali ko`ringan parchalarni yulib olib, qolgan-qutganini menga berdilar.

Mayli, dedim. Hisob-kitob qilib ko`ringizlar, dedim. Xo`p, deyishib, o`n olti million so`mga (16.000 000) shartnoma qog`ozini qo`limga berdilar.

To`ladim. Bu pul Arxiv hisob raqamiga emas, Vazirlar mahkamasi hisobiga o`tkazilar ekan.

Yana arxivdan buyurtma bo`yicha kerakli jild-taxlamlardan 2300 betdan ko`proq hajmda hujjat ajratib oldim. Bu safar menga 52.000 000 (ellik ikki million) so`mlik shartnomani qo`limga berishdi. Vazirlar mahkamasi belgilab qo`ygan narx bo`yicha har bir sahifa uchun davlat mendan 21.000 (yigirma bir ming) so`mdan olib qolar ekan.

52.000 000 so`mni qidirib bahordan buyon xo`b tadbirlarni o`ylab topdim, lekin baribir naqd pulni eru osmon orasidan qo`lga kiritib bo`lmadi.

Sardorbek, yuqorida qistirib o`tdimki, №715 fondda mustaqillikdan so`ng hali hech kimning ko`zi tushmagan 1986 yildan buyon «zapret»da bo`lgan 15 ta jild-taxlam (delo) bor. Har bir delo kamida 500 betdan bo` lsa kerak. Chunki podpolkovnik A. G. Serebrennikov o`lda-jo`lda ish qilmagan, haytovur, sidqidildan mehnat qilib har bir deloni sutga to`ygan to`qliday semirtirib qo`ygan. Demak,15 ta jild-taxlamning har birida 500 betdan hujjat bo`lsa, jami 7.500 bet xat-hujjat bo`ladi. Hisobga to`g`ri bo`lishi uchun 7.500 bet emas, boringki, 8000(sakkiz ming) bet hujjatning har betiga 21.000 (yigirma bir ming) so`mdan to`lanadigan bo`lsa, jami 157.000 000 million (bir yuzu ellik etti million) so`m naqd pul to`lashim kerak bo`ladi.

Qisqasi, menga 210.000 000 (ikki yuzu o`n million) naqd pul kerak bo`lyapti. Agar umrimni chin dildan sarflab yozganim uchta kitobim («Qatlnoma», «Chingiz afandiga maktublar» («Anvar poshoning vasiyati»), «Qizil toshbo`ron» ommaviy nusxadan – 50.000 (ellik ming) donadan qayta nashr etilsa, tannarxiga 210.000 000 so`m sochib yuborilsa, kitobxonlar rozi bo`lib bergan halol pulimni og`rinmasdan Milliy arxiv hisobiga o`tkazib berardim. Faqat kitoblarim qayta nashri uchun zarur bo`lgan tannarxni topib birorta sinalgan nashriyotga o`tkazishga, Sardorbek, Sizdan bosh-qosh bo`lishingizni iltimos qilaman.

Tamom, shuncha daromad gaplarning buromadi 210.000 000 (ikki yuzu o`n million) so`mga borib taqalyapti. Menga bu pulning bir so`mi ham kerak emas, hatto bir so`mini ushlab ham ko`rmayman, hammasini Milliy arxivimiz hisob raqamiga o`tkazib yuborilsa, olam guliston. O`z-o`zidan ravshanki, missionerlar oqavasi Milliy arxivimizni ming maqomda o`ynatyapti, shu qarshilikni engib o`tib «zapret»da turgan 15 jild-taxlamni qonuniy tarzda olib istifoda qilishim uchun sharoit yaratib berishingizni so`rayman, Sardorbek.

Bemavrid bezovta qilgan bo`lsam, ma`zur ko`rgaysiz.

Arxivdan olingan shartnoma varaqlari ilova qilinadi.

P. S. Bahorda Qozog`istonga maxsus borib Davlat arxivlaridan 1835 yildan to 1880 yilgacha bo`lgan jild-taxlamlardan ko`chirmalar oldim. Ajabki, Chimkentdagi Davlat arxividan delolarni ko`rib ko`chirma olishim uchun viloyat markazi Turkiston shahridagi idoradan ruxsat olib kelishim so`raldi, xolos. Turkistonga borib muddaoni bayon qilganimda mas`ul xodim bir-ikki savol berib, rasmiy ruxsatnomaga muhr bosib, o`zining telefon raqamini ham yozib berdida qo`limga tutqazdi: «Nabijon aka, agar Qizil O`rda (Oqmasjid) yoki Olmaota Davlat arxivlarida ishingiz bo`lsa, marhamat, bemalol menga telefon qilib qo`ying, o`zim u erdagi arxiv rahbarlariga telefon qilib qo`yaman, ishlaringizni paysalga solmasdan bajarib berishadi. Axir Siz faqat O`zbekiston uchun emas, Qozog`iston bilan Qirg`iziston foydasi uchun ham jon kuydirib yurganingizni bilib turibmanku, Alloh rozi bo`lsin!» deb kulimsirab xayr-xo`shlashib qoldi.

Chimkent davlat arxividan ming-minglab sahifa tarixiy hujjatlarni bepul menga berdilar. Yaqin kunlarda yana Qozog`istonga borib Davlat arxivlaridan o`zimga kerakli jild-taxlamlarni, noyob hujjatlarni olib qaytaman. So`ng Bishkekka yo`l olaman.

Qo`shni respublikalarda bizdagi kabi Davlat arxivlarida salkam 80 yashar missionerlar oqavasi g`ov bo`lib yo`lingizni to`smaydi.

Kitoblarimni shaxsiy kutubxonangiz uchun chin dildan tuhfa qilaman.

Nabijon Boqiy ( )

Chorvoq, 2022 y. 10.X

 

 


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
17
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
27.10.2022 13:14
Хозир ҳам собиқ коммунистлар кӯпда
26.10.2022 01:35
Таажжуб, нега энг муҳим жойларда ўзимизни қора кўз ўзбеклар йўқ!... Ҳали ҳам шу ўрисларни қўлига қараб қолдими бу миллат!... БУлрни аллақачон супириб ташлаш керак эди!
17.10.2022 22:32
Шу капирларга ўхшаган ёшлари ҳам жуда кўп, улар россия телевидениесини фақат кўради ва ашаддий россияпараст. Менимча шуларнинг одамлари Ўзбекистон раҳьариятида қалашиб ётибди
16.10.2022 05:56
789
16.10.2022 05:55
Нима бу русларга карши кимларнингдир ишими. Аввал тугри урушлар болган, кимлардир жон фидо килган. Хонлик даврида хам куп урушлар болган агар уларни хам овоза килаверсак, кушни миллатлар билан можоралар пайдо болади.
16.10.2022 03:25
Аллох Рози булсин. Сиздай фидоийлари бор юрт асло кам булмагай.
14.10.2022 23:55
Бундай инсонлардан нафакат пул олиш керак, балки пул бериш керак. Ахир бу Инсон Ватанимизни гурурику.
14.10.2022 21:13
Лўлидан ботир чиқса чодирига ўт қўяди
14.10.2022 16:25
Сабаб оддий: Мавжуд ҳокимият ўз вакиллари, йўлбошчилари ва бобо калонларининг қилмишлари ва жиноятлари очилишини истамайди ва шу сабаб имкон қадар архивлар очилишига қарши тўсиқлар қўяверади. Керак бўлса уларни йўқ қилиб юбориши ҳам мумкин. Чунки бу ҳокимият халқ танлаган ҳокимият эмас балки ўша жиноятларни ўзлари ҳам советлар билан бирга қилганлар, империя малайларининг меросхўрлари, издошлари ва тарафдорларидир. Наҳотки шу оддий ҳақиқатни ҳамон билмайсизлар?
14.10.2022 02:40
Офарин