Poytaxtning keyingi yillardagi qiyofasini kuzatsangiz, yashillikning ancha kamaygani va katta qurilish maydoniga aylanganiga guvoh bo`lasiz. Noto`g`ri ekologik siyosat sababli hozirdanoq bir qator muammolar vujudga keldi. Shveysariyaning «IQAir» monitoring guruhi havo ifloslanishi bo`yicha davlatlar reytingida mamlakatimiz 12-o`rinni, Toshkent esa havosi ifloslangan poytaxtlar reytingida 10-o`rinni egallagan. Bi-Bi-Si muxbiri Ibrat Safo o`zining sahifasida bu haqida o`z xavotirlarini bildirib o`tdi:
«Bu negativ izlashmasu, lekin nazarimda Toshkent bu ketishda 2-3 yil ichida umuman yashab bo`lmaydigan shaharga aylanadi. O`zgarishlar mendek odamga ko`proq seziladi, chunki yiliga atigi ikki marta kelaman. Havo shu qadar ifloski, havodagi zahar hatto jigarrangda ko`zga ko`rinib turadi. Uni nafas yo`llaringda va ta`m qabulgichlaringda sezasan. Palapartish quruvchi kompaniyalar zanjirini uzgan quturgan itdek, qurilishlardagi chang-to`zon mashinalardan chiqqan karbonat angidrid, azot oksidi va metan bilan qo`shilib o`pkangni emiradi. Dehliga borganimda xuddi shunday havoni sezgandim. Hatto aholi o`ta zich joylashgan Chilonzordek mavzelardagi har qarich joyda ko`p-ko`p qavatli turar joylar qurilyapti. Mashinalar tirbandligidan charchab metroga tushsam, avvallari kunduzi bemalol bo`ladigan metro vagonlari ham odamlarga to`la.
Ey to`xta, farosating bormi, o`zimiz yashaymiz shu erda, deydigan odam bormi bu shaharda o`zi? Kecha ikki tonli Bentlida bir odam o`tib ketdi. Lekin Bentlida bo`lasizmi, qasrda yashaysizmi, shu shaharda bo`lsangiz, sizning ham o`pkangiz chiqindixonaga aylangan. Bolalaringiz kasal bo`lishi xavfi juda yuqori (astag`firulloh). Pandemiyada virus boy va kambag`alni ajratmagandek, yomon havo ham odamni tanlab o`tirmaydi. Vakuum yaratolmaysiz. Bu zaharli havo nafaqat o`pka kasalliklari yo saraton, yurak-qon kasalliklari, tomirlardagi tromblar va miyaga qon quyilishiga ham sabab bo`ladi, deydi Ibrat Safo.
Eslatib o`tamiz, o`tgan yili 4 noyabr kuni O`zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo`ronlar hosil bo`ldi. Ko`rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko`tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me`yordan 30 barobar oshgan edi. Ekologlar bu inqirozni daraxtlarga qirg`in keltirayotgani va hududimizni cho`llashib borayotgan bilan ham bog`lashgan.