Bosh vazir axborot texnologiyalari sohasidan chiqqan bo`lishiga qaramay bundan 100 yil avval eskirgan texnologiyaga asoslangan qarorga imzo chekdimi? AQShning Indiana Universiteti professori, kutubxonashunos Akram Habibullaev Bosh vazir qarorini tanqid ostiga oldi va byudjet mablag`ini samarasiz sarflamaslikka chaqirdi.
Professor A. Habibullaev Vazirlar mahkamasining «Qadimiy yozma manbalar davlat reestri to`g`risidagi nizomni tasdiqlash to`g`risida»gi qarorda «reestr» so`zining yoniga «davlat» so`zini qo`shgan bilan na shakl va na mazmun o`zgarmasligini yozadi. Olim Vazirlar mahkamasining mazkur qarorda reestr nima uchun kerakligi to`g`risidagi savolga javob ham topilmasligini aytmoqda. Quyida professorning Bosh vazirga murojaatini to`lig`icha keltiramiz:
O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripovga
Hurmatli Abdulla Ne`matovich!
Ajdodlarimizdan meros qolgan yozma yodgorliklarni saqlash, ta`mirlash va tadqiqotchilarga ulardan foydalanishlari uchun qulayliklar tug`dirish borasida O`zbekiston hukumatining olib borayotgan ishlari tahsinga sazovordir. Keyingi yillarda bu sohaga O`zbekistonda jiddiy e`tibor berilmoqda, ilmiy anjumanlar o`tkazilmoqda, qarorlar qabul qilinmoqda. Albatta, ularning ahamiyati beqiyos. Lekin, bu boradagi ba`zi ishlar yangi zamonaviy texnologiyalarni qo`llash va soha yutuqlaridan foydalanish o`rniga, eskirgan va umrini o`tab bo`lgan uslublarda olib borilayotganligi tashvishga sabab bo`lmoqda. Yaqinda Siz bir qarorga imzo chekdingiz. Qaror «Qadimiy yozma manbalar davlat reestri to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida» deb nomlangan.
Reestr nima degani? Bu oddiy ro`yxat, qayd daftari va uning oldiga «davlat»so`zini qo`shib «davlat reestri» deb nomlagan bilan na shakl, na mazmun, hech narsa o`zgarmaydi. Qayd daftar, yoki inventar daftar, yoki Siz imzo chekkan Nizom tili bilan aytadigan bo`lsak, reestr ixtiro etilgan paytda qandaydir vazifani bajargan. Lekin, bugun u bosma kitob holida bo`ladimi, elektron shaklda bo`ladimi farqi yo`q, eskirib, iste`moldan chiqqan uslubdir. Boshqa sohalarni bilmadimu, lekin manbashunoslik va kutubxonashunoslikda qayd daftari (reestr) degan narsaning umri tugagan.
Ha, xuddi shunday. Siz tomondan tasdiqlangan Nizom, bundan taxminan 250 yil oldin o`lib ketgan texnologiyaga, ish uslubiga qaytishni nazarda tutadi. Taxminan 1780 yil birinchi marta Venada manba haqidagi ma`lumotni kartotekaga yozib, yashikchalarga tartib bo`yicha joylashtirish yo`lga qo`yilgandan keyin axborot-kutubxonashunoslik sohasida qayd daftariga (reestr) ehtiyoj umuman yo`qolgan. Kompyuter ixtiro etilgach esa, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab kartotekalar ham iste`moldan chiqa boshladi. Bugungi kunda rivojlangan davlatlardagi birorta kutubxonada kartotekali katalog qolmagan. Hamma narsa, hattoki butun boshli kutubxona kompyuterga joylashtirilib, foydalanish qulay bo`lgan onlayn shaklga o`tkazilmoqda.
Davlat reestri nima uchun kerak? Uning manbalar, qo`lyozmalarga nima foydasi bor? Bugungi kunda u nimaga xizmat qiladi? Bu savollarga Nizomda javob yo`q, keltirilgan dalillar esa mujmal.
To`g`ri, jami yozma yodgorliklar, qo`lyozma va nodir kitoblar haqidagi ma`lumotlarni bir joyda to`plash zarur. Lekin, buning uchun reestr shakllantirishdan ko`ra foydaliroq, qulayroq va zamonaviyroq usullar mavjud. Ish birdaniga mukammal qidiruv funksiyasi bilan ta`minlangan onlayn ma`lumotlar bazasi yaratishdan, ya`ni O`zbekistondagi jami manbalarning Yig`ma katalogini (Svodny katalog) tuzishdan boshlansa maqsadga muvofiq bo`lar edi. Yig`ma katalog reestrning vazifalarini ham to`liq bajara oladi.
Foydasiz loyihaga mablag` ajratilayotgani, davlatning puli bekorga sarf bo`layotganiga befarq qarab tura olmaganimdan, Sizga ushbu xatni yozishga majbur bo`ldim.
Eslatma: Professor Akram Habibullaev bundan avval ham bir mazmunga ega bo`lgan ikki qarorni tanqidiy tahlil qilgan edi.