Javobgarlikka tortilganlar orasida «O`ztemiryo`lqurilishmontaj», «Ko`prik qurilish butlash», «Sardoba tumani yo`llardan foydalanish» unitar korxonalari, «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo`limi, «O`zbekiston temiryo`llari» AJning Gidrotexnik inshootlarni qurish direksiyasi xodimlari bor.
Kun.uz Sardoba toshqini sabablari bo`yicha olib borilgan yana bir sud ishi yakuniga oid ma`lumotlarni e`lon qildi. Unga ko`ra, jami 29 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167- (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 209- (mansab soxtakorligi), 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan aybli deb topilgan.
Sudlanuvchilarning 3 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlangan. Jumladan, «O`ztemiryo`lqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh direktori o`rinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig`i lavozimida ishlagan M.X. 10 yilu 3 oyga, Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasida ishlab chiqarish bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan F.D. 122 mln 650 ming so`m jarimaga tortilgan holda 5 yilga, «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo`limi boshlig`i S.R. esa 133,8 mln so`m jarimaga tortilgan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ayblanuvchilar orasida «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo`limining 86 yoshli xodimi ham bor. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari – 68 mln so`m jarima qo`llangan.
Qolgan sudlanuvchilarga ozodlikni cheklash, ma`lum muddat mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda jarima bilan bog`liq jazolar qo`llangan. Jarima jazolarining eng ko`pi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari – 133 mln 800 ming so`m.
Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan solidar tartibda davlat daromadi hisobiga jami 115 mlrd 811 mln so`m undirish belgilangan.
«Sardoba ishi» bo`yicha 2021 yilning 10 may kuni ham O`zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida yopiq sud majlisi o`tkazilgan va bir guruh sudlanuvchilarga jazo tayinlangandi.
Eslatib o`tamiz, 2020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyati hududidagi Sardoba suv omborida to`g`on o`pirilib, suv toshqini yuzaga kelgandi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar etgan. Binolar, yo`llar, kommunikasiyalar vayron bo`lgan. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuasiya qilingan.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, voqea oqibatida 6 kishi halok bo`lgan.
2017 yil may oyida prezidentga taqdimot marosimida «O`zbekiston temir yo`llari» kompaniyasining sobiq raisi Achilbay Ramatov (hozirgi bosh vazirning birinchi o`rinbosari), o`sha vaqtdagi qishloq va suv xo`jaligi vazirining o`rinbosari Shavkat Hamroev va «O`zsuvenergo» raisi Abdug`ani Sanginov (hozirda «O`zbekgidroenergo» raisi) ishtirok etgan edi.