Iqtisodchi Otabek Bakirov yo`q bo`lib qolayotgan hokim qarorlari yoki bitta mahallaning yoritish tizimi uchun 2 mln.dollar ajratilgani haqida yozib, Adliya vazirligidan hokimiyat qarorlarini nazoratga olishni so`radi.
Uning qayd etishicha, E-qaror tizimi ishga tushgach, hech kim saylamagan hokimlarning qarorlar chiqarishdagi muttahamliklari ancha kamaydi. Orqa sana bilan qaror chiqarish, ayniqsa er ajratish va sotish bilan bog`liq qing`irlikarni uyushtirish orqali pul ishlash imkonsiz jarayonga aylandi.
Lekin tizimda haliyam muammolar mavjud va bu muammolar qaror chiqarish va o`zgartirish bilan bog`liq. Xususan, bekor qilingan hokim qarorlarini tizimdan qidirib topish imkonsiz. Balki tizimning adminstratorlarida bunday imkoniyat bordir, lekin foydalanuvchilar bundan mahrum etilgan.
"Misol keltiraman. Janob Artikxodjaevning 9 sentyabrdagi 932-14-0-Q/22- sonli qarori (https://e-qaror.gov.uz/oz/site/filter?DocumentSearch%5Bauthority_id%5D=7418&di=869319) bilan «Obod mahalla» dasturi doirasida tungi yoritish tizimini yaxshilash loyihalari (ob`ektlari) uchun ajratilayotgan mablag`lar tasdiqlangan. Gap shundaki, tungi yoritish tizimini yaxshilash loyihalari ilk bor 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22- qaror bilan tasdiqlangan. Yangi qaror bilan eski qaror ilovasi bekor qilinyapti. Eski qarorni esa E-qaror tizimidan topa olmaysiz. Zo`r-mi? Profit", deb yozadi Bakirov.
Xuddi shuningdek, 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorining 8-bandi va 1-ilovasini ham topish imkonsiz. O`rganishlar ko`rsatayaptiki, bekor qilingan va tizimda yo`q bo`lib qolgan hujjatlar sanoqsiz.
Bu nima degani?! Hokimlar istalgan masala bo`yicha qaror chiqarib, keyin bir muddat o`tib, vaziyatga qarab (soqqali takliflarga qarab) unga o`zgartirish kiritib yoki bekor qilib, yangisini chiqaraverishadi. Eskisi esa bazadan yo`q bo`lib qolaveradi. Bu imkoniyat juda keng manipulyasiya va katta o`g`irliklarga yo`l ochadi.
9 sentyabrdagi 932-14-0-Q/22- sonli qarorga qaytamiz. Bu qaror bilan, masalan, Bektemir tumani, «Iykota» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun oz emas, ko`p emas 20,1 mlrd.so`m ajratilgan. Yashnobod tumani, «Jarboshi» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun esa 19,2 mlrd.so`m.
O`zingizga ko`lamni tasavvur qilayapsizmi? Bitta mahallaning yoritish tizimi uchun qariyb 2 mln.dollar. (Shunchaki solishtirish uchun, Shayxontohur tumani «Gulobod» MFYdagi 41-sonli maktabni rekonstruksiya qilish ishlari uchun 10,0 mlrd.so`m mablag` ajratilgan)
Endi savol, bundan avvalgi tasdiqlangan va bekor qilingan qarorlarda bu summalar qanday miqdorda bo`lgan va o`tgan davr ichida tasdiqlangan summa qanchaga shishirilgan?
Buni, afsuski, siz va biz bila olmaymiz.
Hurmatli Adliya vazirligidan, E-qaror tizimidagi mazkur holat bo`yicha vaziyatni o`rganishini va nazoratga olishini so`raymiz, deb so`zini yakunlaydi Otabek Bakirov.