Bir vaqtlar daraxtzor-u dam olish maskanlariga boy bo`lgan poytaxt bugun deyarli savdo do`koniga aylanib qoldi.
Toshkent shahar hokimi daraxtzor bo`lgan ko`plab hududlarni nima uchun doim tadbirkorlarga berib yuborgan? Har safar Ortiqxo`jaevga oshkora ravishda daraxtlarga ziyon etkazilmasligi haqida va`da beradigan tadbirkorlar nima uchun bemalol, hech bir xavotirsiz va`dalarini buzadilar? Nima uchun daraxtlarni asrash borasidagi qaror va hujjatlarini hech bir tegishli mas`ul bajarmayapti, umuman ahamiyatga ham olmayapti? Bu ishlarning ortida qaysi mansabdorlar turibdi?
So`nggi vaqtlarda daraxtlarni kesish, tabiatga zarar etkazish holatlari shu darajada ko`p yuz berdiki, go`yo bu odatiy holdek bo`lib qoldi.
Statistikaga qaraganda, 2022 yilning o`tgan 6 oyida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog`liq 2300 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan (14 iyul holatiga ko`ra). Huquqbuzarlarga nisbatan 3,4 millird so`m ma`muriy jarima va 4,3 milliard so`m zarar summalari belgilangan. 6 oyda jami 882 tup qimmatbaho daraxtlar kesilgan.
Keyingi uch oy davomida ham ko`plab daraxtzorlar yo`q qilindi. Xususan, so`nggi kunlarda yuz bergan Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ikkita daraxtzordagi jami 100 tup daraxtning yo`q qilinishini ko`pchilik faollar avvaldan bilib, bu haqda ko`p marta ogohlantirib kelgan edi. Ammo bu voqea baribir sodir bo`ldi, qonunlarga tupurgan mas`ullar esa doimgidek arzimagan jarima to`lab qutulib ketishlarini bilishadi albatta.
2019 yilda daraxt kesishga moratoriy kuchga kirdi. Toshkent shahar hokimi esa Chilonzor va Uchtepadagi mazkur er maydonlarini tadbirkorlarga 2020 yilda berib yuborgan.
Prokuratura kimdan qo`rqadi?
"Dream house stroy" MChJ 58 tup daraxtni taxminan ikki kun davomida, tuman prokuraturasining ko`z o`ngida bemalol kesib tashlagan. Chunki daraxtzor Chilonzor tuman prokuraturasining qarshisida joylashgan. Savol tug`iladi, prokuratura xodimlari mazkur holatni ko`rmaganmi? Jarayonni ertaroq to`xtatish, bir qancha daraxtlarni saqlab qolish imkoniga ega emasmidi? Yoki ularga ko`zlarini yumib turishga buyruq berilganmi? Qolaversa, tadbirkor bu erni 2020 yil 3 sentyabr sanasida olgan va 2 yilgacha hududda qurilish qilinmasa, avtomatik ravishda bu er davlat zaxirasiga o`tishi belgilangan. Tadbirkor esa, 7 sentyabr kuni, belgilangan muddat allaqachon o`tib ketganidan so`ng daraxtlarni kesib tashlayapti. Er esa hozircha davlat zahirasiga qaytarilgani yo`q.
Hammasi juda hayratlanarli, javobi berilmaydigan savollar ko`p.
O`tgan bir yil davomidagi daraxtlar kesilishi bilan bog`liq tabiatga etkazilgan zararlar miqdori esa aqlni shoshiradi.
Birgina Bo`stonliq tumanidagi «Amirsoy» kurort zonasida 700 tup daraxtlar kesilishi ortidan 1,9 mlrd so`m zarar hisoblangan. Bu summa Bo`stonliq tumani Oqtosh qishlog`i hududidagi holatda 288 mln.so`m, Qarshida universitet hududida 285 mln. so`m, Andijon viloyati perinatal markazidagi holatda 115,5 mln. so`m, Chilonzor ko`chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 348,9 mln. so`m, yuqorida aytib o`tilgan 7 sentyabrdagi Chilonzordagi holatda 797 mln 700 ming so`m, Uchtepada esa 425 mln 100 ming so`mga baholangan. Bu faqatgina jamoatchilikka ma`lum bo`lgan, daraxtlarni yoppasiga ko`p miqdorda kesish bilan bog`liq bo`lgan holatlar.
Hujjatlarga ko`ra, asosiy faoliyat yo`nalishi “To`qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosi” bo`lgan "Dream house stroy" birortayam daraxtga zarar etkazmaslik haqidagi va`dalariga, ekologiya boshqarmasining ogohlantirish va xatlovga olishiga, o`zlarining kafolat xati berishlariga qaramasdan, hududni baland to`siqlar bilan o`rab olishgan va daraxtlar kesilgan. Bundan tashqari, ekologlar baland to`siqlarni olib tashlash haqida ham bir necha marta murojaat qilgan, tadbirkor esa to`siqning olib tashlangan ba`zi joylarini ham qaytadan mustahkam qilib tiklab qo`ygan.
Uchtepadagi vaziyat esa bundan ham ajoyib, quruvchi korxonada hatto egalik huquqi ham yo`q. Shunga qaramay, hudud noqonuniy ravishda o`rab olingan. Bunga nisbatan esa hech kim chora ko`rmagan.
Esingizda bo`lsa, Qarshi shahrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog`liq holatda ham aynan shunday vaziyat yuz bergandi. Qarshi davlat universiteti daraxtlarni kesish uchun uch marotaba murojaat qilgan, o`z navbatida Ekologiya boshqarmasi har safar rad javobini bergan. Universitet ma`muriyati esa, nimayam qila olarding degandek, baribir daraxtlarni kesib tashlagan. Ekologiya faqat jarima qo`llash bilan shug`ullanadimi? Ekoqo`mita mansabdorlar orasida manfaatdorlar borligi haqida fikr bildirgan.
Qo`mitaga ko`ra, hozirda Toshkent shahri bo`yicha o`rtacha 5 mingdan ortiq daraxtlar yo`q qilinish xavfi ostida turibdi. Daraxtlar joylashgan hududlar o`rab olingan. Ekologiya qo`mitasi buni bila turib, ogohlantirish va jarimadan boshqa hech qanday chora ko`rolmaydimi? Daraxtlar kesilishini kutishdan boshqa chorasi yo`qmi? Nahotki hech bo`lmaganda mazkur hududlar to`g`ridan to`g`ri videokuzatuv ostiga olinishi mumkin emas?
Ketma-ket yuz berayotgan bunday holatlardan keyin, balki Ekoqo`m ham jarimalar undirilishidan manfaatdormikin degan gumonlar tug`ilishi tabiiy hol.
Qo`mita yoki o`z vazifasini mukammal bajarib, mas`ullarga buyruqlarini bajartirishi, yoki faqat hujjatlarini qonunan joyiga qo`yib, amalda hech narsa bajara olmayotganligini tan olgan holda, vakolatini boshqa tashkilotga (masalan, prokuratura, hokimiyatlar) o`tkazishi kerak.