Iyul oyida soxta singapurlik investorga tegishli firma G`afur G`ulom bog`i ochilishini sentyabrga qoldirgan edi. Bu va`dani investorga ishongan Oliy Majlis Senatorlari berishgan.
G`afur G`ulom bog`idagi buzilgan vaqt mashinasi
Umuman olganda mazkur «ochilish»ga birinchi marta muddat belgilanishi emas, G`afur G`ulom bog`idagi «buzilgan vaqt mashinasi» 4 yildan beri hech kelajakka qadam qo`ymaydi, qishda «yoz kelsin topshiramiz» deyishadi, yoz kelib qolsa «kuzda topshiramiz» deyiladi.
Endi bog`ning ishga tushishini 49 yil kutamizmi?
G`afur G`ulom bog`i 2019 yil 9 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining F-670 son farmoyishi hamda Toshkent shahar hokimining 15 avgustdagi 1126-son farmoyishi asosida BMP Smart Decision`ga 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya investision majburiyatlari doirasida bog`ni jahon standartlariga javob beradigan qilib qayta ta`mirlashi, eskirgan attraksionlarni yangisiga almashtirishi belgilangan edi. Bu kompaniya 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi bor yo`g`i 1000 Singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro`yxatdan o`tkazilgan.
Rost24.uz sayti aynan shu masalada bir qancha maqolalar e`lon qildi, senatda mutasaddilarga savollar berdi, nima uchun bog`ning ochilishi kechiktirilayotganini so`rab va Senatorlar vaziyatni joyiga chiqib o`rganishni va`da berishganini eslatib so`rovnoma jo`natdi.
Senatorlar 2021 yildan buyon bog`ni joyiga chiqib o`rganishni jamoatchilikka va`da berib keladi, 2022 yil boshida senat a`zosi Baxtiyor Sayfullaev rost24.uz saytiga bog`ni joyiga chiqib o`rganguniga qadar, 2021 yil tugab qolganini, shuning uchun ular bog`ni o`rganishga ulgura olishmagani va bu ish endilikda kun tartibiga qo`yilishini aytgan edi. Vanihoyat, iyul oyida Senatning yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi a`zolari G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida olib borilayotgan ishlarni joyiga chiqib o`rganganlari ma`lum qilindi.
Ammo senatorlar istirohat bog`ining yangilanishi cho`zilib ketishi, yolg`on va`dalarning javobgarligi, «singapurlik» investor Sherzod Halimov qaerda ekani, nega jamoatchilikka ko`rinmasligi va hisobot bermasligi kabi masalalarni butunlay unutib, faqatgina “BMP Smart Decision Private Limited” xorijiy kompaniyasi tomonidan bog` hududida rekonstruksiya ishlari qilinayotgani, 71 mlrd. so`m mablag` sarflangani va bog`ning sentyabrda ochilishi haqida bilib kelishdi. Ammo, senat axborotidagi yagona yangilik – bog`ning sentyabr oyida ochilishi ham o`z tasdig`ini topmadi.
Google earth dan olgan tasvirlarimizda bog`ning vayronaligi ko`rinadi.
Negadir, turli xil biznes markazlar, «Tashkent siti», «Mejik siti», «Fud siti»ga o`xshash ko`plab "siti"lar tezda bitib, ishga tushib ketaveradiyu, poytaxt ahli, mehmonlar, xalq ishga tushishini kutayotgan bitta oddiy bog`, istirohat bog`i 2019 yildan buyon ishga tushirilishi tinmay ortga suriladi? Harqalay, investor bog`ni faqat kovlab tashlash uchun ijaraga olmagandir? Agar bog`ning tagida er osti boyliklari bo`lgandayam shu paytgacha allaqachon qazib olingan bo`lardi, nahotki o`sha sirli «investor» 49 yilgacha bu erda istaganini qilishi mumkin bo`lsa, hech qanday shartlab bo`lmasa?
«Qani hokimiyat nima javob beradi?»
«G`afur G`ulom» bog`i bizning kun tartibimizda turibdi. Biz hal qilgan kunimiz, o`sha kuni feycbukka kiring. Men o`zingizga shaxsan yuboraman. Bu masala dolzarb masala. Bu vaziyatni ijobiy hal qilamiz. Bu shunday qolmaydi. Qani hokimiyat nima javob beradi? Amalda nima bo`layapti? Bu javobsiz qolmaydi...».
Chindan ham hokimiyatdan bu borada nimadir so`raldimi? Bilishimizcha yo`q, chunki bu haqda hech qanday xabar berilmadi. Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi Baxtiyor Sayfullaevning bog` haqidagi savolga mazkur javobi amaldorlarning odatdagi yolg`on va`dalaridan biri edimi?
Toshkent shahar hokimi o`tgan yilning 16 dekabrida palataning yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboevaga tadbirkor o`ziga qo`yilgan talablarni bajarmaganligini aytib, bu ishni qayta ko`rib chiqishga va`da bergan edi. Xo`sh, Ortiqxo`jaev o`ziga qo`yilgan talabni qachon bajaradi?
Bog` haqidagi maqolalar:
Ortiqxo`jaevning unutgan va`dasini eslatamiz: G`afur G`ulom bog`i xalqniki emasmidi?
Senatorlar endi o`ylab ish qilinishini ma`lum qildi
Senatorlar «G`afur G`ulom» bog`ini "quritib", «Davlat tili to`g`risida»gi qonunni yig`latdi
G`afur G`ulom bog`iga qachon yoz keladi?
Rost24.uz so`rovidan so`ng Senatorlar bog`ga borib, uni sentyabrda ochilishini aniqlab qaytishdi