Vatan avlodiman deb lof urarlar tushlarida, yo`q,
Kim ostida, kim ustida, bu vatan kimlarning qurboni?
1927-1928 yil - 10 minglab «Troskiychilar»
1930-1933 yil - 10 milliondan ortiq «Quloqlar»
1933 yil 8 oyida bo`lib o`tgan ochlik natijasida – 6 million kishi
1937 yilgacha - 17-18 million kishi
1937-1938 yil- (Buyuk terrorlar yillari)- 7 million kishi
1938-1940 yil - Polyak oilalari, Boltiq bo`yi aholisidan- 2 million atrofida
1942-1944 yil 3 milliondan ortiq kishi ko`chirildi. Ularning 1 milliondan ortig`i ko`chish jarayonida qiyinchiliklar natijasida vafot etdilar.
1945-1946 yil - 5 million atrofida
1947-1953 yil - «Leningrad ishi», «Vrachlar ishi» va «Kosmopolitlar ishi» bo`yicha 58 modda bo`yicha («Sosializmga qarshi propaganda» aybi bilan)- 1 milliondan ortiq kishi.
Yuqoridagi ro`yxat «Moskovskie novosti» gazetasining 1988 yil 27 noyabr sonidagi Roy Medvedevning «Skolko jertv v godu kulta lichnosti Stalina?» nomli maqolasida keltirilgan bo`lib, undagi raqamlar sobiq ittifoqda qatag`on qilinganlar soni va yillarni anglatadi.
Bizning qatag`onimiz, og`riqli fojeamiz 1920 yillarda xorijda ta`lim olgan o`zbek yoshlari va ularni vatanda kutgan qatag`onlardan boshlanadi.
O`tgan yillar davomida xalqning eng saralari, ziyolilari, o`zini anglagan, milliy g`ururi, haqiqiy oriyati uyg`oq bo`lgan millatning asl toza qatlami turli bahonalar bilan chin ma`noda qirib yuborildi. Har galgi qirg`indan omon qolganlar keyingi qirg`ingacha yashadilar xolos. Ularning avlodlarini ham sekin sekin qirib yuborishga bahonalar topishdi. Ularning ko`plari yosh, shijoatli, navqiron edilar. Oqibatda millatning genofondi katta o`zgarishga uchradi, sobiq tuzum rahbariyati nima desa ham ko`nadigan, aslo bosh ko`tarmaydigan, o`zicha cheksiz zulm qilganlar o`lsa dod solib yig`laydigan, o`ziga urilgan kishanlarni o`padigan, o`ziga o`xshagan avlodlarni dunyoga keltirib, tarbiyalaydigan manqurt, tug`ma qul qatlamni etishtirishga urindi, bunga tom ma`noda erishdi ham. Aks holda, Stalin o`lganida endi qanday yashaymiz deb ommaviy yig`lagan, sobiq tuzum tarqaganida, ajdodlari orzu qilib etolmagan Mustaqillikka erishilganida chin qalbdan g`amga botgan qatlam bo`lmasdi, hatto hozir ham sobiq tuzumni qo`msaydigan, oqlaydigan avlod etishib chiqmasdi.
Qatag`onning ilk qurbonlari – Germaniyada tahsil olgan o`zbekistonlik talabalarning umumiy soni yuzga yaqin bo`lgani holda, bugun ularning 15 nafarga yaqini haqidagina axborot etkazilgan.
20 yillarda Turor Risqulov, Fayzulla Xo`jaev, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydullo Xo`jaev, Fitrat singari xalqimizning fidoyi farzandlari Turkistonning mustaqilligi uchun kurashga kirishgan edilar. Ammo ular shunchaki davlatni alohida olib chiqish emas, avvalo insonlar ongida istiqlol shamolini yaratish, yurtni asriy qoloqlik botqog`idan qutqarish va chor mustamlakachiligi davrida yo`l qo`yilgan iqtisodiy va madaniy tanazzulga chek qo`yishga intildilar.
Buning uchun eng avvalo milliy kadrlar tayyorlashga alohida e`tibor qaratilib, mahalliy yoshlarni Germaniyaga, shuningdek, Sharq va G`arbdagi boshqa ilg`or mamlakatlarga yuborish, ular yordamida bu mamlakatlarda erishilgan ilmiy-texnik yutuq va tajribalar bilan tanishish kabi katta ishga jazm qilishgan.
1921 yil 23 aprelda Toshkentda o`tkazilgan O`zbek ilmiy komissiyasi majlisida o`zbeklardan xorijga talabalar yuborish masalasi muhokama qilinib, yig`ilishda Turkistonning eng qobiliyatli yoshlardan hech bo`lmasa 10 nafarini xorijga o`qishga yuborish masalasini hukumat oldiga qo`yish taklif qilinadi.
Xorijga talabalar yuborish harakatiga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi rahbarlari Fayzulla Xo`jaev, maorif noziri Fitrat ham bosh qo`shadi.
Shunday qilib, Turkiston va Buxorodan 1922 yil oxirlarida 70 dan ortiq turli yoshdagi mahalliy yosh yigit va qizlar Germaniyaning turli shaharlaridagi oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlariga qishloq xo`jaligi, tekstil sanoati, kimyo, elektrotexnika, konchilik, falsafa, pedagogika, tibbiyot va boshqa muhim sohalar bo`yicha o`qishga yuborildi.
Germaniyaga borganlarning 16 tasi Turkistondan, 56 tasi Buxorodan, 2 nafari Xorazmdan edi.
Buxoro hukumati tomonida shu maqsadda 125 ming dollar pul, qorako`l terilar yuboradi va bu talabalarning 1924 yilgacha yashashiga etdi.
Shuningdek, Berlinda V.Geysbergstrit ko`chasidagi, 39 uyni ham sotib oladi va u turkistonlik talabalar uyiga aylantiriladi.
1922 yilning oxiriga qadar 200 ga yaqin Turkistonlik talaba turli yo`nalishlar bo`yicha o`quv muassasalariga yuborildi. Ulardan 25 nafari Turkiyaga, 25 nafari Ozarbayjonga, 50 nafari Moskvaga, 74 nafari Germaniyaga yuborilgan. Kelajakda mazkur raqamlarni katta darajada ko`paytirish niyat qilingan, bunga harakat ham qilingan.
Salimxon Tillaxoniy 1923 yilda «Harakat qilib kelg`usi yillarda Ovruponing har burchagiga 70 minglab talabalar yuborishimiz kerakdir. Bizning tabiiy boyligimizni chetlar emas, o`zimiz ishlatishimiz kerak va bu yilda har kim maslahat qilsun, o`ylasun. Har bir maslahat, o`ylashning natijasi bolalarimizni chetga yuborib o`qitish bo`lsun», - deb yozadi.
Ammo mazkur talabalarni hali o`qishini tamomlamasdan turli xil bahonalar bilan SSSRga qaytarish boshlanadi. GPU (Gosudarstvennoe politicheskoe upravlenie) tashkiloti bu boradagi qirg`inni boshlab yubordi.
Vaholanki, ular Germaniyaga yo`l olganlarida deyarli ko`pchiligi go`dak edilar, jumladan, Buxorodan Germaniyada o`qish uchun yuborilgan 44 nafar o`quvchi va talabalarning 5 nafari 20-24 yosh oralig`ida, 9 nafari 17-19 yosh oralig`ida, 14 nafari 13-16 yoshlarda, 15 tasi 11-12 yoshda, 1 tasi 10 yoshda bo`lgan.
1956 yilga kelib xorijga o`qishga yuborilgan yuzlab yoshlardan yagona vakila – Maryam Sultonmurodova omon qolgan edi. Qolganlar cheksiz azob-uqubatlar, ta`qiblar, xo`rlanishlar bilan, turli bahonayu sabablar bilan otilgan, nafaqat o`zlari balki butun oilalari bilan parokandalikka uchragan edi.
Urush davrida sobiq ittifoq xalqining 30 millionga yaqini kirilib ketdi. Urushsiz, nohaq ayblar bilan 50 million kishini asossiz qatag`on qilingan.
1937-1938 yillarda Qizil armiyadagi marshallardan tortib oddiy askarlargacha umumiy 32 mingga yaqin kishi qatag`on qilingan. Minglab sovet, partiya, komsomol va xo`jalik xodimlari va harbiylar ism-shariflari keltirilgan, tayyorlangan va hukm e`lon qilingan 383 ta ro`yxat Stalin tasdig`iga beriladi. U xech ikkilanmasdan bu ro`yxat va hukmlarni tasdiqlaydi.
Firqa markazqo`mining 1985 yil (aprel) plenumi mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni tahlil qilib, bu erda sho`ro jamiyatini yangilash zarurligi borasida bir qarorga keldi va O`zbekistonga yuborilgan SSSR prokuraturasi xodimlari Gdlyan va Ivanovlar rahbarligidagi tergovchilar guruhi markazning qo`llab-quvvatlashi bilan «o`zbeklar ishi», «paxta ishi», «o`zbek mafiyasi» degan, millatning so`nggi qalbi uyg`oqlarini ham qirg`in qilgan tuhmatlarni o`ylab chiqardilar.
Mazkur qirg`indan maqsad, xalqni, O`zbekistonni nafaqat ittifoqda, balki butun dunyoda badnom qilish, jazolash va shu yo`l bilan boshqa ittifoqchi respublikalarni cho`chitib qo`yish edi. Afsuski, O`zbekistonning o`sha vaqtdagi rahbarlari buni ko`ra-bila turib nafaqat jim turganlar, balki qirg`inchilarga ko`maklashdilar, xalqni butunlay halokat yoqasiga olib keldilar.
Ular o`zbeklarni ko`zbo`yamachilikda, poraxo`rlikda, qo`shib yozishda, boqimandalikda ayblab, firqa va davlat rahbarlaridan tortib oddiy dehqonlargacha hibsga oldilar, faqatgina «paxta ishi» natijasida 25 mingga yaqin o`zbeklar qamaldi, qiynoqlarga solindi, sudsiz, tergovsiz kameralarda o`tirdi. Ular orasida keksalar, homilador ayollar, nogironlar bor edi. Odamlar allaqachon otib tashlangan ota-onalari, turmush o`rtoqlari, farzandlari haqida 10 yillab aniq ma`lumot ololmay, ular uchun qamoqxonalarga pul to`lab yurdilar. Yillar o`tib ular oqlanganida ham ularning qabrlari, so`nggi kunlari haqida bilmay, armonda yashab o`tdilar, yashamoqdalar.
Bir jonning vafoti, bittagina hayot rishtasining uzilishi nima degani? Bugun, kecha, 31 yildan buyon «sobiq tuzumni eslaganda «Eh!» deb ko`ksiga urib qo`yadigan, bu davlat tarqalishini «tarixiy xato» deb ataydigan, hamon qalbida eski tuzumga, bu tuzum izdoshlariga sadoqat saqlaydigan, o`sha maxsus «dasturlashtirilgan» ota-bobosidan eshitganlari asosida fikrlaydigan «vatanparvar»lar buni bilarmikan? Otasi, onasi, akasi dalada ishlab yurgan joyidan yoki xonasida yozib o`tirganida olib ketilib, itdek toshga tirab otib tashlangan, yillar davomida qamoqxonalar eshigiga ko`z tikib yaqinidan biror xabar kutib yashagan onasini armoni bilan birga qabrga qo`yganlarning dardini tushunarmikan? Mustaqillikning qadrini, qatag`on qurbonlarini xotirlashning ahamiyatini, bugungi kundagi kamchiliklar, muammolarni aytish, to`g`rilash uchun hech bo`lmaganda harakat qilishga undash qanchalar muhimligini anglaganlarga istiqlolning 31 yilligi muborak bo`lsin.