Qullik qo`shig`idan qachon voz kechamiz? Sovet O`zbekistoni madhiyasini eslatuvchi kuyni almashtirish vaqti kelmadimi?

30.08.2022 19:18

Balki, bizga andozasi qullik qo`shig`idan olingan madhiya, qullik mehnatini eslatuvchi gerb emas, tamomila yangi mustaqillik madhiyasi va gerbi kerakdir?

Rost24.uz sayti navbatdagi bahstalab mavzuni o`rtaga tashladi. Bizningcha, Mustaqil O`zbekiston Respublikasi madhiyasining SSR O`zbekistoni madhiyasi musiqalari bilan aynan o`xshashligi sababli yangilanishi zarur.

«Assalom, rus xalqi, buyuk og`amiz, Barhayot dohiymiz Lenin, jonajon, jonajon!» Har tongda mana shu qullik madhiyasi yangramay qo`yganiga shu kunlarda 31 yil bo`ladi. O`zbekistonda 1956 yildan to 1991 yilgacha radio va TV orqali orqali yangragan mana shu qo`shiq sadosi ostida tong otgan. O`sha vaqtlar sovet O`zbekistoni madhiyasini eshitmaslik uchun jonini berishga tayyor bo`lgan odamlar ham topilganligiga ishonamiz. Bu oddiy madhiya emas, qullik qo`shig`i edi. Turob To`la va Temur Fattoh qalamiga mansub madhiyaning «Rahnamo Lenindan xalqlar minnatdor!», «Serquyosh o`lkada ko`rmasdik ziyo, Daryolar bo`yida edik suvga zor, suvga zor» satrlarini bugun o`qigan kishining asablari taranglashadi, ko`z oldi qorong`ilashadi. Aslida sovet O`zbekistoni madhiyasi 1947 yilda qabul qilingan. Ammo, 1956 yilda Iosif Stalinning o`limidan so`ng uning nomi madhiya matnidan olib tashlab, «tuzatiladi». Mana O`zbekiston mustaqil bo`lganiga 31 yil ham to`ldi, Mustaqil davlatimizda esa hamon o`sha qullik musiqasi bilan juda o`xshash bo`lgan madhiya yangrab kelmoqda. Madhiya konstitusiyada belgilab berilgan Mustaqil O`zbekistonning ramziy belgilaridan biri. Ammo, uni tarixdagi qullik musiqasiga o`ta o`xshashligini inkor etib bo`lmaydi, afsuski. Shunday ekan, balki sovet O`zbekistoni madhiyasidan butkul boshqa milliy, ozodlik, hurlik ohanglari ufurgan musiqa tanlash vaqti kelgandir?

Dunyo miqyosidagi sport, san`at, ilm-fan, umuman barcha sohalardagi musobaqalarda davlatimiz ishtirok etarkan, xususan, g`oliblikni qo`lga kiritarkan, albatta madhiya musiqasi yangraydi, so`zlari emas. Milliy madhiyamiz esa aynan 75 yillik qullik qo`shig`ining o`zginasi.

Abdulla Oripovning qalamiga mansub yangi mustaqil O`zbekiston madhiyasidagi ayrim satrlar va jumlalar ham qullik qo`shig`iga hamohangdek. «Serquyosh o`lka», «Senga yor iqbol», «Tuprog`ing xazina, baxting bor jahon» kabi jumlalarga o`xshash so`zlarni mustaqil davlatimiz madhiyasida ham uchratish mumkin. Mutal Burhonov muallifligidagi musiqalarning o`xshashligiga esa ortiqcha tarif berishning hojati yo`q.

O`sha vaqtda deputatlar safida bo`lgan Oygul Mamatovaning dalolat qilishicha Abdulla Oripov she`ri va Mutal Burhonov musiqasi bilan birgalikda Mirpo`lat Mirzo she`ri va Rustam Abdullaev musiqasi so`nggi eshituvgacha etib kelgan. Mirpo`lat Mirzo va Rustam Abdullaevlar muallifligidagi madhiyada Amir Temur g`alaba marshi, milliylik ruhi bor edi. Ammo, o`shanda zalda o`tirganlarning ko`pchiligi bu musiqaning tarixiy ahamiyatini tushunishmagan. Abdulla Oripov va Mutal Burhonovning nufuzi ham ular yaratgan madhiya tanlanishiga ta`sir qilgan, deydi Oygul Mamatova. Oygul Mamatovaning aytishicha, avvaldan Mutal Burhonov va Abdulla Oripov muallifligidagi madhiya versiyasi yutib chiqishiga ishonch bo`lgan, go`yoki tepadan buyruq bo`lgandek.

Abdulla Oripovni yaqindan tanigan kishilarning ma`lum qilishicha, u gohida madhiya haqida gap ketsa, «E u mening she`rim emas, Mutal akaniki, u erda mening she`rimdan hech narsa qolmagan», deb hazil qilib qo`yarkan.

Sessiyada yana milliy cholg`u asboblari bilan kuylangan musiqaga e`tirozlar ham bo`lgan. Masalan, o`sha sessiyada qatnashgan yozuvchi Pirimqul Qodirov shunday degan edi:«Davlat madhiyasi qo`shiq kabi faqat milliy cholg`u asboblaridagina ijro etilsa, O`zbekiston hududidan tashqarida, masalan, Evropa yoki Osiyo mamlakatlarida uni ijro etadigan cholg`u asboblari topilmay qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, davlat madhiyalari barcha mamlakatlarda bor bo`lgan simfonik va duxovoy orkestrlarda xor ishtirokida ijro etiladi. Musiqa shu talablarga moslab yoziladi…. «Cho`li Iroq»ni, «Munojot»ni madhiya qilsak degan taklif tushdi. Lekin bu yaxshi ko`rgan, go`zal kuylarimizni boshqa mamlakatlarda ijro etib bo`lmasligini o`zlaringiz tasavvur eta olasizlar. Albatta, O`zbekiston Davlat madhiyasida milliy ruh, milliy jarang bo`lishi kerak. Davlat madhiyasi bizning xalqimizga xos jozibali, milliy ohanglarni boshqa davlat xalqlariga ham etkazib beradigan umuminsoniy saviyada yozilishi zarur». Madhiya tanlash jarayonidagi vaziyatni bugun tirik guvohlari turlicha talqin qiladi. Biroq, shunisi bizga aniqki sovet madhiyasi va mustaqil davlatimiz madhiyalari juda o`xshash.

Sovet O`zbekistoni gerbi va Mustaqil O`zbekiston Respublikasi gerbi o`rtasida ham o`xshashliklar talaygina. Ya`ni, gerb o`rtasidagi o`roq va bolta o`rnini Humo qushi egallagan. Sovetlar davrida odamlar paxta teruvchi qullar va dalalarni paxta etishtirish kolxoziga aylantirgan «paxta» belgisi ham shundayligicha saqlab qolingan.

Mustaqil O`zbekistonning muqaddas belgilari tubdan yangilanmagandek. Gerbimizda achchiq tarix ramzlari, madhiyada 70 yillik qullik tongining shabadalari esib turgandek. Nima uchun mustaqil O`zbekiston Respublikasining madhiyasi va gerbi eski andozaga qarab bichilgan?

Muhammad Yusuf qalamiga mansub «Vatanim» qo`shig`ini Sevara Nazarxon kuylaganda, beixtiyor ko`zingizdan yosh dumalaydi. Undagi satrlar yuragingiz tub-tubidagi vatanga bo`lgan mehrni uyg`otgandek bo`ladi. Balki, bizga andozasi qullik qo`shig`idan olingan madhiya emas, tamomila yangi mustaqillik madhiyasi kerakdir?

Rost24.uz sayti kuzatuvchilaridan Mustaqil O`zbekiston madhiyasi haqidagi fikr-mulohazalarini kutib qoladi. Shuningdek, tarixiy Mustaqil O`zbekiston madhiyasi qabul qilish jarayonida qatnashgan shaxslar bilan intervyular taqdim etib boramiz. Bizni kuzatib boring.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
21
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
02.09.2022 23:47
Мадҳия ҳар бир ватандошимизни руҳини кўтариши керак, уний куйлаш ва эшитиш руҳий тасалли бериши керак
02.09.2022 15:34
Ассалому алайкум, мусиқа ўхшаш эмас, айнан ўзи. Сўзлар эса мусиқа оҳангига мослаб ёзилган холос. Бу жуда тўғри фикр.
01.09.2022 15:45
Байрогимиздаги ой шаклини хам ой ботиш шаклидан ой юксалиш шаклига узгартириш керак. Символизмда бунга катта маъно берилади.
31.08.2022 21:21
RAHMAT SIZGA
31.08.2022 16:19
Энди А.Орипов, М. Бурхонов ижодлари екмай колибдида уларники ёкмай колган булса ёмон демасдан янгисини такдим килиб куймайсизми.
31.08.2022 11:58
Assalomu alaykum, ayni haq gaplar yozilgan. Ijodiy jamoaga katta rahmat. Bu mayda masala emas, dolzarb, muhim masaladir. Gerb va madhiya qatorida bayroqni ham almashtirish zaruriyat bo'lib turibdi. Bayroq masalasi bo'yicha boshqa sobiq ittifoqdosh respublikalardan ko'pchiligi to'g'ri yo'ldan ketishdi. Ular o'z milliy qahramonlariga, ajdodlari va tarixlariga hurmat sifatida, haqiqiy bayroqlarini qayta tiklab peshtoqqa qadashdi. Misol uchun Ukraina, Latviya va qardosh Ozarbayjon. Biz ham ajdodlarimizning istiqlol yo'lida qilgan buyuk xizmatlari, bergan qurbonlari va to'kkan qonlari haqqi va hurmatini joyiga keltirib, Turkiston muxtoriyatining bayrog'ini Davlat bayrog'i sifatida qabul qilishimiz darkor. Toki, ajdodlarimizning ushalmagan orzulari kech bo'lsada, to'liq ro'yobga chiqsin! Shubhasiz, hozirgi bayrog'imiz ham e'zozga munosib, almashtirilgan taqdirda ham ilk mustaqillik tug'i sifatida tarixda qoladi. Lekin, bayrog'imizda ba'zi tushunarsiz holatlar mavjud. Masalan, yulduzlar joylashuvi: Nega tepadan birinchi qatorda uchta, ikkinchi qatorda to'rtta va uchinchi qatorda beshta yulduz joylashgan. Kimdir tushuntirib bera oladimi? Bu birinchidan nomutanosiblik, ikkinchidan g'ayritabiiy, ma'nosiz va shu bilan birga noto'g'ri ko'rinadi. Undan tashqari, ramzlar, shu jumladan bayroq ham iloji boricha ko'p detalsiz, viqorli hamda esda qolarli bo'lishi muhimdir. Misol uchun, Turkiya, Norvegiya, Yaponiya, AQSh, Pokiston, Ukraina, Indoneziya kabi davlatlarning bayroqlari. Undan keyin yo'l-yo'l, trikolor bayroqlar, yana ham ko'rkam ko'rinishi uchun 1:2 emas, 2:3 o'lchamda bo'lishi maqsadga muvofiq. Nima bo'lganda ham shu mavzuni ko'tarib to'g'ri ish qilgansiz. Endi omma e'tiboriga ko'tarib chiqish va hukumat munosabatiga erishish darkor. Sizlarga kuch-g'ayrat va muvaffaqiyat tilayman!
31.08.2022 10:18
Gapirishga hojat yo'q. Birgina madhiya emas, butun davlat - o'sha sarqit sho'rolarni madh etib kelmoqda!