O`zbekiston sudyalari odob-axloq va manfaatlar to`qnashuvini oldini olish prinsiplariga amal qiladimi? Aksariyat rasmiy va norasmiy uchrashuvlarda, tadbirlarda Oliy sud va boshqa sud tizimi sudyalarini davlat amaldorlari bilan yonma-yon ko`ramiz. Sudyalar bizda amaldorlar bilan ko`pincha yaqin,aksar hollarda esa davlat idoralarida yillab ishlagan prokuror, ichki ishlar xodimlari ham sudyalik lavozimiga tayinlanaveradi.
Agar fuqaro va davlat xodimi sudda bir-biriga qarshi kurashsa, amaldor bilan yillab birga ishlagan sudya, davlat xodimi tarafida bo`lmasligiga kim kafolat beradi. Sudyalarning yirik amaldorlar bilan "osh-qatiq" bo`lishi, birgalikda turli marosimlarda ko`rinish berishi odatiy holdek bizni xavotirga solmaydi. Vaholanki, bu mayda ko`ringan holatlar sud tizimini mustaqil bo`lishida, amaldorlar emas, xalqqa aniqrog`i haqiqat tarafga ish ko`rishida xalaqit qilishi tabiiy.
Mana shunday vaziyatlarni oldini olish maqsadida Evropa va aksar demokratik davlatlarda sudyalar davlat amaldorlaridan uzoq yurishga intiladi. Hamda bu kasbiy etika me`yori sifatida belgilangan. Shuningdek, davlat idorasida ishlagan ichki ishlar xodimi to`g`ridan-to`g`ri hech qachon sudyalik lavozimiga tayinlanmaydi. U orada bir yillik karantin muddatini o`tab, universitetda dars berishi yoki davlat idorasi bo`lmagan joyda ish o`tashi lozim. Mazkur masala yuzasidan rost24.uz sayti muxbiri Sudyalar oliy kengashi rahbariyatidan munosabat so`radi.
Sudyalar oliy kengashi a`zosi Malikaxon Qalandarova ushbu masala yuzasidan fikr bildirar ekan bizda sudyalar karantini mavjud emasligini ta`kidladi.
«Sudlar to`g`risidagi qonunning 65-moddasida 35 yoshga to`lgan, oliy yuridik ma`lumotga ega va 7 yillik yuridik stajga ega bo`lgan har qanday O`zbekiston Respublikasi fuqarosi sudya sifatida tayinlanishi mumkin. Boshqa cheklovlar mavjud emas. Faqatgina 67-moddada ro`yxat keltirilgan unda aynan sudlanganlik yoki odil sudlovni amalga oshirishda to`sqinlik qiluvchi holatlar keltirilgan. Lekin, shaxsiyat bilan bog`liq yoki manfaatlar to`qnashuvi vujudga kelmasligi uchun sudyalikka tayinlanmaslikka oid norma belgilanmagan. Biroq, sudyalarni tayinlash va tayyorlash jarayoniga shu qadar e`tibor berilyaptiki so`nggi yillarda faqatgina sudyalar oliy maktabini tamomlagan shaxsgina sudyalikka tayinlanishi mumkin. Mana shu jihat oradagi karantin muddatiga to`g`ri keladi. Agarda manfaatlar to`qnashuvi bo`yicha muammo yuzaga keladigan bo`lsa, bizda raddiya berish instituti bor. Shu huquqdan foydalanib masala hal bo`laveradi», deydi Malikaxon Qalandarova.