Farg`onalik taniqli kulol, Rishton kulolchilik maktabiga o`ziga xos yangi yo`nalish olib kirgan usta-hunarmand, o`z qishlog`ida uy muzey tashkil etgan tadbirkor va eng muhimi vatanparvar fuqaro Tohirjon Haydarovni hikoya qilishga arziydigan xotiralari juda ko`p. Bugun u yasagan san`at asarlarini 95 foizining haridori xorijliklardir. Katta mablag`lar taklif etilgan bo`lsada sotilmagan sopol buyumlari kolleksiyasining o`zi alohida mavzu.
«Men dunyoga chiqmayman, dunyoni qishlog`imga olib kelaman»
Rishtonning Jaloer qishlog`ida tug`ilib o`sgan va bir necha marta katta-katta shaharlarda yashash imkoniyati tug`ilsada o`z qishlog`ini tashlab ketmagan Tohirjon Haydarov bilan vatanparvarlik, hunarmandlik, millatsevarlik mavzularida uzoq suhbat qurdik.
Suhbatdoshim bolaligi va nega qishlog`idan boshqa joyga ko`chib ketmaganligini shunday xotirladi:
- Men shu Jaloer qishlog`ida tug`ilib katta bo`ldim. Bolaligimda momom biz Jaloer urug`idanmiz, bu urug` o`zbekning 90 urug`ining eng kattasi, bizni hamma ming qo`yli Jaloer deb ataydi, deb menda o`z urug`imga, millatimga, qishlog`imga muhabbat uyg`otgan. Ota-onam oddiy kishilar bo`lgan. Meni asosan momom tarbiyalagan. U kishi juda so`zga usta, maqol-matallarni o`rni-o`rniga qo`yib gapiradigan ayol edilar. Bolaligimdanoq mehnatga oshno bo`ldim. Ota-onamga ko`maklashib dehqonchilik qildim. O`smirlik yillarim edi yarim qop sabzini orqalab Rishton markaziy bozoriga borib sotib kelardim. Bir kuni bir chol «Bolam, qaysi qishloqdansan deb so`rab qoldi. Men Jaloer qishlog`idanman desam, suhbatdoshim «U qishloq qaerda» deya yana savolga tutdi. Shunda birov ustimdan qaynoq suv quyib yuborgandek his qildim o`zimni. Chunki men qishlog`im nomini aytsam hamma qaerdaligini biladi, eng go`zal vataniqli qishloq bizning qishlog`imiz deb o`ylar ekanman. Uyga kelib momomga biz u kishini ena derdik. «Ena, nega bizning qishloqni rishtonliklar bilmaydi. Axir o`zingiz Jaloer eng katta urug`, bu erni hamma biladi derdingizku, dedim yig`lamsirab. Enam bu savolimga darrov javob bermadi. Yonida choynakda choy turgan ekan, bir piyola choy ichdida, menga qarab «Bolam, qishloq odamlarni tanitmaydi, shu qishloqda tug`ilib-o`sgan kishilar qishloqni tanitadi. Agar sen qaysidir sohada peshqadam bo`lsang, nimanidir juda zo`r eplay olsang, keyin bizning qishloq ham taniqli bo`ladi. Odamlar «Ha, u qishloqmi? O`sha qishloqdan falonchi Tohirjon chiqqan» deya tilga oladi, deb javob bergan edilar. Enamning shu gaplaridan keyin, «Men qishlog`imni butun dunyoga tanitaman, qishlog`imga dunyoni olib kelaman»deya niyat qilgandim. Mana o`sha niyatlarim xolis ekan, bugun men tashkil etgan bu muzeyga butun dunyodan sayyohlar kelib, tomosha qilib ketishyapti.
Tohirjon Haydarov 2000 yilgacha respublikadagi eng taniqli jurnal «Mushtum» bilan ijodiy hamkorlik qilgan. U 1970 yillardan boshlab jurnal uchun karikaturalar chiza boshlagan.
O`zim o`rta ma`lumot olganman xolos, - deydi Tohirjon aka suhbatni davom ettirib, - jurnalga xilma-xil mavzularda karikaturalar chiqib berardim. 1985 yillardan keyin paxta yakkahokimligi, SSSRning qulashi, Orol dengizining qurishi, o`sha paytdagi rahbarlarning amal kursisidan tushganidan so`ngi holati haqida o`nlab siyosiy karikaturalar chizganman.
Bir kuni jurnal bosh muharriri Ne`mat Aminov «Uka, hushyor bo`l, sening karikaturalaring sabab dushmanlaring ham ko`paydi. Endi iloji bo`lsa siyosiy karikaturalar chizmay tur» dedi. Shunda juda boshim qotib qoldi. «Endi nima qilaman, qanday qilsam ichimdagi ijodga bo`lgan ishtiyoqni so`ndiraman» deb o`ylay boshladim. Shunday kunlarning birida 1987 yil edi o`shanda bir yumush bilan O`zbekiston xalq ustasi Nabijon Qodirovning kulolchilik ustaxonasiga borib qoldim.
U erdagi sopol buyumlarni ko`zdan kechirar ekanman, menda ham kulolchilikda o`zimni sinab ko`rish istagi tug`ildi.
To`g`risini aytaman, 25-26 yoshimgacha garchi o`zim rishtonlik bo`lsamda, bir dona ham kulolchilik buyumi yasamagan edim. O`zimni karikaturachi rassom deb bilardim va umrimning oxirigacha faqat qog`ozga karikatura chizaman deb o`ylardim.
Nabijon Qodirovga kulolchilikka qiziqib qolganligimni, agar ustozlik qilishsa bu hunarni jon deb o`rganishimni aytdim. O`zim tayyorlagan sopol buyumlarga ignada turli shakllar chizib, she`rlar yozib, portretlar chizishni boshladim. Shu tariqa Rishton kulolchilik maktabiga yangi yo`nalish - sopolga ignada chizish yo`nalishini olib kirdim.
Tohirjon Haydarovning yutug`i nimada bo`ldi, degan savol tug`ilishi tabiiy. Birinchidan qahramonimizgacha Rishtonda hech bir kulol sopol buyumga ignada gul solmagan, turli shakllarni chiqarmagan va eng muhimi sopol buyumga portret ishlamagan edi. Tohirjon Haydarov turli hajmdagi laganlar, ko`zalarga igna yordamida she`rlar yozadi, turli shajaralarni muhrlaydi, miniatyuralar chizadi. Shu tariqa o`ziga xos sa`nat asari dunyoga keladi.
U o`z qishlog`ida kulolchilik majmuasini tashkil etgan. Mana shu uy-muzeyda ustaxona, ko`rgazmalar, kutubxona va mehmon uyi bor. Tohirjon akaning shoh asarlari mana shu ustaxonada yaraladi.
Bilamizki, dunyo yaralgandan to so`ngi payg`ambar Muhammad (S.A.V)gacha bir yuz yigirma to`rt mingta payg`ambar bo`lganligi aytiladi. Ammo ularning 25 nafari Qur`oni Karimda zikr etilgan. Men ana shu payg`ambarlarni bir laganga sig`dirganman. Hammasini igna bilan yozib chiqqanman, - deydi suhbatdoshim.
Uning uy muzeyini tomosha qilar ekansiz, hayratingiz oshaveradi. Oddiy bir chekka qishloqda ham san`at asarlari ko`rgazmasi bo`lishi mumkinmi, nega bu odam o`z ijodini poytaxtda yoki kattaroq boshqa shaharlarda davom ettirmaydi, bu kabi asarlarni yaratish uchun muallif nechta kitob o`qigan, qancha manbaga murojaat qilgan, qancha tarixchi-olimlar, mutaxassislar bilan maslahatlashgan ekana, deb o`ylayverasiz.
Ha, har bir yaratmoqchi bo`lgan asarim haqida avval ma`lumotlarni to`plab olaman. Masalan, shajaralar haqidagi asarlarimda o`zim tarixiy kitoblarni o`qib, bir necha marta tarixchi olimlar bilan suhbatlashib, maslahatlashib keyin bu ishga qo`l urganman. Yoki Navoiy asarlariga ishlagan miniatyuralarim dunyo yuzini ko`rguncha bir necha marta hazrat asarlarini o`qib chiqqanman. O`qib-o`rganmasangiz, izlanmasangiz to`g`ri ma`lumotlarni topa olmaysiz. Shuning uchun doimo izlanish, mutolaa, o`rganish shiorimdir.
Tohirjon Haydarovning o`ziga xos kolleksiyasi mavjud. Bu –O`zbekistonning eng taniqli olimlari, shoir va yozuvchilari, davlat arboblari, san`atkorlar tasviri tushirilgan laganlar. Masalan, Karim Bahriev chizilgan laganga uning ikki qator she`ri yozib qo`yilgan.
Men o`zim hurmat qilgan, ijodi bilan millatga, Vatan ravnaqiga katta hissa qo`shgan kishilar suratini karikatura qilib sopol laganga chizaman. Hozirgacha bu kabi laganlar soni yuzdan oshib ketdi. Ularni birortasini sotmaganman va chizilgan odam so`rasa ham bermaganman. Nimaga? Chunki bu kabi asarlar xalq mulki, tarix bo`lib qolishi kerak. Bizdan keyingi avlodlarga ham mana shu muzeyga kelib, tarixni ham o`rganib ketishi shart.
Ijodkor kulol Tohirjon Haydarovning uy muzeyida siz o`zbek, rus, ingliz, nemis tillarida yozilgan hikmatli so`zlar, she`rlar, buyuk kishilarning eng ibratli iboralarini o`qishingiz mumkin.
Sohibqiron Amir Temurning laganga yozilgan so`zlari ham e`tiborimizni tortdi:
«Agar odam qo`li bilan ishlasa u odam kosibdur. Agar odam qo`li va aqli bilan ishlasa u odam ustadir. Agar odam qo`li, aqli va yuragi bilan ishlasa demak u haqiqiy hunarmanddir.
Tohir kulol, Tohir sopol sifatida tanilgan qahramonimizning vatanparvar va millatparvarligi, o`z ishiga sadoqati har birimizga namuna bo`lsa arziydi.
Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.