Muhabbatni sog`inaman men tunda...

28.08.2022 07:19

90-yillar O`zbek essechiligi turkumidan

Tun... Atrofdagilar uxlayapti. Sen esa bedorsan, g`aflatda yotganlarga posbondaysan go`yo... Bedorliging nedan, nega mijja qoqmaysan? Axir kimdir birov posbonlikda turishi shart deyilgan-ku, kimdir bedor bo`lmog`i kerak!

F. KAFKA

Esse

I

Gohida odamda g`alati hissiyotlar paydo bo`ladi. Negadir qilayotgan ishlaringdan ko`ngling to`lmay, o`zingdan xafa bo`lib ketasan. Biror odamning vafot etganini eshitsanmag o`ng`aysizlanib qolasan, o`zingni qandaydir takabburlik qilib tirik yurganday his etasan. Azaga borib qolguday bo`lsang go`yo hamma seni qo`li bilan nuqib ko`rsatayotgandek, “tirik qolib nima ish bitirasan”, deyayotgandek tuyuladi. Haqiqatan ham sen tirikligingda nima ish bitirasan, tirik yurib siqilayotigan odam?! Seningcha tiriklik – tirikchilikmi yoki sen ham Chililik musavvirga o`xshab o`lmay turib o`zingni daho deya sazoyi qilshga bel bog`ladingmi?.. To`g`ri seni ham tushunish kerak, axir, bu dunyoda hech kim mangu emas! “Xotirang dillarda mangu jaranglaydi”, degan ibora yolg`on...

...Buni qaysidir odam joni uzilayotgan yaqiniga rahmi kelib, uni o`ksitmaslik uchun aytgan – osilib kelayotgan jag`ini bu yumshoq yolg`on bilan tang`ib qo`ygandir. Qaydam... axir, hisoblab ko`r, odamzod paydo bo`lgunicha necha yuz asrlar o`tdi. Shundan qolgan bo`lsa mingta, nari borsa yuz mingtacha odam bolasi “yashab” qoldi. Qolganlari izsiz, nom-nishonsiz ketdi-ku. Sen bo`lsang “biror-bir buyuk ish qilolmagach, hech bo`lmasa tarixiy shaxs taqdiriga taqdirim esh ham bo`lmagan ekan-da”, deya umidsizlanasan, Kleopatra Antonioga xotin bo`lmaganda undan tarixda nom-nishon qolmasdi, deb o`chakishasan.  Sen qayoqdan bilasan, balki, Antonio atrofidagi shon-shuhrat, uning shaxsidagi abadiylikni Kleopatra tuqqandir…

O`ylaymanki, tashqi turtki birlamchi emas. Aqlimiz etmaydigan nedir bor bu erda. Lekin nima u?..Bu tasodifning oti nima... Nimadir qilish kerak. Nimadir... Lekin nima?.. Balki o`lmas asarlar yaratish, nodir musiqa ijod etish, balki bo`yinga to`rva ilib, olis tog` cho`qqilari tomon ketmoq kerakdir. Har holda shu-da yaxshi. Yo`qsa ne ma`no bor ivirsib... kun ko`rishdan. Darvoqe, kun o`tadi.  Kunlar o`taveradi ajinlar solib. Har bitta ajin bitta sirtmoq, bir kuni yiqitadi u... Har qanday odam “men o`limdan qo`rqmayman”, deb kekkayishi mumkin. Bunga uning haqqi bor. Lekin u yolg`iz qolganda kuzating, o`kirib yuboray deydi. O`kirmaslik ahmoqlikning belgisidir. “Xudolar Sizifni mangu uqubatga mahkum etgan edilar”, deb yozadi Kamyu. Ya`ni Sizif baland tepalikka ulkan xarsang toshni dumalatib chiqish mas`uliyatini olgan edi. U qanchalik urinmasin zo`rg`a obchiqqan toshi o`z og`irligi bilan yana pastga dumalaydi. U yana olib chiqadi, yana dumalaydi. Yana... yana... yana... Siz Sizifning minginchi urinishidan keyingi holatini tasavvur eta olasizmi? Tosh bo`p ketgan tana, toshga qapishib qolgan tund chehra, tanadan duvillab oqayotgan ter va chaqnab turgan ko`zdagi ishonch shu`lasi... Mangulikka intilish Sizifning besamar urinishlariga o`xshaydi. Lekin baribir ivirsib yurish yomon. Sen fikrlaysan. Chalqancha yotib cheksiz samoga ko`z tikib xo`rsinasan. Lekin Nyutonga o`xshab cheksiz koinotda o`zingning kichik bir zarrachaday ekanligingni sezsangda o`zingdan nafratlanmaysan. Sen Nyutondan nafratlanasan, negaki, Nyuton buyuk zot. Uning butun insonlar dasturilamal qiladigan qonunlari bor. Sen esa hech kim emassan...

Qolaversa. Bu dunyoi azimda tasodifning o`zi yo`q....

Umidsizlik odamni johil qilmaydi, balki tarbiyalaydi. Umidsizlik — sodir bo`lish mumkin bo`lgan barcha fojialarga qarshi “badantarbiya”dir. Chunki umid – noqobillik belgisi. Ya`ni ta`madir... G`alati ta`ma. Gohida odam hech kimda yo`q bo`lgan xislatlarni o`zida mujassamlashtirishni istaydi va shu qadar tentaklarcha tirishadiki... Buyuklik yaratilmaydi, u Allohning ne`matidir. Dunyodagi eng buyuk ishonch – yaratganning yagonaligi va qudratining bemislligiga bo`lgan ishonchdir...

II

... Qisman qiyin holatlar kechadi hayotda, hatto u kulgili ham tuyuladi ba`zan. Lekin kulmaysan. Yolg`iz o`tirib kulish, yana o`z tuyg`ularingdan, g`alati... qo`rqasan. Kulib yuborsang qah-qahang beton devorlarga urilib, ustingga yopiriladi. Shularni o`ylab suyaklaring qisirlab ketadi... O`zingni tiyasan. Lab-lunjingni yig`ishtirib, xomush, kitobga termulasan. Qo`qqisdan “Muhabbat mayda narsa”, degan o`y xayolingga keladi. Yaxshisi unga yaqinlashmagan ma`qul, deb o`ylaysan o`zingcha. Lekin yuragingda munis bir sog`inch paydo bo`ladi. Senga bo`ysunmagan dahriy bir sog`inch. Uning boshiga ursang yuqoriga sapchiydi. Sen esa uni istamaysan. Hatto xohlamaysan ham. U bo`lsa dushman ayg`oqchisiga o`xshab pusib kelaveradi. Sim to`rlarni qirqib o`tib tobora, tobora yaqinlashadi. “U o`lgan, endi yo`q u. Sen nega kelyapsan”, deysan yuraging to`lib. U bo`lsa indamaydi. Sudralib kelaveradi. Tili yo`q uning, gapirolmaydi u... Odam sog`inayotganda fikr o`ladi, deyish tabiiy emas. O`sha payt hech bo`lmaganda uning qarshisida siymo turadi. U siymoni o`qiy boshlaydi. Sog`ina boshlaydi... Sog`inch – eng ulug` fikrdir. Hatto u g`oya ham bo`lishi mumkin. Shaklsiz, aytib va ifoda qilib bo`lmaydigan g`oya...

III

Uni yaxshi ko`rib qolganimda necha yoshlarda edim, eslay olmayman. Buning nima ahamiyati bor... Uzun-uzun kipriklarini pirpiratib turardi. Keyin birga aylanardik. Bog`larni... iztirob chekardi bechora. U farishta emas edi, qanotlari yo`q edi uning. Himoyasiz, odamning rahmini keltiradigan darajada dilozor edi u. Men qayoqdan bilay... Endi butun umr azoblansam kerak, deb o`ylayman. Odam jur`atli bo`lishi kerak ekan, deyman endi-endi. O`sha mahallar bunga fahmim etmaganmi, mangu yashayman deb o`ylamaganmanmi, harqalay aytmaganman. Aytilishi lozim bo`lgan gapni cho`zib kelganman. Yanglishmasam ataylab shunday qilganman. U davrlar bodom gullariga havasmand edim.

Nurotada bodom hamalda gulga kiradi. Hamma yoq oppoq bo`lib gulga burkanadi. Shunday paytda bir umr tog`larda qolib ketging keladi. Shularga mahliyo bo`lib hammasini unutish ko`p ko`rguliklar keltirdi. Xususan, u juda erta o`lib ketdi. Aytmasdan. Uyalib, qimtinib o`lib ketdi. Uning munis iztiroblari bilan yashash qanchalik og`ir va yoqimli.. U hamma narsadan qochib ketdi. Shon-shavkatdan, baxtdan, g`azabdan, muhabbatdan. Darvoqe, u go`zal o`lim topdi. U menday o`z umrini turmushning shamoliga sovurmadi. Ikir-chikirlarga o`ralashmadi va sof hayot kechirdi. Men uni qattiq sevaman, faxrlanaman va zimdan uyalaman...  A. Kamyu: “...Bunday hayot yashashga arzimaydi”, deb yozadi. Lekin qanday hayot munosib. Odamlar qanday hayot bilan o`z umrlarini gulchambarga burkaydilar. Bir umr mol-dunyo ketidan quvib, harom-harish yo`llar bilan farog`at tuyib, qorin to`ydirib, kekirish arziydimi yashashga. Buni qanday tushunmoq kerak? Aqlning ahamiyati qanday bu erda? Yashashga arziydigan hayot qurishni aql-idroq uddalay oladimi?! “Aql-idrok hech qachon ezgulik bilan yovuzlikni aniqlab berishga, loaqal unisini bunisidan taxminan farqlab berishga ham qodir bo`lmagan; aksincha, doimo har ikki tushunchani sharmandalarcha bo`tqaga aylantirgan. Bu borada chala fan juda qovun tushirgan. Chala fan insoniyat uchun o`latdan, ochlik va urushdan-da xavfli kushanda”, degan edi Dostoevskiy.

Unda aqlli bo`lishga tirishmoq nega? Bu bachkanalik Sizifning ibratomuz halokatini eslatmaydimi sizga? Qo`lingizni soyabon qilib qarang, qancha sizifchilar tepalikka xarsang dumalatish bilan ovora. Hey, desangiz ham, hoy, desangiz ham eshitmaydi. Yashash shu deb o`ylaydi, hayot achchiq bo`lsa-da maroqli, deb fikrlaydi. Atrof bilan ishi yo`q. Mushaklari yaltirab tirishgani, tirishgan. Million yil bo`ldi bunga, yuz million yil bo`ldi bunga, tirishgani tirishgan...

IV

...Kechasi hamma narsa yaxshi ko`rinadi. Aniq – burningning ustida turgandek. Yaxshilab tikilsang yonginangdan o`rmalab o`tayotgan chumolining ko`zini ham ko`rishing mumkin. Keyin, tunda odam bir qadar shaxsiylashadi. Kun bo`yi tanasiga yopishgan shovqinu tashvishni, turqidagi notabiiylikni, tilidagi “oltin” qoplamani kiyimiga qo`shib echib tashlaydi. Shunday pallada men ham doim olis bolaligimga qarab ketaman. Men u bilan erinmay suhbatlashaman. Hatto turli o`yinlar o`ynayman. Shu payt telefon jiringlaydi. Hayolim bo`linadi. Qo`ng`iroq telefonga chorlaydi. Mening esa yuragim betlamaydi. Chunki, go`shakni mening ko`ylagim yoki shimim, nari borsa galstugim ko`tarib turgan bo`ladi... Shuning uchun men tunni sog`inaman. Qani edi borliq, tunday sehrli bo`lsa deb, orzu qilaman. Shunday evrilish kutaman. Sevgilim bilan sokin gulzor qo`ynida samimiy suhbatlashish lazzatini orzu qilaman. Hech narsa – urf-udum, odat, tamoyil va bir-biriga o`xshagan kunlar nuqsi urmagan muhabbatni sog`inaman men tunda... 

O`rol SODIQ.

1993 yil. “O`zAs”

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
13
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.08.2022 13:54
Одамга хос фикрлар.Тириклик ва мангулик не деган саволга маълум Бир маънода жавоб изланган . Баракалло, биродар.