AOKAda o`tkazilgan brifingda «Xalq banki» AT axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova xotin-qizlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma`lumot berdi.
2021 yilda qanday loyihalar amalga oshirilgan?
«Ayollar daftari» loyihasi doirasida mamlakatimiz xotin-qizlarining biznes sohasidagi loyihalarini qo`llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun tijorat banklari tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o`qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga kredit olishda amaliy yordam ko`rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Bu borada Xalq banki tajribasi namuna sifatida ko`rsatilgani ayniqsa quvonarli.
2021 yilda Xalq banki, mahalliy hokimliklar hamda mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining joylardagi vakillari bilan birgalikda, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan ayollar bilan individual yondashgan holda tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2021 yilda Xalq banki tomonidan hududlarning o`ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, namunaviy va ayollar tadbirkorligiga xos bo`lgan yo`nalishlarni e`tiborga olgan holda 178 xil yo`nalishdagi namunaviy “Biznes reja” loyihalari ishlab chiqildi va o`rgatildi.
Hududlar ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda, xotin-qizlarning loyihalarini shakllantirishga va ularning o`zlaridagi mavjud biznes g`oyalarini amalga oshirishga ko`maklashildi.
“Ayollar daftari«ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagida bo`lgan xotin-qizlarning xonadoniga birma-bir tashrif buyurildi va o`rganildi.
O`rganish natijalariga ko`ra, xotin-qizlarni 4 ta toifaga ajratib, har bir toifadagi ayollar bilan individual yondashgan holda ish olib borildi.
Jumladan,
Birinchi toifa - Tadbirkorlik tushunchasi bor ayollar.
Ikkinchi toifa - Tadbirkorlik qilish istagidagi, yo`nalish tanlashga qiynalgan ayollar;
Uchinchi toifa - Ayrim sohadagi ko`nikmasi bor va qobiliyatli ayollar;
To`rtinchi toifa - Tadbirkorlik qilish istagi yo`q, ish joyiga talabi bor bo`lgan ayollar.
Shu bilan birga, samarali ishlab kelayotgan tadbirkor ayollarni ish tajribasidan foydalanishga va xotin-qizlarni yashash manziliga yaqin joyda bandligini ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratildi.
2021 yilda «Ayollar daftari» ikki bosqichda tashkil etilib
1-bosqichda 433 minga yaqin xotin-qizlar kiritilgan bo`lib, shundan 70 minga yaqini tadbirkorlik qilish istagini bildirgan. 49 mingdan ziyod xotin-qizlar o`qitilib sertifikatlar bilan ta`minlangan.
Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 70 mingga yaqin xotin-qizlarning 90 foiziga 840 mlrd so`mga yaqin kredit mablag`lari ajratildi va qolgan 10 foiz xotin-qizlar imtiyozli kredit mablag`lari asosida ish o`rni yaratgan tadbirkorlik sub`ektlariga ishga joylashtirilib, bandligi ta`minlandi.
“Ayollar daftari«ning 2-bosqichiga jami 450 mingdan ortiq
xotin-qizlar kiritilgan bo`lib, shundan 30 mingga yaqin xotin-qizlar tadbirkorlik qilish istagini bildirgan.
Shu bilan birga, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 24 mingdan ortiq xotin-qizlar o`qitilib sertifikatlar bilan ta`minlandi hamda kasbga doir ko`nikmasi mavjudligi sababli o`qitish talab etilmagan
4 yarim mingga yaqin xotin-qizlarga imtiyozli kredit mablag`lari ajratilib, o`z tadbirkorliklarini yo`lga qo`yishga ko`maklashildi.
Ayollar daftarining ikki bosqichida xotin qizlarga jami qariyb 1 trln 200 mlrd so`mli imtiyozli kreditlar ajratildi hamda 97 ming nafarga yaqin oilalar doimiy daromad manbaiga ega bo`ldi deyish mumkin.
Joriy yilgi loyihalar natijasida
2022 yilda ham, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta`minlash maqsadida tijorat banklari hamda Xalq banki zimmasiga xotin-qizlarning loyihalarini moliyalashtirish vazifalari yuklatilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida xotin-qizlarni kasb-hunarga tayyorlash bo`yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
2022 yilda eng avvalo, ishni bank tizimidagi rahbar ayollarni o`qitish va malakasini oshirishdan boshladik.
Xususan, joriy yil mart oyida Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda Xalq banki tizimidagi rahbar ayollarga “Ayol - rahbar lavozimida” mavzusida trening tashkil etildi.
2022 yil may oyida Xalq banki, Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo Sanoat palatasi va Hunarmand uyushmasi o`rtasida “Memorandum” imzolandi.
Ushbu “Memorandum«ni imzolashdan ko`zlangan maqsad - ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o`qitish, bandligini ta`minlash, tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatiga jalb etishdan iborat.
«Ayollar daftari»ning 3-bosqichiga start berilib, bu bosqichda 46 mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlik qilish istagini bildirdi. Xalq banki tomonidan 19 mingdan ziyod kredit ajratish rejalashtirildi.
Bugungi kunda, Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi tomonidan 100 mlrd so`m ajratildi. Shundan, Xalq banki tomonidan 10 700 ga yaqin xotin-qizga 122 mlrd so`m kreditlar ajratib berildi.
Kooperasiya usuli xotin-qizlar bandligini ta`minlashga xizmat qilmoqda
Bank tomonidan kooperasiya usulida xotin-qizlarning bandligini ta`minlash bo`yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
5214-sonli Prezident Qaroriga asosan “mahallabay” ishlash tizimi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo`lgan mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo`llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub`ektlari va xonadonlar o`rtasida iqtisodiy kooperasiyani kengaytirish ko`zda tutilgan.
Bank tomonidan 40 nafar lider tadbirkorlarga 41 mlrd so`mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi.
Natijada, lider tadbirkorlar tomonidan kooperasiya usulida 2668 nafar aholini ish bilan bandligi ta`minlandi.
Reklama huquqi asosida