Hududlarda bolalar o`yinchoq emas, tosh o`ynab katta bo`lishayapti. 9 326 ta mahalla fuqarolar yig`inlarining 4 232 tasida esa davlat bog`chalari mavjud emas.
«Maktabgacha ta`lim vazirligi qarori bilan korrupsion holatlar aniqlanib ishdan ozod etilgan xodim, bir qancha muddatdan keyin sud qarori bilan yana qayta ishga tiklanmoqda. Bu bizdagi og`riqli holatlardan biri», deydi maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo`jaeva.
Milliy matbuot markazida maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot anjumani o`tkazdi. Unda jurnalistlar tizimdagi kamchilik va muammolar yuzasidan savollar bilan vazirlik rahbariyatini so`roqqa tutdi. Ko`pchilik uchun qiziq bo`lgan masalalardan biri, vazirlik va vazirlikning quyi tizimlarida korrupsion holat bilan ishdan bo`shatilayotgan xodimlarning yana o`z ish joylariga qayta tiklanishlari muammosi bo`ldi. So`nggi kunlarda mazkur vazirlikdagi korrupsion holatlar bo`yicha Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi axborot bergan edi. Unda aksariyat korrupsiyaga oid jinoyatlar Sog`liqni saqlash, Xalq ta`limi, Maktabgacha ta`lim tizimida kuzatilayotgani aytilgan.
Maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo`jaeva ushbu masalaga to`xtalar ekan, korrupsion holatlar bilan ishdan olingan xodim sudning qarori bilan yana tizimga qaytayotganini ta`kidladi. Sudning qarori ustunroq, deydi u.
Shuningdek, matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan Respublikaning chekka, tog`li hududlarida qo`g`irchoq ko`rmay tosh o`ynab katta bo`layotgan bolalar borligi tanqid ostiga olindi.
Vazirlik taqdim etgan statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozirda mavjud 9 326 ta mahalla fuqarolar yig`inlarining 4 232 tasida davlat bog`chalari mavjud emas. Eng ko`p bog`chasiz mahallalar Toshkent viloyatiga to`g`ri kelmoqda. Toshkent viloyatida 1020 ta mahalla bo`lib ularning 300 tasida umuman bog`cha mavjud emas, 587 ta mahallada faqatgina xususiy bog`chalar ishlab kelmoqda.
Maktabgacha ta`lim muassasalaridagi xodimlar maoshi kamligi masalasi ham yig`ilish kun tartibidagi mavzu bo`ldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunga kelib, 3-5 yoshli bolalar guruhlarida ishlovchi tarbiyachining oylik ish haqi o`rta maxsus bo`lganda – 1 506 229 so`m, oliy ma`lumotli bo`lganda – 1 631 200 so`m, ikkinchi malaka toifali bo`lganda – 1 764 116 so`m, birinchi malaka toifali bo`lganda – 1 902 593 so`m va oliy malaka toifali bo`lganda 2 046 822 so`mni tashkil etmoqda;
Tayyorgarlik guruhi (5-7 yoshli bolalar guruhi) tarbiyachisining oylik ish haqi oliy ma`lumotli bo`lganda – 2 341 247 so`m, ikkinchi malaka toifali bo`lganda – 2 507 193 so`m, birinchi malaka toifali bo`lganda – 2 677 369 so`m va oliy malaka toifali bo`lganda – 2 840 329 so`mni tashkil etmoqda.
Mavluda Asqarxo`jaeva bog`cha xodimlari maoshini oshirish birgina MTM vazirligi bilan bog`liq emasligini iddao qilmoqda. Ammo, mazkur vazirlik nizomida maktabgacha ta`lim tashkilotlari xodimlarini moddiy rag`batlantirish tizimini yaratish vazifasi ham keltirilgan.