Jadidlar xotirasini saqlash borasida qilingan murojaatlar nega inobatga olinmagan?
Fayzullo Xo`jaevning hovlisidan bugun tijorat maqsadida foydalanilayotgani, uning avlodi bundan norozi ekanligi haqida avvalgi maqolada yozilgan edi. Navbatdagi materialda u kimga murojaat etgani va nega Fayzulla Xo`jaev nomi olib tashlangani, shuningdek, qanday asosga ko`ra jadidlar merosi tadbirkorlarga o`tgani hususida to`xtalib o`tilgan.
Ikkinchi maqola
Yaqinda jadidlar haqida kitob chop etildi, shu asnoda yana jadidchilik harakatiga qiziqish uyg`ondi, jadidizm haqida nutqlar quloqqa chalinmoqda. Bularku yaxshi, ammo... «Tanganing ikkinchi tomoni»ni ko`rmay qolyapmiz: jadid darg`alariga tegishli manzilgohlar ahvolidan xabardormizmi?
PULLANGAN XOTIRA
Dunyoda hamisha jadidchilikka qiziqish kuchli. Chunonchi, Turkiston tarixiga qiziqqan borki, albatta, Buxorodagi jadidlar manzilgohlarini ham surishtiradi. Chunki Buxoroda tug`ilib o`sgan Fayzullo Xo`jaev, Usmon Xo`ja, Abdurauf Fitrat, Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Otaulla Xo`jaev va boshqa ko`plab darg`alarning faoliyati haqidagi izlanishlar O`zbekistondan ko`ra, chet mamlakatlarda chuqurroq o`rganilgan.
Afsuski, jadidchilik ildizlari bilan tanishish uchun Buxoroga kelganlar (ayniqsa, xorijliklar) bir narsadan hayratga tushishadi, sababi O`zbekistonda jadidlarning manzilgohlari sotilgan yo o`zgartirilgan. Shu bois ular bu o`lkaning o`z tarixiga bo`lgan munosabatiga hayrat va achinish bilan kifoyalanadi, xolos...
YuLINGAN NOM
Buxoro. «G`oziyon» mahallasi. Bu erda 500 yil orqaga ketgan millatni uyg`otish uchun kurashgan va 3 marta o`limga hukm etilgan Fayzullo Xo`jaevning hovlisi bor. Mazkur uy hamisha Evropa mamlakatlarida muhim tarixiy ob`ekt sifatida qiziqish uyg`otadi. Ammo davlat arbobi, siyosatdon, otasidan qolgan mablag`ni jadid maktablari ochishga, yosh buxoroliklar faoliyatini moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlashga chaqirgan Fayzullo Xo`jaevning hovlisidan bugun tijorat maqsadida foydalaniladi. Umumiy maydoni 4 gektar bo`lgan hovlining katta qismi tadbirkorlarga foydalanish uchun sotilgan. Bugungi kunda hovlining ayollar yashaydigan ichkari va tashqi qismidan esa juda kichik joyning asl holati saqlangan. Biroq bugun xonadondan Fayzullo Xo`jaev nomi «yulib» tashlanib, unga «Buxorolik boy savdogarning uyi» nomi yopishtirilganini ko`rish mumkin. Ya`ni 2017 yil 11 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «2017-2027 yillarda qayta tashkil etiladigan davlat muzeylari to`g`risida»gi 975-sonli qarorida Buxoro davlat badiiy-me`moriy muzey- qo`riqxonasining «Fayzullo Xo`jaev uy-muzeyi» «Boy savdogar xonadoni uy-muzeyi» nomi bilan qayta tashkil etildi. Tarixchi olimlar: Sulaymon Inoyatov, Shodmon Hayitov, Oybek Rashidov va Dilnoza Jamolovalar Buxoro shahar hokimiyatiga qayta-qayta muzey nomi masalasida murojaat qilgan. Ularning muzeyga Fayzullo Xo`jaev nomi qaytarilishini so`rab qilgan murojaatlari afsuski, bugungacha inobatga olingani yo`q.
NAVBATDAGI ShARMANDALIK HIKOYaSI...
O`zbek jadidchilik harakati etakchisi, Turkiston milliy ozodlik harakati a`zosi Usmon Xo`janing hayoti Turkiston tarixidagi qimmatli manba. Uning Buxorodagi jadid maktabini ochgan katta tarixiy hovlisi saqlanib qolgani, mustamlakadan mustaqillikka omon chiqqani mo``jiza. Ammo buni qarangki, bu hashamatli tarixiy hovli Buxoro viloyati hokimligi tomonidan samarqandlik tadbirkorga pullangan. Bugun tadbirkor uyni etno-mehmonxonaga aylantirib, «soqqa» qilmoqda.
Mana shu hovlida Usmon Xo`ja birinchilardan bo`lib, Turkiyada ta`lim olib qaytgach, Buxoroning yangi usuldagi maktabini ochgan va stol, stul, globus, xaritalar bilan maktabni bezab, ilm toliblarni o`qitgan. Hattoki bepul ta`lim berilgan. Gavkushon guzarining bugungi Xo`ja Gulrez ko`chasida joylashgan 13-raqamli bu hovli davlat ixtiyoriga olingach, turli idoralar joylashgan. Uzoq yillar hovli Buxoro viloyat prokuraturasi, viloyat sudining idorasi bo`lgan.
Shuningdek, boshqa qator tashkilotlar faoliyat ko`rsatgan. Uning tag-xona (podval)larida sudlanuvchi-jinoyatchilar saqlangan. Keyinchalik hovli shahar kommunal xo`jaligi ixtiyoriga berilib, bir necha qismga bo`lib sotib yuboriladi. Oradan 150 yildan oshiq vaqt o`tgan bo`lsada, hovli bugun asl holatini yo`qotgani yo`q. O`sha davrdagi darvoza, ayvon, naqshinkor xonalarni ko`rib, ajdodlar mehnati, bunyodkorligiga qoyil qolasiz. Buxoroning eng markazida joylashgan va tarixiy ahamiyatini yo`qotmagan hovli ishbilarmonlar e`tiboridan chetda qolmadi. Samarqandlik tadbirkor tomonidan davlatdan sotib olingan hovli ayni kunda qimmatbaho mehmonxona vazifasini bajaryapti.
VA`DA
AQSh davlat Michigan universiteti professori, Usmon Xo`janing o`g`li –Temur Xo`ja 2019 yilning iyun va dekabr oylarida Buxoroda bo`lgan va hovlida Buxoro jadidlari muzeyini ochishni taklif qilgan. U bu fikrni O`zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining o`rinbosari Sodiq Safoev huzuriga kirib, aytgan. Sodiq Safoev ham bu g`oyani qo`llab-quvvatladi. Shuningdek, Temur Xo`ja o`g`li Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er huzuriga kirib, shu g`oya xususida maslahatlashadi va uning roziligini oladi. O`shanda agar bu g`oya amalga oshib, Usmon Xo`ja hovlisida Buxoro jadidlari muzeyi ochilsa, minglab jadidlarning tabarruk nomi aniqlanib, ularning ruhi shod bo`lishi haqida gapiriladi. Biroq, bu voqeadan 3 yil o`tgan bo`lsada, na Sodiq Safoev va na boshqa hukumat a`zolari uyni tadbirkordan sotib olish to`g`risida bosh qotirib ko`rganicha yo`q.
JADID, RAHBAR, DIPLOMAT: USMON XO`JA KIM EDI?
Usmon Xo`ja 1878 yil Buxorodagi boy savdogar oilasida dunëga kelgan. 1908 yildan 1912 yilgacha Usmonli imperiyasi poytaxti Istanbuldagi universitetda o`qiydi. Qrimga borib, jadidchilik otasi Ismoil G`aspirali bilan uchrashadi. Buxoroda jadid maktablari ochish uchun u Istanbulda fond tashkil qildi. 1913 yilda Buxoroga qaytdi va “Ësh buxoroliklar» jadid tashkiloti asoschilaridan biri bo`ldi.
1918 yilda Buxoro amirini ag`darishga urinish muvaffaqiyatsiz bo`lgani bois Usmon Xo`ja Toshkentga qochgan. Toshkentda u so`l eserlar (sosialist revolyusionerlar) bilan hamkorlik qildi. 1920 yilda amir ag`darilib, Buxoroda respublika tuzilganida¸ Usmon Xo`ja Moliya vaziri¸ ko`p o`tmay Davlat nazorati vaziri bo`ldi.
1921 yil Buxoro respublikasining ikkinchi qurultoyida Usmon Xo`ja prezident qilib saylandi. U Buxoro respublikasi mustaqilligini ta`minlash uchun sovet Rossiyasidan uzoqda bo`lishi zarurligini o`z siësatining ildizi sifatida tanlaydi.
Biroq uning rus bosqiniga qarshi kurashgan guruhi mag`lubiyatga yuz tutgach, u sovet ta`qibidan qochib, Afg`onistonga, Afg`oniston orqali Turkiyaga o`tishga majbur bo`ladi. Kelgusi umrini Turkiyada o`tkazgan Usmon Xo`ja Turkiston ozodligi uchun keyingi kurashni mafkura maydoniga ko`chiradi va Turkiyada ozodlik chaqirig`iga da`vat qilgan «Yangi Turkiston» jurnaliga asos soladi. Bundan g`azablangan Sovet hukumati Turkiyaga bosim o`tkazib, Usmon Xo`jani topshirishni talab qilgan. Uning boshi evaziga katta pullar va`da qilingan. Ammo Turkiya Respublikasi birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning himoyasida bo`lgan Usmon Xo`janing xavfsizligi ta`minlandi, Usmon Xo`ja ruslar qo`liga topshirilmadi.
U Afg`oniston, Varshava, Tehron va Turkiyada diplomatiya va razvedka sohasi bo`yicha turli lavozimlarda ishladi. Uning Britaniya hukumati bilan yaqin aloqada bo`lgani aytiladi. Umrining so`nggi yillarida Usmon Xo`ja Turkiyaning Anqara shahrida o`zi tashkil etgan «Turk madaniyatini tadqiq qilish instituti “ (Türk Kültürünü Araştırma Enstitüsü)ni boshqardi. U 1968 yilning 28 iyulida 90 ëshida Istanbulda olamdan o`tdi. Uning dafn marosimi harbiylarga xos hurmat -ehtirom bilan o`tkazilgan. Usmon Xo`janing mozori Istanbulning «Uskudar» mahallasidagi «O`zbeklar takyasi»da joylashgan. Buxorodagi jadid maktabi ochgan hovlisi esa yuqorida anglaganingizday allaqachon «soqqa»ga aylantirilgan. Mazkur xonadon bilan tanishish uchun mo`maygina pul to`lamasangiz, uni ko`ra olmaysiz. Usmon Xo`janing o`g`li Temur Xo`ja 4 yil avval ota uyida bir kecha tunash uchun 25 dollar to`lagani haqida gapiradi.
Bugun jadidlarni kitobga kiritganmiz, deb sevinmoqdamiz. Lekin, tarixiy shaxs kitobga kirgani bilan xalq qalbiga kirib qolmaydi. Toki, millatga chiroq tutganlarning nomini abadiylashtirish, ularning manzilgohlarini tiklash yo`lida qadam tashlanmas ekan, ular omma tafakkuridan o`rin olishiga umid bog`lash qiyin.
Maftuna Karimova