O`zbekistonda ta`lim butkul izdan chiqmoqdami? Aksariyat abiturientlar 2 bahoga ham loyiq topilmadi
Xalq ta`limi vazirligining 11 yillik ta`limi mevasi, natijasi - 550 ming nafar abiturient DTM imtihonlarida hatto 56,7 ball ham to`play olmagan. Huquqshunos bloger Xushnudbek Hudoyberdiev bu vaziyatni “dahshat”, deya ta`riflagan.
"DTMning mandat.dtm.uz saytidagi ochiq ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilda 1 mln 73 ming 821 nafar abiturient testga kirgan.
Ming afsuslar bo`lsinkim, ularning 550 ming nafari (51,2%) o`tish balining eng quyi chegarasi bo`lgan 56,7 balni ham to`play olmagan. Bu yarmidan ko`pi degani! Bu dahshat! Dahshat, o`rtoqlar!
O`tgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvolimiz yanada og`irlashgan. O`tgan yili 36% abiturientlar 56,7 ball ham to`play olmagandi, joriy yilda bu ko`rsatkich 51,2% ga chiqdi. Albatta, bunda majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar miqdori kamaytirilib, mutaxassislik faniga katta urg`u berilgani ham sabab bo`ldi.
2022 yilda eng yomon ko`rsatkich, xuddi o`tgan yilda bo`lganidek Toshkent viloyatida (55,9%), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi o`tgan yildagidek Toshkent shahrida (45,2%) qayd etilgan (yuqoridagi jadvalga qarang).
Demak, Toshkent viloyatida xalq ta`limi darajasi butun Respublika bo`yicha eng yomon.
9 ta hududda abiturientlarning 50 foizdan ko`prog`i 56,7 balldan past ball olishgan. Faqat 5 tagina hududda bu ko`rsatkich 50 foizdan kamroqni tashkil qilgan. Bu qaysi hududlar, deb o`ylaysiz? Albatta, bu hududlar ta`lim darajasi birmuncha yaxshi bo`lgan — Toshkent shahri, Buxoro, Farg`ona, Xorazm va Samarqand viloyatlaridir. Lekin umumiy olganda bu erlarda ham ahvol xursand bo`ladigan holatda emas.
56,7 ball — bu to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Ya`ni abiturient hech bo`lmasa 30% bilimga ega bo`lsa, ushbu ko`rsatkichni to`play oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to`g`ri bo`lar balki.
Ya`ni, 2 bahoga o`qiganlar ham taxminan 35-55% natija ko`rsata olishi kerak (66 balldan yuqori).
Tasavvur qilyapsizmi, yaqin o`rtada maktablarimizni tugatgan abiturientlarning 51,2% foizi, aniqrog`i 550 ming yoshlar (balki orasida kam sonli yoshi kattalar ham bordir) test topshirilgan fanlarni 2 bahoga ham bilishmaydi", deb yozadi Xushnudbek Hudoyberdiev..