Buxoro xalq respublikasi rahbarining AQShdagi jiyani 16 mingta nodir kitob yubormoqchi. Lekin bu taklifni eshitishmayapti

22.08.2022 13:35

Temur Xo`ja O`zbekistonda bir necha marotaba bo`lgan va hukumat a`zolariga otasining uyini Buxoro jadidlari uy muzeyi sifatida tashkil qilish taklifini aytgan. Biroq, bugungacha takliflar inobatga olinmagan. U agar mazkur hovli jadid uy muzeyi sifatida tashkil etilsa, Fayzullo Xo`jaevning AQShdagi jiyani Temur Xo`jaev O`zAda e`lon qilingan suhbatda 16 ming jildlik Turkiston tarixiga oid dunyo bo`ylab chop etilgan qimmatli kitoblarni O`zbekistonga jo`natishini bildirgan.

 

Temur Xo`ja 1920 yilda tuzilgan Buxoro Xalq Respublikasining birinchi rahbari Usmon Xo`janing farzandi. Turkolog olim, ayni damda AQSh davlat Michigan universiteti professori.

Uning otasi Stalin qatag`onidan omon qolgan kam sonli o`zbek jadidchilik harakatining yirik namoyondalaridan. U 1920 yil tashkil etilgan Buxoro Respublikasi ijroiya qo`mitasi rahbari bo`lib, keyinroq bosmachilik harakatiga qo`shiladi. Usmon Xo`ja rus bosqiniga qarshi kurashgan milliy ozodlik harakati etakchisi. Ammo bu harakat mag`lubiyatga yuz tutar ekan, u sovet ta`qibidan qochib Afg`onistonga, Afg`oniston orqali Turkiyaga o`tishga majbur bo`lgan. Kelgusi faoliyatida Turkiston ozodligi uchun kurashni mafkura maydonida olib borgan.

Sovet davrida bosmachilik deb talqin qilingan bu tarixga bugun ham to`liq va xolis baho berilgancha yo`q. Jadidchilik va bosmachilik harakatining chet elda jon saqlashga majbur bo`lgan ayrim namoyondalari taqdiri bugungacha o`rganishsiz qolgan. Usmon Xo`ja ham shular jumlasidan. Biz uning keyingi taqdiri va faoliyati haqidagi ma`lumotlarni uning o`g`li Temur Xo`jadan eshitdik.

 

Temur Xo`ja: – 1920 yilda amir ag`darilib, Buxoroda respublika tuzilganida, otam Moliya vaziri, ko`p o`tmay Davlat nazorati vaziri bo`ldi. 1921 yil Buxoro respublikasining ikkinchi qurultoyida Buxoroga rahbar qilib saylandi.

U Buxoro respublikasi mustaqilligini ta`minlash uchun sovet Rossiyasi bilan «masofa saqlashi» zarurligini o`z siësatining ildizi o`laroq tanladi.

Keyingi siyosiy jarayonlar ta`sirida 1921 yil 9 dekabrda Usmonxo`ja o`z yordamchilari – harbiy ishlar noziri muovini Ali Rizobek, Termiz harbiy qo`rg`oni qo`mondoni Hasanbek va Doniyolbek yordamida milliy harbiy qismlar ishtirokida Dushanbe harbiy qo`rg`onidagi qizil askarlarni qurolsizlantirdi. Ammo milliy ozodlik harakatlari mag`lubiyatga uchray boshlagach, chet mamlakatlardan yordam so`rash uchun Kobulga jo`naydi. Kobulda Buxoro respublikasi rahbarlaridan biri sifatida Afg`oniston amiri Omonullaxon bilan Rossiyaga qarshi kurash olib borish uchun shartnoma imzolaydi. Ammo otamning Afg`onistonda qolishi uzoqqa cho`zilmadi. U Hindiston orqali Turkiyaga yo`l oladi. 1923 yil sentyabrda Istanbulga etib boradi va Turkiya hukumatiga siyosiy boshpana so`rab murojaat qiladi. Usmonxo`jani Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk o`z mehmonidek qabul qilgan. Unga Turkiya respublikasi hukumatida mas`ul vazifada ishlashni taklif etadi. Bu taklifga javoban Usmonxo`ja bundan keyin Turkiston madaniyati masalalari bilan shug`ullanish maqsadi borligini aytadi. Mustafo Kamol Usmonxo`jaga ma`naviy va moddiy madad berishini aytib, unga Turkiya davlati miqyosidagi nafaqa belgilaydi. Usmon Xo`ja kelgusida Turkiston ozodligi uchun keyingi kurashni mafkura maydoniga ko`chirdi. Turkiyada o`zbek va turkiy xalqlar madaniyatini targ`ib qiluvchi, bolsheviklarning bosqinchilik siyosatini qoralovchi maxsus gazeta «Yangi Turkiston»ga (“Yeni Turkistan”) asos soladi.

Bundan Usmon Xo`janing sovetlarga qarshi g`oyaviy kurashidan norozi bo`lgan bolsheviklar Turkiya hukumatiga tazyiqlar o`tkazishni boshlaydi. Keyinchalik ushbu tazyiqlarga chiday olmay Turkiya hukumati Usmon Xo`jani mamlakatdan chiqarishga majbur bo`ladi. Turkiya Vazirlar Kengashining qarori bilan Usmonxo`ja 1938 yil oktyabr oyida Turkiyadan chiqariladi. U 1938-1939 yillarda Polsha poytaxti Varshavada yashaydi. O`sha vaqtda Polshada Sovet hukumati bosimlari ortidan qochqinlikka mahkum bo`lgan siyosiy arboblar to`plangan. Ikkinchi jahon urushi davrida Usmon Xo`ja Eron poytaxti Tehron shahrida yashaydi.

Sovet josuslari Usmonxo`jani Eronda ham izlashadi. 1944 yil oxirida Turkiya Usmonxo`jani qaytadan qabul qilib, unga fuqarolik beradi va u Istanbulda yashay boshlaydi. Usmon Xo`ja 1951-1957 yillar orasida Pokistonda yashadi va u erda Turkiston jamiyatini tuzdi. 1957 yili Istanbulga qaytadi va umrining oxirigacha o`sha erda yashaydi. Usmon Xo`janing xalqaro maydondagi siyosiy faoliyati shunday qilib qator mamlakatlarda davom etdi. Bizning oila otamning siyosiy faoliyati sabab hamisha yurtma-yurt ko`chib yurishga majbur bo`lgan. Sovet hukumati otamni izlab yurgan va uni chet elda o`ldirishga harakat qilgan. 90 yillik umri qo`zg`olonlar, jadidchilik, milliy ozodlik kurashlari bilan o`tgan Usmonxo`ja 1968 yil 28 iyulda Istanbulda vafot etdi.

Otamni Turkiyaning o`sha vaqtdagi bosh vaziri Sulaymon Demir Ali buyurig`iga ko`ra, Turkiya bayrog`iga o`rab, askarlar hamrohligida qabristonga sharaf bilan dafn etishgan. Uning mozori Istanbulning «Uskudar» mahallasidagi «O`zbeklar takyasi»da joylashgan, – deydi Temur Xo`ja otasi haqida.

MEHMONXONAGA AYLANTIRILGAN TARIXIY HOVLI

Turkiston jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan Usmon Xo`ja butun umrini mustaqil davlatchiligimizni tiklash, milliy taraqqiyot uchun kurashga bag`ishladi. Dastlab Rossiya imperiyasi, keyinchalik bolsheviklar hukumatiga qarshi ozodlik harakatlarida qatnashdi.

1938 yilda boshlangan katta qirg`in siyosati xorijda yashab turgan Usmon Xo`jani ham chetlab o`tmadi. U hamisha sovet josuslarining ta`qibida bo`ldi. Shunday bo`lsada, o`z maslagidan voz kechmadi, xorijda Turkiston mustaqilligi uchun sovet hukumatiga qarshi milliy muxolifat kurashlarini olib bordi. Jahondagi muhojir o`zbeklar milliy uyushmalarining ilk rahbari va tashkilotchisi bo`ldi.

Biroq qismatiga bitilgan vatanjudolik hasratida Turkiya tuproqlarida qolib ketdi. Uning o`g`li Temur Xo`ja Buxoroda otasining jadid maktabi bo`lgan hovlisi bugungi kunda mehmonxonaga aylantirilganidan dili xira ekanligini aytib o`tdi.

Mazkur hovli hanuz tarixiy ahamiyatini yo`qotmagan. Hozirda samarqandlik tadbirkor tomonidan Buxoro viloyati hokimligidan sotib olingan hovli etno-mehmonxonaga aylantirilgan.

Shuningdek, suhbat mobaynida Temur Xo`ja amakisi Fayzullo Xo`jaevning hovlisidan uning nomi olib tashlangani, ayni damda «Buxorolik boy savdogarning uy muzeyi» nomi bilan yuritilayotganidan xafa ekanligini ma`lum qildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
24.08.2022 05:44
Ассалому алейкум Хурматли Темур Хужа Сизни жон куйдириб езган мактуб ва таклифингизеи укидим, мен Сиздек ватандошим борлигидан фахрланиб кетдим. Агар Сиз хакикатдан хам отангиз уйини уй музей килмокчи булсангиз ва нодир китобларни Узбекистонимизга такдим килмокчи булсангиз тугридан тугри Хурматли Президентимиз Шавкат Мирамоновичга мурожаат килинг. Мен уйлайманки ижобий жавоб оласиз деб .
24.08.2022 01:11
Илтимос, бу китоблар Узбекистонга олиб келинсин.