O`zbekistonda Ma`naviyat va ma`rifat markazi uchun byudjetdan joriy yilning o`zida 62,3 mlrd. so`m mablag` ajratilgan. 2021 yilda bu mablag` 90 mlrd. so`mni tashkil etgan edi.
Raqamlarni o`qisangiz soniyada oddiy sonlar hayolingizdan o`tib ketishi mumkin, lekin sonlar ichidagi milliardlar kichik hajmdagi mablag` emas. Xo`sh bu pullar qaerga ketayapti. Samarali saflandi, deya olasizmi?
Markazning 2021 yil hisobotida joylarda tashkil etilgan ma`ruzalardan boshqa jiddiy ilmiy tekshirishlar, feyk va dezinformasiyalarni o`rganish bo`yicha tadqiqotlariga ko`zimiz tushmadi. Balki, shuning uchun Ma`naviyat va ma`rifat markazi Qoraqalpog`istondagi separatchi guruhlar faoliyatini ham payqamay qolgandir. 2022 yil 1 iyul sanasida ro`y bergan voqealar markazning Qoraqalpog`istondagi faoliyati qanchalar samarasiz bo`lganini ko`rsatdi. Xuddi shuningdek, bu markazning ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridagi rus propogandasini o`rganish va unga qarshi biron chora ko`rishiga ham ko`zimiz etmaydi.
Ma`naviyat va ma`rifat markazi byudjetning milliardlab pullarini sarflab, amalga oshirayotgan ishlari, targ`iboti sezilmayotgan bir vaqtda Rossiyadagi o`zbek diasporasi rahbarlarining chaqiruvlari samara bergandek. Har ikkisi ham targ`ibot va "provakasiya" bilan shug`ullanadi, ammo negadir byudjetdan millardlab mablag` olayotgan markaz targ`iboti mevalari ko`rinmayapti.
Jamoatchilikni esa savollar qiynaydi: Bugungi kunda Rossiya faoliyat yuritayotgan o`zbek migrantlari Ma`naviyat va ma`rifat markazining targ`ibot va ma`ruzalari bilan o`stirilgan fuqarolar emasmi?
Ushbu markazning butun O`zbekiston bo`ylab hududiy bo`linmalari va byudjetdan maosh olib ishlab kelayotgan xodimlari bor. Ular vatanparvar fuqarolarni tarbiyalay olmaganmi?
Umuman olganda Markaz o`z nizomida ko`rsatilganidek vatandoshlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalay olmadi. Bugun, o`zbekistonliklar nafaqat Rossiyada, balki yurtimizda ham Rossiya dezinformasiyasi bilan yo`g`rilayotganda Ma`naviyat va ma`rifat markazining ijtimoiy-ma`naviy tadqiqotlar institutida qanday tadqiqotlar amalga oshirilayotganini tasavvur qilish qiyin emas.
Rossiyaning Perm viloyatida o`zbek diasporasi rahbari sifatida ko`riladigan Jahongir Jalolovning "Amir Temur" nomidagi o`zbek ko`ngillilar bataloni tashkil etish va o`zbeklarni askar sifatida Ukrainaga jangga borishga chaqiriq haqidagi videolari tarqalgan edi. Ushbu video ortidan O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida ko`ngilli batalonlar tuzish va harbiy harakatlarda ishtirok etish huquqiy javobgarlikka sabab bo`lishini ogohlantirgan.
Shuningdek, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov boshqa davlatlardagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga chaqirayotgan o`zbekistonliklar fuqarolikdan mahrum etilishi va mamlakatga kiritilmasligi kerakligini aytgan. Qodirovga ko`ra, o`zga yurtlarda harbiy harakatlarga yollanishni besh yil ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash samara bermaydi. Rossiyadagi bu harakatlar “Milliy tiklanish” partiyasi raisini bezovta qilgani tayin. Biroq, bu vaziyatni jimgina hazm qilayotgan byudjet tashkilotlari ham bor.
Hozircha Ma`naviyat va ma`rifat markazi «Amir Temur» batalonini tashkil etishni taklif qilgan va O`zbekiston fuqarolarini o`zga yurtda jangga chorlagan Jahongir Jalolovga nisbatan biron munosabat bildirmadi.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonun loyihasiga ko`ra, Ma`naviyat va ma`rifat markazi uchun byudjetdan 62,3 mlrd. so`m mablag` ajratilgan. 2021 yilda bu mablag` 90 mlrd. so`mni tashkil etgan edi.
Rost24.uz sayti Ma`naviyat va ma`rifat markazining yillik faoliyati tahliliga bag`ishlangan alohida maqola e`lon qiladi. Saytimiz ikkinchi taraf munosabatini o`rganish maqsadida bir necha oydan buyon markaz raisi bilan aloqaga chiqishga urinadi. Ammo, harakatlarimiz samarasiz yakunlanmoqda. Markaz raisi bizni savollarimiz uchun vaqt topa olmayapti. Markaz faoliyatini tahlil qilarkanmiz rais Minhojiddin Mirzo nima ish bilan band ekanligi haqida hamon bosh qotirmoqdamiz.