O`zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti – president.uz mutlaqo yangicha formatda va shaklda 1 yanvardan test rejimida ishga tushirildi. Bu saytdan ish jarayonida doimiy foydalanib turganim sababli, uni birma-bir kuzatib chiqdim.
Gap uning dizayni o`zgargani haqida ham emas. Kontent jihatidan ham boyitilgani diqqatimizni tortmoqda.
Biz shu paytgacha davlat boshqaruvining eng yuksak organi xodimlari tarkibi haqida ma`lumotga ega emas edik.
Yangi saytda “Prezident Administrasiyasi” degan alohida bo`lim ochilgani juda yaxshi o`zgarish bo`libdi.
Unda Prezident maslahatchilari, Prezident Administrasiyasining asosiy vazifalari, Prezident Administrasiyasining Ijro etuvchi apparati rahbariyati, Prezident va Administrasiya huzuridagi tashkilotlari to`g`risidagi ma`lumotlar bilan tanishish mumkin.
Ochig`ini tan olishimiz kerak, shu vaqtga qadar Zaynilobiddin Nizomiddinov haqida ko`p eshitar edik-ku, biroq siyratini tasavvur qila olmas edik. Yoxud Aziz Magrupovning Prezident yordamchisi - O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining birinchi o`rinbosari ekanligini bilmasdik. Yoki Zelimxon Haydarovning dovrug`ini uzoq-uzoqdan eshitardigu, o`zilarini ko`rmaganmiz ham, endi esa, Prezident Administrasiyasi Moliya-xo`jalik departamenti rahbari ekanini ham bilib oldik.
“Quyi tashkilotlar” ruknida Prezident huzuridagi va Prezident Administrasiyasi huzuridagi tashkilotlar, ularning vazifalari aniq-tiniq qilib yozib qo`yilgan va bu menga ularni bir-biridan ajratib olishimizga yordam berdi. Shu bilan birga ularning manzillari, elektron saytlari, telefon raqamlarigacha keltirilgan.
Masalan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi maqomi ko`z oldimda yaqqol ifodalandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi ham muhim tuzilmalar sifatida ayon bo`ldi.
Hujjatlar qismida, farmonlar, qarorlar, farmoyishlar, taraqqiyot strategiyasi, infografiya va tashabbuslar ruknlari ostida barcha muhim me`yoriy hujjatlar bilan tanishish mumkin.
Saytda “Videogalereya” tashkil etilgan. Ilgari Prezident faoliyatiga oid film va videolavhalarni saytdan topib bo`lmas edi. Buning uchun “Youtube” yoki “Telegram” platformasiga kirish, undan ham izlab ancha keyin ko`rish mumkin edi. Endi ular veb-saytning o`zida to`rtta kategoriya bo`yicha “TAS-IX” tarmog`iga joylashtirib borilayotgani ayniqsa axborotga tashna biz jurnalistlar uchun juda qulay bo`lgan.
Davlat rahbarining “Facebook” va “Twitter” ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga o`tmasdan turib ham ularni saytning o`zida ko`rish imkoniyatlari yaratilgan va bu uning interfaolligini yanada oshiradi.
Prezident rasmini olish va uni OAVda berish Karimov davrida nihoyatda azob bo`lib, buning uchun “alohida ruxsat olish” va “bir xildagi tasdiqlangan rasm”ni faqat “rozilik olgan nashrlar”da berish mumkin bo`lardi. Shu ma`noda “Mediateka” bo`limining fotosuratlar bilan boyitilgani ayni muddao bo`libdi. Rasmlarning sifati ham yaxshilangan va faqat rasmiy qolipda emas, balki qiziqarli suratlar salmog`i oshgan, saytning havolalariga kirish ayniqsa qulay va tezkor bo`libdi.
“Bog`lanish” rukni ichiga kirib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish uchun aloqa usullaridan foydalanishingiz, virtual qabulxonaga elektron murojaat yo`llashingiz, 1000 yoki 0-800-210-00-00 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib, murojaatingiz mazmun-mohiyatini bayon qilishingiz, Xalq qabulxonalarining aloqa ma`lumotlariga ega bo`lishingiz mumkin.
Bu shunchaki ma`lumotlar oladigan sayt emas, balki davlat rahbari idorasining funksiyalarini samarali amalga oshirish imkoniyatini beradigan o`ziga xos elektron platforma desak ham mubolag`a bo`lmaydi.
Prezidentning Oliy Majlisga murojaatida ommaviy axborot vositalariga erkinlik yaratish yanada kengayishi, adolatli va ochiq jamiyat qurish borasida ishlar izchilligi haqida so`z borgandan uch kun o`tmay saytning tezkor yangilanishi, albatta axborot sohasidagi siyosatning o`ziga xos ko`rsatkichi, deb ishonamiz.
Sherali Otaboev, O`zA