Adolatsizlik qaerdan boshlanadi? Nega amaldorlar, vazirlar, deputatlar tekinga pulini naqdlashtiradi-yu, o`qituvchi, shifokorlar yoki oddiy dehqonlarga bunday imtiyoz berilmagan.
Prezident Adminstrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi xodimlari, Oliy Majlis deputatlari bankomatlardan plastikdagi pullarini foizsiz naqdlashtirib olishini bilasizmi?
Bank mutasaddilarining Rost24.uz'ga ma`lum qilishicha, bunday foizsiz pul naqdlashtiradigan tashkilotlar O`zbekistonda o`nga yaqin.
Ha, katta ehtimol bilan qolganlari ham boshimizda turgan amaldorlaru nazoratchilar ishlaydigan davlat idoralari bo`lsa kerak.
Bu amaldorlar uchungina yaratilgan yana bir imkoniyatdir. Sizning-cha, bu adolatdanmi?
O`zbekiston davlat amaldorlari faqatgina tekin qora oynalarda yurish imkoniyati bilan xalqdan ajralib turmaydi. Ular uchun yaratilgan imtiyozlarning biri sifatida Prezident Adminstrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ishlab kelayotgan bankomatlarda pul echishda foiz undirilmasligini aytish mumkin. Odamlar bankomatlarda kartadan pul echish foizlari birdan uch foizga ko`tarilishidan xavfsirab turgan bir vaqtda davlat amaldorlari pul naqdlashda maoshlaridan bankka foiz bermaydilar.
Bir oy davomida mehnat qilib olgan pulingizning bir foiziga banklarning sherik bo`lishi naqadar adolatli? Qolaversa, ayrim amaldorlarning maoshiga banklar sherik bo`lmaydi. Oliy Majlis deputati Doniyor G`anievning aytishicha, u ish joyidagi bankomatlardan deyarli foydalanmagan va foizlari miqdori haqida axborotga ega emasligini aytadi. “Agar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bankomatlardan pul echishda foiz echilmasa bu xalqqa nisbatan, adolatsizlik”, deydi Doniyor G`aniev.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o`rnatilgan bankomat “Ipoteka bank”ka tegishli bo`lib, aynan shu bank mijozlaridan foiz echilmaydi.
Rost24.uz sayti “Ipoteka bank” matbuot xizmatiga murojaat qilib quyidagilarni aniqladi. “Ipoteka bank” ayrim mijozlariga korparativ xizmat sifatida ana shunday qulaylik yaratib bergan hamda bu qulayliklar maxsus tanlangan mijozlar uchun bo`lib, bank ular nomini ochiqlamadi. Ana shunday mijozlar 10 ga yaqin bo`lib, bank ularni nomini ochiqlay olmasligi, bu mijoz va bank o`rtasidagi sir ekanligini aytdi.
Ammo amaldorlar, xususan, Adminstrasiya, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi “Ipoteka bank” mijozlari bo`lgani uchun foiz undirilmasligi sir tutilishi to`g`rimi?
Xalq davlat amaldorlari hamma to`layotgan 1 foiz undirmadan qochganliklaridan xabardor bo`lishi kerak emasmi?
Biz amaldorlar maoshi va to`lovlari xalq uchun shaffof bo`lishi lozimligini tushuntirishimizga qaramasdan “Ipoteka bank” sirli va hukumat tarafdagi mijozlari tarafini oldi va sirni oshkor etmadi.
Biroq Rost24.uz'ga ayrim manbalar orqali shu ma`lumki, Prezident Adminstrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlisdagi bankomatlar o`z banki mijozlaridan foiz echmaydi. Bu imtiyozga o`qituvchi yoki boshqa bir soxa vakili ega emas. Aynan ana shu hukumatdagi amaldorlarimizga berilgan. Tushungandek bo`layapsizmi?
Pul naqdlashda foiz bermaydigan amaldorlar, xalq bo`ynidagi 1 foiz undirmaning 3 foiziga ko`tarilishiga qanchalik qayg`urishi mumkin. Bankomatlardagi undirma 3 foizga ko`tarilishi haqidagi xabarlarni Markaziy bank rad etdi, ammo qonunchilikka ko`ra, tijorat banklari pul naqdlashdagi komissiya to`lovini mustaqil belgilashi lozim.
Tabiiy savol tug`iladi, ishlab topgan maoshingizni naqdlab olishda nima uchun uning 1 foizini bankka berishingiz kerak? Bu qanchalar adolatli? Mazkur savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev quyidagicha javob berdi:
“Banklardagi 1 foizlik komissiya to`loviga keladigan bo`lsak, meni buni noqonuniy ish demagan bo`lardim. Chunki, bu qonun bilan belgilangan. Bank mijozga xizmat ko`rsatayapti, iste`molchini pulini saqlab berib istagan joyida naqdlash uchun imkoniyat yaratib bermoqda. Biroq, buni adolatsiz, degan bo`lar edim. Chunki, bir foiz bu juda yuqori ko`rsatkich. Jahon tajribasiga nazar solsak, bank o`zini mijozlarini ko`paytirish uchun, aholi gavjum joylarga bankomat qo`yadi va xizmatni bepul ko`rsatadi. Nafaqat o`zining mijozlariga, balki boshqa bank mijozlari ham istagan bankomatdan foizsiz pul naqdlab olaveradi.
Bizda esa hozir banklarni bepul pul echishga zo`rlamagan ma`qul. Chunki, bizda bankomatlar endi ko`paymoqda. Buni o`ziga yarasha xarajatlari bor. Komissiya to`lovini olib tashlash, bankomatlarni ko`payishiga to`sqinlik qilishi mumkin. Bizda hozir bankomatlar ko`payishi kerak. Banklarga investisiya qilish kerak, lekin har holda har bitta bank o`z mijozlariga, o`z bankomatlaridan pul echishda foizsiz xizmat ko`rsatsa maqsadga muvofiq bo`lar edi. Barcha hududda infratuzilma rivojlanib, bankomatlar ko`paygachgina, istemolchilar pul echishda foiz echimini olib tashlashni so`rasa to`g`ri bo`lar edi.
Markaziy bank vakillari bilan suhbatlashganimda, ular ham jahon tajribasini tan olayapti. Ya`ni, markaziy bankdagilar mijozga qulaylik yaratish maqsadida pul echishda to`lovlar yo`qligi to`g`riligini qo`llab quvvatlashadi. Ammo, har bitta to`lov uchun tadbirkordan bank xizmat xaqqi olishi to`g`ri. Agar, naqd pul echishdagi to`lovlar olib tashlansa, har bitta harid uchun tadbirkordan 0,02 foizdan to`lov echish kerak bo`ladi. Chunki, bank harajatlarini baribir qaerdadir qoplashi kerak”, deydi Doniyor G`aniev.
Eslatib o`tamiz, Markaziy bank ma`lumotiga ko`ra, 2021 yil yanvar holatida O`zbekiston bo`yicha 12 180 ta bankomat va infokioskalar mavjud bo`lgan. Bank kartalari miqdori 23 milliondan ortiqni tashkil etadi. Chekka qishloqlarda esa hamon bankomatlar tanqisligi kuzatiladi.