O`zbekiston sportida milliardlab pullar o`marilmoqda, qishloqlarda esa bolalar oddiy sport maydonlarini ham ko`rmay ulg`aymoqda

27.07.2022 10:00

Rahbarlar kelib ketaveradi, milliardlab davlat pullari o`marilaveradi, amaldorlarning korrupsiyaga qo`l urilgani e`lon ham qilinadi, ammo bu tizimda xalq uchun, davlat uchun ko`zga ko`rinadigan arzirli ish qilinmaydi. Statistika qo`mitasining aniq ma`lumotlariga ko`ra, bugun qishloqlarda 100 ming bolaga bor yo`g`i 1 dona sport inshoati to`g`ri keladi. 

Darvoqe, O`zbekistonda sport katta korrupsiya o`chog`i bo`lib qolmoqda. Yaqindagina e`lon qilingan ma`lumotga ko`ra, Sirdaryoda sport anjomlari xarid qilishda 1,2 mlrd. so`mdan ortiq byudjet mablag`lari talon-toroj qilingan. Kechagina Bosh Prokuratura suzish va volleybol federasiyalarida ham katta mablag`lar maqsadli sarflanmagani haqida xabar tarqatgan edi. 

Haqli savol tug`iladi: Shu o`rinda aytish joizki, katta mablag`lar talon-taroj qilinayotgan O`zbekistonda sport tizimidagi bu holatlarni jilovlab olish shunchalar davlatga qiyinmi? Yoki biz bilmagan yana nimadir sirli tomonlari bormi?

***

Sirdaryo: sun`iy qimmatlashtirilgan anjomlar

O`zA xabariga ko`ra, 2021 yilning dekabr oyida Sirdaryo viloyat turizm va sport Bosh boshqarmasi tomonidan 24 turdagi jami 2612 dona sport anjomlarini xarid qilish uchun 7 ta firma bilan umumiy qiymati 1 mlrd. 976 mln. 778 ming so`mlik 31 ta shartnoma tuzilgan. Lekin, Bosh boshqarma hamda firmalarning mansabdor shaxslari o`zaro kelishgan holda sport anjomlarini sun`iy qimmatlashtirilgan narxlarda oldi-sottisini amalga oshirishgan.

Aniqlangan holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi tashabbusi bilan o`tkazilgan sudga oid tovarshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko`ra, umumiy o`rtacha bozor qiymati 720 mln. 361 ming so`mni tashkil etgan sport anjomlari 1 mlrd. 976 mln. 778 ming so`mga sotib olinib, juda qo`p miqdordagi byudjet mablag`lari talon-toroj qilingan.

***

Suvdagi korrupsiya va proffesional suv sport havzasisiz qolayotgan O`zbekiston

Yaqinda, Bosh prokuratura Suzish federasiyasida ham yirik korrupsiya alomatlari aniqlangani haqida xabar bergan edi. Unga ko`ra, Federasiya mansabdor shaxslari va boshqalar mansab vakolatlarini suiiste`mol qilib, juda ko`p miqdorda jamiyat manfaatiga zarar etkazishgan. Xususan, terma jamoa hamda uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan fuqaro Rossiya Federasiyasining Volgograd shahrida o`tkazilgan xalqaro yig`inga yuborilib, 72 mln. so`m  byudjet mablag`lari asossiz ishlatilgan.

Shuningdek, 2021 yilning oktyabr-dekabr oylarida jami 287 nafar sportchi «D» MChJga qarashli mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo`lsalarda, foydalanganlik haqida elektron hisob-fakturalarga soxta yozuvlar kiritgan holda 1 mlrd. so`mlik pul mablag`i talon-toroj qilingan.

Eslatib o`tamiz, Suzish federasiyasi davlat mablag`ini o`marayotgan bir vaqtda, O`zbekistonda suzish sporti bilan shug`ullanuvchi olimpiadachilar uchun bir dona ham proffesional suzish sport xavzasi yo`q.

Dilmurod Nabievga chora ko`riladimi?

Shuningdek, Bosh prokuratura volleybol federasiyasidagi yirik talon-tarojlik haqida ham xabar bergan edi. O`rganishda, sobiq Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabievning buyrug`iga asosan, Federasiyaga 54 nafar sportchilar bilan 23 kunlik o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazish uchun byudjetdan 445 mln. so`m ajratilgan bo`lsada, amalda 10 kun o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazilib, 231 mln. so`m byudjet mablag`lari o`zlashtirilgan.
Bundan tashqari, terma jamoa va uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan 29 nafar sportchini turli sport yig`inlariga yuborilib, 75 mln. so`m mablag`lar asossiz sarflangan.

Nega korrupsiyada ayblangan sobiq vazir rektorlikda qolmoqda?

Bosh prokuratura xabariga ko`ra volleybol federasiyasidagi holatda tergovga qadar tekshiruv davomida byudjetga etkazilgan zararning 120 mln. so`mi qoplanishi ta`minlan. Ammo, byudjetga zarar keltirgan sobiq Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabievga nisbatan jinoiy jazo ochilgani yoki yo`qligi bo`yicha ma`lumot berilmagan. Bosh Prokuratura matbuot kotibi ushbu ish bo`yicha savolimizni javobsiz qoldirdi. Ayni damda Qarshi davlat Universiteti rektori sifatida ishlab kelayotgan Dilmurod Nabiev ham volleybol federasiyasidagi korrupsion ishlar bo`yicha intervyu so`rovimizni ochiq qoldirmoqda.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda sport korrupsiya o`chog`iga aylanib borayotgan bir vaqtda bolalar sporti statistikasi achinarli ahvolda qolmoqda. Ayni damda, Respublikamizda jami 352 ta sport-ta`lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Ularning atigi 43 tasi qishloq hududlariga to`g`ri keladi. Qolgan 309 tasi esa shaharlarda. 2021 yil 1 yanvar holatiga yurtimizda 14 yoshgacha bo`lgan jami bolalar soni 10 million 175 ming 819 nafarni tashkil etgan. Demak, qishloqdagi har 100 ming bolaga bir dona sport inshooti to`g`ri kelmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
14.10.2022 11:15
Қибрай туманидаги 4-умумтаълим мактаби да спорт зали бор. Лекин том қисми лӯмбоз қилинмай том ёпилган ва топшириб кетилган. Йиллар ӯтиб кетди, аммо ҳеч кимнинг ҳаёлига кемаяпти буни қилиш, ким ҳам маблағ ажратарди? Қишда залга совуқлиги сабаб кириб бӯмайди, ёзда қизиб кетади, сабаби лӯмбоз қилинмаган, шу ерда ҳам қурувчилар пулни ӯмариб кетган. Шунча йил ӯтса ҳам озгина маблағ ажратиб, чала ишни битириб қӯйишга бирор раҳбар йӯқ.
31.07.2022 17:09
Гап булиши мумкин эмас. Давлатники денгиздир, емаганлар тунгиздир маколига амал килинибди.
31.07.2022 01:26
Давлат пулини талон-тарож килиш факат шу сохада бор эканми? Бошка сохалар давлат пулини жой жойида ишлатаяптими? Бу саволга ким жавоб бера олади rost24.uz.
28.07.2022 00:55
Қурилганига хали 10 йил хам бўлмаган, 2019 йил қайта таъмирланган Жиззах вилоят Галлаорол туман Қўйтош шахарчасида 60-мактаб спорт зали поли яна чириб кетди. Масъуллар билмайдиларми? Уларга бир неча марта хабар берилган бўлса керак, аммо фарзандларимиз қишда синфхонада, ёзда чанг майдончада.