Mashhur o`zbek olimlari: "Nima qilaylik xorijga ko`chib ketaylikmi?"

20.07.2022 15:25

Vazirlar Mahkamasining «Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Farg`ona ilmiy tajriba stansiyasini tashkil etish to`g`risida» gi qarori loyihasi muhokamadan o`tsa bir guruh tadqiqotchi olimlar ko`chada qolishi mumkin. Qaror loyihasida O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutiga tegishli tajriba hududi yangi tashkil etilishi kutilayotgan Farg`ona ilmiy tajriba stansiyasiga ajratib berilishi ko`rsatilgan. Bundan xavotir olgan olimlar endilikda, xorijga ketishdan o`zga chora yo`qligi haqida yozishmoqda. 

Genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi Baxtiyor Rasulovning yozishicha, institutga tegishli erlar anchadan buyon bo`lib olinyapti. Hatto tadqiqot uchun ajratilgan erlarda uylar ham qurilgan. Quyida olimning fikrlari bilan tanishing:

Ishlayotgan institut kimga xalaqit beryapti?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Farg`ona ilmiy tajriba stansiyasini tashkil etish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori loyihasi e`lon qilinibdi. Meni hayratga solgan narsa boshqa institutga ilmiy tajriba stansiyasi qilib berilayotgan er hozirda institutimizning tajriba stansiyasi hisoblanadi.Ushbu tajriba stansiyasida O`zbekistonning Farg`ona vodiysi va unga qo`shni davlatlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan paxta va bug`doy navlari seleksiyasi, urug`chiligi bilan shug`ullaniladi. Institut olimlari tomonidan ko`plab istiqbolli navlar seleksiya qilingan va Farg`ona tajriba stansiyasida ko`paytiriladi. Shuningdek, ilmiy loyihalar, dissertasiyalar bajariladi. 

Meni qayg`uga solayotgan birinchi jihat – ishlayotgan, asta oyoqqa turayotgan institutning erlarini olib qo`yish mantiqqa to`g`ri keladimi? 

Meni juda va juda ko`nglimni og`ritayotgan ikkinchi jihat – institutimizning erlarini olib qo`yilayotgani. Avvalroq, institutning Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 32 ga tajriba dalasi qay bir klasterga olib berildi. Hozir o`t-o`lanlar o`sib yotibdi, ishonmasangiz borib ko`ring. Bu institut uchun juda katta zarba bo`ldi. Sababi, institutning asosiy yo`nalishi g`o`za, bug`doy va soya navlari, tizmalarini yaratish, ularni ko`paytirish, urug`chiligini yo`lga qo`yish bo`lib, bu ishlar uchun dala kerak. Dala bo`lmasa bu ishlar amalga oshirilmaydi. Institutimizning aksariyat laboratoriyalari g`o`za va bug`doy seleksiyasi, urug`chiligi, genetikasi, o`simliklar biokimyosi va fiziologiyasi, molekulyar biologiyasini tadqiq etishga ixtisoslashgan. Dunyo g`o`za navlari genofondini saqlaydigan alohida laboratoriya mavjud bo`lib, unda 40 yaqin olimlar, doktorantlar faoliyat olib borishadi. 

Meni shokka tushirgan uchinchi jihat – Do`rmon tajriba dalamizning 2 ga maydonini Fanlar akademiyasining hozirgi rahbariyati tomonidan hovli qilib bo`lib olinishi bo`ldi. Qurilishlar avjida. 

Nazarimda, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutini tugatish bo`yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy yo`nalishi qishloq xo`jaligi bilan bog`liq institutning erlari olib qo`yilsa olimlar tajribalarini qaerda bajaradi?

 Eng qizig`i, 2017 yilda Prezidentimiz Farg`ona viloyatiga tashrifi chog`ida ushbu tajriba stansiyasiga tashrif buyurgan, bu erdagi ishlarga yuqori baho bergan, ayrim mutasaddilarga ilmiy loyihalarni amalga oshirishga yordam berishni tayinlagan, bu vazifalar bo`yicha yo`l xaritasi tuzilgan va shu asosda qator loyihalar boshlangan edi. Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasini tayyorlashdan avval Prezident ko`rsatmalarini bir karra o`qib chiqqanida maqsadga muvofiq bo`lardi.Eng og`riqli masala, Fanlar Akademiyasi bu safar ham oddiy tomoshabin bo`lib turibdi. Amalda, Fanlar akademiyasi va Qishloq xo`jaligi tasarrufidagi institutlar raqobatchi hisoblanadi. Har ikki tizim qishloq xo`jaligiga navlar etkazib berishda raqobatlashadi. Lekin, raqobatchi tizimga FAning qarshilik qilmagani qiziq. Aslidaku, men FA rahbariyatidan ijobiy narsalar kutmay qo`yganman. 

Menda birinchi savol: ishlayotgan institutni chopish o`rniga qo`llab-quvvatlash kerak emasmi? Ilmiy salohiyat tomonidan, komil ishonch bilan ayta olaman, institutimizda yuqori H-indeksli olimlar juda ko`p va bu jihat bilan O`zbekistonda etakchi. Hammamizning ilmiy yo`nalishimiz o`simlik, biologiya; erimiz tortib olinsa asosiy qurolimizdan ayrilamiz. Tajriba stansiyasi bo`lmagan institutni amalda yopsa ham bo`ladi, sababi, unda ilm bo`lmaydi. Ikkinchi savolim: biz olimlar siz rahbarlarga nima yomonlik qildik? Nega institut hali qo`lini, hali oyog`ini chopishga shoshasizlar? Yoki, O`zbekistonga o`simliklar genetikasi kabi fan kerak emasmi? Axir, birgina shu institut o`simliklar, mikroorganizmlar genetikasi bo`yicha hozircha faoliyat olib bormoqda, unga yordam bermayapsizlar, hech bo`lmasa, to`g`anoq bo`lmanglar!

Ushbu postimdan muddao, ilm-fan taqdiriga befarq bo`lmagan jamiki rahbarlardan bizga – O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi genetika va o`simliklar eksperimental biologiyasi institutiga yordam berishingizni iltimos qilaman. Iltimos, erlar olib qo`yilmasin. Usiz ilm qilolmaymiz.Institutda bu yil har qachongidanda yoshlar ko`p, ular aro yo`lda qolib ketmasin. 

Biz O`zbekistonga kerakmiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
26
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
23.07.2022 16:51
Ё тавба астагфириллох. Мана илм фанимизнинг ахволи. Третьяков Музейини айлантириб у ердаги нодир асарлардан бахраманд булишни урнига уша пулга 2 кило гушт еган булардим деган эди бир таниш. Лекин бу эстетика хакида. Тепада эса фанимизнинг ва олимларимизнинг хам тадкикотлари бир тийинга кимматлигини курсатишибди. Биз каёкка караб кетяпмиз?
22.07.2022 13:59
Qachongacha shunday davom etadi. Ilm fanga hurmat shumi. Vijdonini yutib yuborgan amaldorlardan iltimos qilish kerakmas. Ular ótirgan amal kursisiga vatanparvar, ilmli insonlarni qóyish shunshalik qiyinmi. Bularning vazifasi Vatanimizni rivojlantirish emasmi. Hovli kerak bólsa óz pulingga yarasha joydan sotib olmaysanmi. Nima qilasan rivojlanishimizga tóĝanoq bólib. Vazirlar Mahkamasi ham asosiy hal qilinishi muhim bólgan xalqqa foydasi tegadigan muammolar bilan shuĝullansa, halqni manfaatini óylasa yaxshi bólardi. Masalan, qishloq xójalik mahsilotlarini eksport qilishni osonlashtiradigan qarorlar qabul qilsa, bojxona bilan boğliq muammolarni hal qilishga oid qarorlar qabul qilsa va hokazo.... Lekin gapirganni foydasi yóq.
21.07.2022 16:00
1 тийинга қиммат диссертациянгни кимга кераги бор йўқолиш чет элга
21.07.2022 14:23
Бир кадам олдига беш кадам оркага !!!
21.07.2022 04:38
Энди бу шармандалик
20.07.2022 22:57
Институт ерларига тегмаслик керак
20.07.2022 22:40
Койил бошка иш ку́лидан келмайдида
20.07.2022 22:37
Ажабланарли жойи йук,обод махала деб домлар орасидаги неча йиллардаги бир карич ерни хам сотиб курилиш килдилар энди тажриба учаскаларига навбат кебти. Узбекистон ерлари сотилиб булди.