Markaziy bank 200 ming so`mlik banknot nima uchun chiqarilganiga rasmiy izoh berdi

15.07.2022 08:07

Yuqori nominaldagi banknotlarni chiqarishdan maqsad naqd pulda to`lovlarni amalga oshirishda aholiga qulaylik yaratish hisoblanadi.

Jahon tajribasida soha mutaxassislarining tavsiyalariga ko`ra, eng katta nominaldagi banknotlarning jami muomaladagi naqd pullardagi salmog`i 50 foizga yaqinlashganda kattaroq nominaldagi banknotni muomalaga chiqarish choralarini ko`rish lozim.

Tahlil natijalariga ko`ra, 2022 yil 1 iyul holatiga 100 000 so`mlik banknotlarning jami muomaladagi naqd pullardagi salmog`i yil boshidagi 34,8% dan 43,4% foizga ko`tarildi.

Iqtisodiyot kengayishi ortidan naqd pul aylanmasi, muomaladagi naqd pullar hajmining oshganligi va o`sish dinamikasining davom etayotganligi 200 000 so`mlik banknotni muomalaga chiqarish jarayonini tezlashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

“O`zbekiston Respublikasining Markaziy banki to`g`risida”gi Qonunning 40-moddasiga asosan pul belgilarining namunalari, shuningdek, ularning dizayni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanishi belgilangan bo`lib, 200 000 so`mlik banknotlarning dizayni Senat Kengashining 2022 yil 5 iyuldagi qaroriga asosan ma`qullangan.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар