Bu yildan boshlab bizda yana bir tajriba - Magistraturaga kirishda chet tili sertifikatiga ega bo`lish talabi qo`yildi. Bu talabni noto`g`ri, vaqt kam qolganda aytilganiga e`tiroz bildirayotganlarga nisbatan fikr bildirgan vazir Abduqodir Toshqulov endi yiliga ikki marotaba qabul bo`lishi kutilayotganini aytgandi. U bergan ma`lumotga qaraganda, o`tgan 4 kursni tamomlaganlarning taxminan 700 nafarida sertifikat bor edi. Bu yil 7000 nafarga chiqdi. Ammo kvota 12 000 nafar talabani qamrab ola oladi.
Xo`sh bu o`zgarishlarni oliy ta`lim tizimidagilar qanday qabul qilishmoqda? Talabalarchi? Ularga bu o`zgarish nega yoqmadi?
Jurnalist? filologiya fanlari nomzodi Yulduz Ortiqova bu boradagi fikrlarni o`rganib maqola tayyorladi:
Magistraturaga kirish uchun chet tilidan sertifikat nimaga kerak?
Bu yil magistraturaga kirish imtihonlariga ingliz tilidan xalqaro sertifikat bo`lishi talabi qo`yildi. Kirish imtihonlariga oz fursat qolganda bunday talabni joriy etilishi talabalarga ma`qul kelmadi:
Shohida Yusupova,talaba. Hayotda o`z o`rnimni topishda, yuqori natijalarga erishishimda bir nechta chet tillarini bilishim katta yordam bergan. Tarjimon va shoira sifatida kitoblarim xorijda nashr etilgan. Hozirda qator xalqaro tanlovlar sovrindoriman. O`zim uchun emas, tengdosh talabalar nuqtai nazaridan aytishim kerakki, qo`yilayotgan bu talabdan ko`pchilik norozi. Aksariyat talabalar hali IELTS olmagan va o`qishni xohlagan talabalarni magistraturaga topshirish imkoniyatini bu talab to`sdi.
Ma`lumki, magistratura yo`nalishida tahsil oluvchilarga ta`lim olish jarayonida chet tilidan dars soatlari ajratilgan. Ingliz tili bo`yicha mutaxassisining bu boradagi fikriga qiziqdik:
-Men magistrlarga chet tili bo`yicha ta`lim beraman. Bizni o`quv dasturimiz IELTS olganlar uchun mo`ljallangan, dedi Gulsanam Xasanova, O`zJOKU “Xorijiy tillar» kafedrasi mudiri. - Tilni yaxshi bilmaydigan talabalar bilan ishlash oson emas, ularni o`zlari ham fanimizni o`zlashtirishga qiynalishadi. Shuning uchun ingliz tili bo`yicha ma`lum bir jiddiy imtihon talab qilinishini to`g`ri qaror deb hisoblayman.Bizni amaliy mashg`ulotlarimiz asosan sohaga yo`naltirilgan chet tiliga mo`ljallangan. Bunda umumiy xorijiy til o`qitilmaydi, ya`ni ma`lum sohani chet tilida o`qishni va o`rganishni talab etadi. Bunda esa, albatta, xorijiy tildan bazaviy bilimga ega bo`lish talabi qo`yilgan.
Magistraturani tamomlagan bitiruvchilar ilmiy ish qilishga kirishadilar, doktoranturaga kirish imtihonlarida ham chet tili bo`yicha imtihonlar bor. Ilmiy izlanish boshlagan yosh olimlar bu talabning o`rinli ekanligini ta`kidlashmoqda.
Iroda Nasimova O`zJOKU doktoranti: Ingliz tilidan magistraturaga kirishda xalqaro til sertifikatini bo`lishi shart deb hisoblayman. Chunki hozir ilm yo`lini davom ettiradimi yo`qmi ko`pchilik magistraturada o`qishni xohlaydi. Yaxshilab so`rasangiz, nimaga o`qiyotganini o`zi ham bilmaydi. Aslida magistratura ilm qiladiganlar uchun bir ko`prik vazifasini bajarishi kerak. Bakalavr bitta sohaning yaxshi mutaxassisi degani, magistr esa dars bera oladigan darajada bilimli bo`lishi kerak. Jiddiy o`qish niyati bo`lganlar albatta IELTS sertifikatiga ega bo`lishi kerak, shunda ilm - uni qadriga etadigan insonlarning qo`lida bo`ladi deb hisoblayman.
Xorijiy tilni o`rganish ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarning farzandlariga qiyinchilik tug`dirmaydimi, imkoni borlar o`qib, moddiy qiynalib qolgan oilalardan chiqqan talabalar uchun magistraturaga o`qishga kirish «yopiq eshik» bo`lmaydimi?
Jurnalist Nozima Vohidova bu savolga shunday javob berdi: - Ish faoliyatim doirasida turli odamlar bilan ko`rishishga, chekka hududlardagi turmushni ko`rishga to`g`ri keladi. Mulohaza qilish, qiyoslash uchun imkoniyatim bor. Yaqinda qishloqda voyaga etgan yoshlardan birining mustaqil ravishda ingliz tilini o`rganganini ko`rdim. Oddiy oila farzandi. Ilm olish uchun juda zo`r sharoit bo`lish shart emas deb hisoblayman. Muhimi xohish va istak. O`zim ham farzandlarim bilimli bo`lishlariga harakat qildim. Hozir qizim doktorlik himoyasini qilgan yosh olima, bu yil grantni qo`lga kiritib, Germaniyaga o`qishga ketyapti. Farzandlarini bilim uchun sarflangan pul albatta o`n barobar bo`lib ham qaytib keladi deb o`ylayman.
Bugungi kunda ilmiy izlanish olib borish uchun xorijiy jurnallarda maqol chop etish talabi mavjud. Chet tilini mukammal bilish ilmda yuqori natijalarga erishishga poydevor bo`lib xizmat qilishi shubhasiz. Bu tilimizga bo`lgan hurmatsizlik sifatida emas- zamon, davr talabi sifatida baholanishi kerak. Qolaversa, magistraturaga kirish imtihonlari yilda ikki marotaba bo`lib o`tishi, talabalar uchun qo`shimcha sharoit yaratadi. Shu bilan birga, magistraturaga o`qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakt puli byudjetdan qoplab berilishi yoshlar uchun yaratilgan yana bir imkoniyatdir. Ammo...
Nozima Toshpo`latova jurnalist, Ingliz tilini yoki boshqa xorijiy tilni o`rganish bir - ikki yilda emas, bolalikdan boshlanishi kerak. Bu qunt, mehnatkashlik... va moliyaviy xarajatlarni ham talab etadi. Bugungi kunda Toshkent shahridagi o`quv markazlarida ingliz tili kurslari guruh tarkibida o`qish uchun o`rtacha 400 mingdan 700 minggacha narxda bo`lsa, individual ta`lim olish esa bundan ham qimmat. Shu bilan birga xorijiy til sertifikatini olish uchun 2 mln. atrofida to`lov amalga oshiriladi. Faqat yuqori ball olganlarga xarajatlar qoplanib beriladi. Ahamiyatlisi, shuncha xarajat qilinganda ham til o`rganishga qobiliyati bo`lganlar natijaga erisha oladilar. Chet tilini o`rganish uchun ko`rish, eshitish, yod olish kabi xotira egasi bo`lish kerak. Ya`ni, yodlashni yaxshi bilganlar chet tilini o`zlashtira oladilar. Bugungi kunda matematikaning juda ko`p amallarini kalkulyatorda bajaramiz. Karra jadvalni yodlashga ehtiyoj yo`q. Hozirda kompyuterda ko`plab tarjima dasturlari mavjud. Tarjimonlik xizmatlari bisyor. Talabaligimda guruhimizda xorijiy til yaxshi o`qitilgan edi, lekin xalqaro sertifikatni olish darajasida emas. Ammo chet tilini bilmaganlar ham bugungi kunda o`z sohalarining ustalaridir. Qancha yaxshi fan nomzodlari chiqdi. Hozirda o`zim ispan, ingliz tillarini bilaman. Ammo faoliyatimda har kuni ham bu bilimlardan foydalanmayman. Chet tilini biladigan hamkasblarimiz bor: ularning hammasi ham yaxshi material tayyorlay olishmaydi, sohaga doir ijodkorlik qobiliyatlari yuqori emas. Chet tilini bilish insonni xotira qobiliyatini oshiradi xolos. Shuning uchun ingliz tilini bilishni magistraturaga o`qishga kirish uchun birlamchi talablar sifatida kiritish, bu borada xalqaro sertifikat talab qilish to`g`ri emas, bu ko`plab iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatlarini olib borishlariga to`sqinlik qilishi mumkin, deb hisoblayman. Qolaversa agar, o`sha yosh hozir quloqqa chalinayotganidek, «aylanma» yo`llar bilan emas, balki o`z bilimi bilan sertifikat olsa u O`zbekistonda o`qimaydi, chet el oliy o`quv yurtlariga kiradi.
Ilmiy ixtirolar qilish, tadqiqot olib borish uchun kreativ, noodatiy fikrlash, mulohaza yuritish, tanqidiy - tahliliy qarashlarga ega bo`lishning ahamiyati yuqori. Chet tilini bilish ilmiy ish qilish uchun bir instrument, vositadir. Shu bilan birga magistraturaga kirish imtihonlari o`rniga diplomdagi baholarni hisoblash sharti ham talabalarni baho uchun o`qishiga majbur qiladi. Ular bilim olishga emas, yuqori baho olishga intilishni boshlaydilar. Bu esa, semestr yakunidagi «sessiya paytida» korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin.
Yurtimizda ilmiy faoliyat olib borish uchun juda katta e`tibor berilyapti, sharoitlar yaratilyapti. Ilmiy faoliyatning ilk debochasi bo`lgan magistratura yo`nalishiga kirish imtihon shartlarini ishlab chiqish jiddiy ilmiy va amaliy yondashuvni talab etadi. Iqtidorli yoshlarimizning bilim olish va uni o`zlashtirishda psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib, ijodiy tafakkur mezonlari asosida kirish imtihonlari talablarini ishlab chiqish soha mutaxassislari hamda mutasaddi rahbarlar oldida turgan birlamchi vazifadir.
Yulduz Ortiqova