O`zbekiston uchun 2022 yilning eng muhim va muhokamalar markazida bo`layotgan mavzusi bu — Bosh qonunni isloh qilishdir. Buning uchun tuzilgan Konstitusiyaviy komissiya tomonidan fuqarolar taklif va o`z mulohazalarini yuborishi qulay bo`lishi uchun turli platformalar yaratildi. Shulardan biri meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi hisoblanadi.
Bugunga qadar komissiyaga kelib tushayotgan takliflarning umumiy soni 36 mingdan oshib ketdi, saytda har soatda takliflar soni o`zgarib turibdi. Fuqarolar bildirayotgan takliflar orasida nafaqat Konstitusiyaga taalluqlilarini, balki umumiy qonunchilik normalariga kiritish zarur bo`lgan o`zgartirish va qo`shimchalarni ham ko`rish mumkin. «Gazeta.uz» aholi tomonidan yuborilayotgan qiziq, muhim va o`ziga xos takliflarni bir materialga jamladi.
Bu gal to`plangan takliflarga qarab aholining asosiy qatlami mamlakatning siyosiy hayotiga ham aloqador bo`lishga qiziqayotganini ko`rish mumkin. Misol uchun Umidjon Hakimov ismli foydalanuvchi davlat boshqaruvini respublikadan Konstitusiyaviy monarxiyaga o`zgartirishni taklif qilgan. Uning bunga asosi esa quyidagi suratda:
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimi Saidaxmad Ishanxodjaev esa bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi institutini joriy etish, mazkur huquqni esa parlamentga topshirishni taklif qilmoqda. U bunga Germaniya va Gruziya qonunchiligini asos qilib ko`rsatgan.
Konstitusiyaning 20-bob, 98-moddasiga kiritiladigan o`zgartirishlarga ko`ra, votum Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
Sayt foydalanuvchilaridan biri Lazizbek Kimsanov Bosh qonunga prezidentga nisbatan impichment qo`llash tartibini ham kiritishni taklif qilgan. Uning so`zlariga ko`ra, prezident xalq manfaatiga ziyon keltiruvchi qarorlar qabul qilsa, parlamentga unga impichment e`lon qilish huquqi berilishi kerak.
Saidaxmad Ishanxodjaev yana bir qiziq taklifni ilgari surgan. Uning fikricha, pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamning boshqa turlarining miqdorini har 6 oyda aholi o`rtasida iste`mol savatchasi yuzasidan o`tkaziladigan ijtimoiy so`rovnoma asosida belgilash zarur.
U bunga prezidentning «odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar» degan so`zlari va Xalqaro Mehnat tashkilotining ratifikasiya qilingan 18 ta konvensiyasini asos qilib keltirgan.
Rajapbay Durdibaev esa yuqoridagi ikki taklif bo`yicha funksiyalarni o`ziga jamlagan Konstitusiyaviy Federal byuro tashkil qilish g`oyasini ilgari surdi.
Uning fikricha, byuro parlament va Konstitusiyaviy sudga bo`ysunadi, qonunchilikdagi yangi tartib-tamoyillar, hujjatlarning Konstitusiyaga muvofiqligini nazorat qiladi. Bundan tashqari, byuro prezident, bosh vazir, Oliy sud raisi va boshqa oliy martabali lavozim egalariga «impichment» (ayblash, tanbeh va sudga berish) vakolatiga ega bo`ladi.
Takliflar orasida Bosh qonunga ichki ishlar organlari xodimlariga bodikamerasiz faoliyat yuritishni taqiqlashga oid norma kiritish g`oyasi ham ilgari surilmoqda.
Foydalanuvchi Og`abek Yusupovning fikricha, ichki ishlar xodimi fuqaro bilan muaomala qilganida bodikamerasi ishlab turishi shart. Agar IIB xodimining bodikamerasi ishlamayotgan bo`lsa, xodimning har qanday talabi noqonuniy deb topilishi va bu holatda xodimning kuch ishlatishi jinoyat deb hisoblanishi zarur.
Taklifning e`tiborli jihati, bodikamerasi yo`q xodimning maqomini oddiy fuqaroga tenglashtirish kerak. Bundan tashqari, har bir fuqaro xodim bilan bo`lgan suhbati videosini olish imkoniyaga egaligi, video yozuvlarning har qanday holatda o`chirilishi jinoyat javobgarlikka tortishga sabab bo`lishini ham kiritish lozimligi qo`shimcha qilingan.
Shonazar Safaev esa o`zbek tilining obro`sini oshirish maqsadida Konstitusiyaning 4-moddasiga qo`shimcha tarzida har bir O`zbekiston fuqarosi o`zbek tilini bilishga majbur" degan normani kiritishni taklif qilmoqda.
Uning taklifi ostida boshqa fuqaro bunga e`tiroz bildirgan va boshqa yo`llar bilan ham o`zbek tilining obro`sini ko`tarish mumkinligini ta`kidlashgan.
Sanjar Abduvaxidov nomi ostidagi foydalanuvchi esa 63-moddaga Nikoh yigit va qizlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi deb o`zgartirish kiritish taklifini bergan. Amalda esa Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi keltirilgan.
Alim Otegenov esa 75-moddaga «O`zbekiston Qoraqalpog`istonning har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy rivojlanishi uchun barcha zarur moliyaviy, moddiy tashkiliy, texnik va boshqada sharoitlar yaratadi. Qoraqalpog`iston oliy davlat qonunchilik ijro va sud organlarida o`zining vakillariga ega bo`ladi» qabilida o`zgartirish kiritish tarafdori ekanligini ma`lum qildi.
Anonim foydalanuvchilardan biri barcha ta`lim muassasalarida 5 kunlik ish haftasiga o`tishni belgilash tarafdori ekanligini bildirdi. Uning fikricha, haftasiga 40 soatdan ortiq ishlashga majbur qilgan rahbarlarni jazolash kerak.
Go`zal Qodirova esa hokimlarning bir vaqtda ham ijro, ham vakillik organi rahbari bo`lishini bekor qilishni taklif etmoqda. U Xalq deputatlari mahallaiy Kengashlari raisini — deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan saylash tizimini yo`lga qo`yish kerak, degan fikrda.
Yana bir anonim foydaluvchi Konstitusiyaga o`zgartirish kiritishni referendum o`tkazish orqali faqat xalq tomonidan tasdiqlanishi borasida normani qabul qilishni taklif qilmoqda. Uning so`zlariga ko`ra, deputatlar va senatorlardan Konstitusiyani o`zgartirish bo`yicha xuquqlarini olib qo`yish lozim.
Zumrat Bozorboeva esa vazirliklar va agentliklar sonini qisqartirish hamda optimallashtirishni taklif etmoqda. Bunda u davlatning barcha funksiyalarini to`g`ridan-to`g`ri bajarishi lozimligini ta`kidlamoqda.
Iskandar Xidirovning fikricha esa subsidiya va imtiyozlar faqat qonun doirasida joriy qilinishi lozim.
Boshqa bir foydalanuvchi Mavlonbek Jumaniyazov esa jurnalistlarga 100 foiz daxlsizlik kafolatini berish kerakligini ta`kidlamoqda. Uning so`zlariga ko`ra, jurnalistga hech kim qarshilik qilishi, jurnalist javobgarlikka tortilishga daxlsiz bo`lishi kerak.
Konstitusiyani isloh qilish bo`yicha takliflarni meningkonstitutsiyam.uz veb-sahifasi, 1341 call-markazi, pochta (Konstitusiyaviy komissiyaga xat yuborish bepul bo`ladi)
@meningkonstitutsiyam_bot Telegram-boti orqali yuborish mumkin.
Eslatma: Yuqoridagi takliflar Akmal Saidov boshchiligidagi Konstitusiyaviy komissiya yig`ilishida muhokama qilinmagan, u Bosh qonun loyihasida o`z aksini topish yoki topmasligi hozircha noma`lum.