Bir qo`lida dunyosini o`zgartira olgan ayol 

16.06.2022 10:45

Armon bo`lib qolgan oliy ma`lumot, eng zarur vaqtda yolg`iz qolish iztirobi, to`rt bolani bir qo`lda katta qilish mashaqqatlari…

Hayot sinovlari qaddini buka olmagan ayol hikoyasi                     

Dunyoga endigina kelgan chaqaloqning chap qo`li elkasidan yo`q edi. Orziqib kutilgan birinchi farzandning bunday tug`ilishi yosh ota-onani karaxt ahvolga solib qo`ydi. Ota «men bu qizni boqmayman, elu yurtdan uyalaman» dedi. Ona yum-yum yig`ladi.

Qizimizning nedir karomati bo`lishi kerak, Karomatoy qo`yamiz deb o`ylashayotgandi. Tug`ruqxona shifokori Liliya Sultonova esa «bu qizaloq o`z ismi bilan tug`ildi, qudratli va har ishga qodir bo`lsin» deb, ismini Qudratoy qo`yishni maslahat berdi. Shifokorning taklifi bilan uning ismi Qudratoy bo`ldi.

O`sha kunlarni qahramonimiz Qudratoy Teshaboeva shunday xotirlaydi:

-Ota-onam meni bolalar uyiga berib yubormoqchi bo`lishgan ekan. Shunda bobom-buvim kelib, «Bola senlarga kerak bo`lmasa, bizga kerak. 16 nafar boladan zo`rg`a ikki nafari tirik qoldi, bu o`shalarning o`rnini to`ldiradi, hali katta bo`lsa, qo`li butun o`nta odam qila olmagan ishlarni qiladi» deya meni o`zlari bilan olib ketishgan ekan. Ukalarim tug`ilguncha buvimlarnikida katta bo`lgan ekanman. Uch nafar ukam tug`ilgach, onamga dastyor kerak bo`lgan. Ana shunda meni ota-onam olib kelishgan ekan. Etti yoshimda dadam olamdan o`tib qoldilar. Onamga yanada ko`proq suyanch va hamroh bo`ldim o`sha paytlarda. Bir qo`lim bo`lmasa ham, buvim meni ayab o`tirmasdi. 7-8 yoshimda onam ishdan kelgunicha tandirda non yopib, ovqat qilib qo`yardim. Onam fermada 30-35 ta sigir sog`ardi. Ba`zi paytlarda onamning mazasi bo`lmay qolsa, fermaga borib, bir qo`llab apparat ulab, sigirlarni sog`ib kelardim. Maktabdan kelganimdan keyin buvim qo`limga darrov etak va o`roq berardida, «bor, mollarga o`t qilib kel» deya dalaga jo`natib yuborardi. Ikki qo`li butun dugonalarim kabi bir choyshab o`tni boshimga qo`yib kelardim. Ukalarimni bir qo`limda olib yurib o`ynatardim. Buvim va onam hech qachon meni ayamas, menga ularning rahmi kelmasdi. Doimo qiyin-qiyin ishlarni buyurishardi. O`zim uy tozalab, supurib, axlat olardim, ovqat tayyorlardim, ukalarimning kiyimlarini yuvardim. Erta turib, ko`cha-hovlilarni supurib, suvlarni sepib qo`yardim. Endi o`ylab qarasam, ularni meni keyingi hayotimga shunday tayyorlashgan ekan. Birovga qaram bo`lmasin, och qolmasin, birovning yordamiga muhtoj bo`lmasin, degan maqsadda meni qiynashgan ekan.

Maktabga borishni juda yaxshi ko`rardim. Bolalar «qani bir qo`ling, nega bitta qo`ling yo`q, nega qo`lingni engingni ichiga tiqvogansan, chiqarvol,nega bunaqa tug`ilgansan», deya haqorat qilib, masxaralasa ham, maktabga boraverardim. Rimma Oxunova degan rus tili o`qituvchimiz bor edi. U kishi meni Katya deb atardi. Doim «Katya, o`qi, senga o`qish juda kerak» deb beminnat qo`shimcha dars o`tardi. Matematika fani o`qituvchisi O`lmasjon domlamizni ham «menga ko`proq o`rgating, manov misolni echish yo`lini ko`rsating» deb bezor qilib tashlardim. Tarix, ona tili va adabiyoti darslarini juda yaxshi ko`rib o`rganardim. O`qituvchilarimni hanuz minnatdor bo`lib eslayman, chunki ular menga boshqa sinfdoshlarimga qanday bo`lsa, shunday muomala qilishardi. Ayniqsa, matematika, tarix o`qituvchilarim «Qudratoy, hayot juda murakkab, sening bu holingda faqat yaxshi biliming yordam beradi. Chunki yaxshi o`qisanggina engilroq ish topa olasan», deb ko`p nasihat qilishardi. Ana o`shalarning sa`y-harakatlari bilan maktabda yaxshi o`qidim.

Qahramonimiz 9-sinfni tamomlagach, Farg`ona shahridagi imkoniyati cheklanganlar uchun tashkil etilgan hunar-texnika bilib yurtiga o`qishga boradi. U erda buxgalterlik yo`nalishida tahsil ola boshlaydi.

-Menga yotoqxonadan joy etmay qolgan. Shuning uchun texnikumga yaqin hovlida ijarada turishga majbur bo`lganman. Bu xudoning menga inoyati bo`lganini yillar o`tgach angladim, - deb o`sha kunlarni xotirlaydi Qudratoy opa. – Uy egasi tikuvchi edi. Buyurtmalari juda ko`p bo`lardi. Men uy vazifalarini qilib bo`lgach, u kishining yonida qilayotgan ishiga qarab o`tirardim. Bir kuni «Qudratoy, tikuvchilikni o`rgataymi» deb qoldi. O`sha paytda «bitta qo`lim yo`qku, qanday ko`ylak tikaman», deb o`ylamabman. «Ha» deb javob beribman... O`sha ayol menga avval bichishni, so`ngra tikishni qunt bilan o`rgatdi. Oyoq tepkili tikuv mashinasi bor edi, oyoqlarim yordamida oddiy matoni ko`ylakka aylantirardim. Talabalik paytida hamma uyidan pul olib ketsa, men uyga ko`ylak tikib topgan pulimni olib kela boshladim. Ayam negadir shubhalandi. «Sen qiz shaharda nima qilib yuribsan, nega buncha ko`p pul olib kelyapsan, nima ish qilyapsan, ishqilib o`qishni tashlab yubormadingmi» deb bir kuni o`zi Farg`onaga keldi. Ustozim bilan ko`rishdi, undan meni yaxshi tikuvchi bo`lib qolganimni eshitib, yum-yum yig`ladi. Keyin uydan olib borgan sut-qatiq, qaymoq, pomidor-bodringlarni tashlab, ustozimga qayta-qayta rahmat aytib, uyga qaytdi. «Qizimga shunchalik hunar o`rgatibsiz, rahmat sizga, xudo xohlasa, rozi qilaman» degandi, ustozim «qizingizning zehni juda o`tkir ekan, hatto bir qo`llab ham ko`ylaklarni tikib tashlayapti, men hech ish qilmadim, faqat uni yo`naltirdim, shu qiz hayotda qiynalmasa bo`ldi, shuning o`zi menga katta rahmat bo`lib qaytadi» dedi.

Shu tariqa tikuvchilikni ham o`rganib olgan Qudratoy Teshaboeva bilim yurtini tamomlagach, Farg`ona pedagogika instituti (hozirgi FarDU)ning tarix fakultetiga o`qishga kiradi.

-Rosa tarix fanini yaxshi ko`rardim. O`zim bilgan narsalarni boshqalarga ham o`rgatay deb, shu fakultetga kirgandim, - deya xotirlaydi talabalik yillarini qahramonimiz. – Ammo 2-kursga o`tganimda,tog`am rahmatli «har bir qizning boshida turmushga chiqish savdosi bor,seni turmushga bermasak bo`lmaydi» deb meni uzatvorishgan. Turmushga chiqqanimdan so`ng sharoitim to`g`ri kelmay, o`qishni tashlashga majbur bo`ldim. Juda ko`p kitob o`qiyman, hozir audiokitoblar eshitib ham ko`p ma`naviy ozuqa olyapman,- deydi Qudratoy opa.

To`rt muchasi sog` yigitga turmushga chiqqan Qudratoy opa yillar davomida besh nafar o`g`ilni dunyoga keltirdi. O`tgan yillar bu ayol uchun oson kechmaganini, besh o`g`ilni katta qilish, ularni tarbiyalash, vaqtida toza-ozoda kiyintirish, ovqatini vaqtida tayyorlash, ustiga-ustak kolxozda buxgalterlik qilish, kechga tomon bir qo`lida xamir yoyib, xonim, manti tayyorlab, fabrika ishchilariga sotib chiqishning qanchalik mashaqqatli yumush bo`lganini hech bo`lmaganda bir nafar farzand katta qilgan odam tushunadi.

-O`g`illarim endigina katta bo`lib, esini taniy boshlaganida turmush o`rtog`im meni tashlab ketdi, - deydi Qudratoy opa. – Mayli, uni ham ayblamayman. Uning ham ko`ngli o`zi kabi sog`lom ayol istagandir.

O`tgan yillar davomida hech kimdan, hech narsa so`ramaslikka o`rgangan, hamma narsaga mehnat qilib erishish kerak degan gapni o`ziga shior qilib olgan Qudratoy opa Izzatbek, Shahzodbek, Shohruhbek, Ilyosbek va Sharofiddin ismli bir-biridan pahlavon o`g`illarni tarbiyaladi.

-Kechalari manti, xonim pishirib sotardim, kunduzlari chok mashinada bir tadbirkor ayolning mahsuloti – bolalar kiyimlarini tikib berardim. Sigir sog`ib, mollarning emini, suvini berib, tomorqada ishlashga ham ulgurardim, - deb eslaydi Qudratoy opa.

Har doim qiyinchilik bo`lgan. Ikki qo`li butun, ikki oyog`i sog`lom odamlar qanchalik qiynaladiyu bu hayotda, men qiynalmaymanmi?

Qudratoy Teshaboeva birinchi o`g`liga qanday kelin topganini aytib berdi.

- Biz asli Rishton tumanining Zohidon qishlog`idanmiz. Bir kuni Bag`dod tumanining Do`rmoncha qishlog`iga bir ish bilan keldim. O`shanda shu katta kelinimni ko`rib qoldim. Ertasiga uyini surishtirib topib, yana keldim. Bo`lajak qudalarim faqat bir gapni aytishdi «qizimiz qop-qora, o`g`lingiz oppoq, chiroyli ekan. Sizlar «do`m»da yasharkansizlar, mening qizim qishloqda katta bo`lgan. Shaharga unchalik o`rgana olmasa kerak». Taqdiri nasiba ekan. O`zim yaxshi ko`rgan qizni kelin qildim. Mana, shu kungacha ahil-inoq yashab kelyapmiz.

Ikki kelin, besh o`g`il bilan ko`p qavatli uyning ikki xonali xonadonida qiynalib yashayotgan Qudratoyning orzularidan biri er olib, uy-joy tiklash edi. Rishton shahrida er qimmatligi, hali bolalari etarli pul topmayotgani uchun katta kelinining yurtidan, ya`ni Bag`dod tumanining Do`rmoncha qishlog`idan 11 sotixli sotiladigan er daragini eshitib qolgan Qudratoy mana shu erni qudalari yordamida sotib oladi.

Hovliga kirsangiz, issiqxonada qalampir, pomidor, bulg`or qalampiri, bodringga ko`zingiz tushadi, anjir, bir necha xil olma, shaftoli, olcha mevalarini ko`rib, bu oilaning naqadar mehnatkash va erni e`zozlovchi, ardoqlovchi kishilar ekaniga amin bo`lasiz.

Xushchaqchaq, hayot sinovlari qaddini buka olmagan qahramonimiz erta turib sigir sog`ishini, sutni qaynatib, qatiq ivitishiyu, o`zi sabzi to`g`rab, palov tayyorlashini eshitib, ochig`i, biz ham lol qoldik. Shuncha ishi kamdek, yana sopol buyumlarga naqsh chizishni ham o`rganib olgan ekanlar.

Hozir u kelinlari, ellikdan ortiq shogirdlari bilan birga sopol buyumlarga gul chizish bilan shug`ullanmoqda.

-Bilasiz, rishtonliklarning hammasi kulol. Bu hunar ota-bobomizdan bizga meros bo`lib kelgan. Bir dona buyumga gul chizsangiz, uch so`m beriladigan zamonlardan buyon mana shu ishni qilaman. Chunki bu pulni o`sha paytda yaxshigina qadri bor edi. Menga ish beruvchilar ataylab eng qiyin naqshlarni chizdirishardi. Sababi, o`z ishimni sidqidildan va puxta qilaman. Chunki ertaga bu buyumni sotib olgan odam «voy, qo`li gul odam naqsh solgan ekan» deyishi kerakda! O`zim «mendan ketguncha, egasiga etguncha» qabilida ish qilishni yoqtirmayman. Naqsh chizishim ish beruvchilarga yoqib qolgani uchun avval ikki-uch nafar shogird tayyorlashimni aytishdi, keyin ularning safi ko`paya bordi. Hozirgi kunda men kasanachilik bilan shug`ullanyapman. Ya`ni, sopol buyumni kulollar olib kelib beradi, uyda shogirdlarim bilan birga unga gul solamiz. Bir kunda bitta odam 60-70 ta sopol buyumga naqsh chizishi mumkin, - deydi Qudratoy opa.

Birovdan bir tiyin ta`ma qilmagan, hokimiyatlar eshigiga yordam so`rab yotib olmagan Qudratoy Teshaboeva 2021 yilning avgust oyida «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.

Uning jasorati, qilayotgan mehnatlari munosib e`tirof etildi.

Hayot davom etmoqda. Qudratoy Teshaboeva kabi qahramonlar ham sizu bizning oramizda yashab yuribdi. Qudratoy opa jasorati barchaga o`rnak bo`lishi kerak, nazarimda.

Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар