Rustam Azimov 10 mln. dollorlik zavod qaerda?

14.06.2022 07:27

Balki bu zavod qurilganida bugun o`zbekistonliklar elektr energiyasi qimmatchiligidan qutqarilgan bo`larmidi…

JURNALISTIK SURIShTIRUV

Birinchi Prezident qizi Gulnora Karimova ta`rifiga ko`ra, “Rustam Azimov yutib yuborgan” 10 mln. dollarlik zavod bugun bizni elektr energiyasi tanqisligi va qimmatchiligidan qutqara olishi mumkin bo`lgan katta loyihalardan biri bo`lgan bo`lsa ajab emas. Biroq, Islom Karimov olg`a surgan va farmon, qarorlar bilan mustahkamlagan muqobil energiya loyihalari qog`ozda qolib ketgan yoki mablag`lari egasini topishda adashib qolgan ko`rinadi. 

Muqobil energiya rivoji, elektr ta`minoti yaxshilanishi va narxlar barqarorligini saqlash uchun O`zbekistonda 2013 yilda quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi zavod barpo etishga 10 million AQSh dollari miqdorida mablag` ajratilgan edi. Bugungi kunda bu zavodning na xabari va na daragi bor. Ma`lumotlarga ko`ra, zavodga mas`ul sifatida o`sha davrda bosh vazir o`rinbosari hisoblangan Rustam Azimov nomi ko`rsatilgan. 

Islom Karimovning amalga oshmagan loyihasi

O`zbekiston Birinchi Prezidentining 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida mamlakatimizda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish strategiyasi belgilab berilgan edi. Unda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag`larini jalb etgan holda, quyosh va biogaz energiyasini qo`llash bo`yicha sinov va tajriba loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, ushbu energiya turlarini ishlab chiqaruvchilar va ulardan foydalanuvchilarni rag`batlantirish, ularga soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar taqdim etish, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasiga ilg`or texnologiyalarni joriy qilish, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida fotoelektrik panellar ishlab chiqaruvchi qo`shma korxona barpo etish ko`zda tutilgan.

Ushbu loyiha Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi (hozirgi investisiya va tashqi savdo vazirligi) hamda “O`zbekenergo”  tomonidan amalga oshirilishi belgilangan va unga 10 million AQSh dollari miqdorida mablag` ajratilishi ko`rsatilgan edi. Quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi zavod "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida joylashishi rejalashtirilgan. Mutaxassislar fikriga ko`ra, O`zbekistonning quyosh energetika salohiyati 50,973 million tonna neft  ekvivalentiga teng. Bu yurtimizda 300 kundan ortiq quyoshli obi havo bo`lishi bilan bog`liq. Shunday ekan, marhum prezidentning O`zbekistonda muqobil energetikani rivojlantirishga bo`lgan farmon va qarorlari istiqbolli ekanligini ko`rsatadi, ammo istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun, salohiyatli mas`ullar ham kerak.

Xo`sh, Karimovning mazkur farmon va qarorlar o`z o`rnida bajarildimi?

Bugungi kunda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 10 million AQSh dollari miqdoridagi mablag`lar jalb qilingan zavod ishlab kelmoqdami?

Energetika vazirligining rost24.uz saytiga bergan ma`lumotlariga ko`ra, Navoiy viloyatidagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida quyoshli panellarni ishlab chiqaruvchi zavod mavjud emas. Shuningdek, O`zbekistonga quyoshli panellar asosan Xitoy Xalq Respublikasidan import sifatida olib kiriladi. Islom Karimov “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonini imzolagan davrda esa Energetika vazirligi tashkil topmagan edi. 

2018 yilning o`zida Toshkent shahrida 638 ta ko`p qavatli uylar qurilgan. Bu 20 mingdan ortiq xonadon demakdir. Har bir yangi xonadon bu qo`shimcha elektr quvvati uchun yangi ehtiyoj deganidir. Elektr energiyasi quvvati Toshkent shahrida va umuman Respublika bo`ylab qurilayotgan uylar kabi shiddat bilan o`sib borayaptimi? Afsuski, yo`q. Hukumat hozircha, aholiga elektr energiyasini ishlatish bo`yicha cheklov va qimmatlashgan narxdan bo`lak narsani tavsiya eta olmadi. Shunday ekan, nima uchun Muqobil elektr energiyasini rivojlantirish to`g`risidagi 2013 yildagi Prezident farmoni 2021 yilga kelib bekor qilindi va unutildi. 

Shunday ekan 10 million dollarlik zavod qaerda?

2013 yilda o`sha vaqtda O`zbekiston Prezidentining qizi bo`lgan Gulnora Karimova ham Navoiyda qad rostlashi kerak bo`lgan, o`sha biz izlagan zavodni axtarib ko`rgan. Karimova zavod mablag`lari qaerga g`oyib bo`lganini Rustam Azimovdan surishtirgan. Rustam Azimov 2008 yil 22 noyabrdan 2016 yil dekabrigacha O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari — Moliya vaziri, makroiqtisodiy rivojlantirish majmuasi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Gulnora Karimova 2013 mart oylaridagi tvitlarining birida (tvitter tarmog`idagi xabar) shunday yozgan edi:

 “Navoiy erkin iqtisodiy zonasida Rustam Azimov boshchiligidagi quyoshli panellarini ishlab chiqarish loyihasi “tushunarsiz” va “yaxshi niqoblangan” Loyiha prezident qaroridagi jiddiy belgilangan talablarga qaramay maxfiy tarzda amalga oshirilmoqda. Loyihaga Norvegiya yoki Ispan kompaniyasidan maslahatchi chaqirilib, butlovchi qismlarni etkazib beruvchi mahalliy va qo`shma korxonalar tenderda siqib chiqarib yuborilgan” Gulnora Karimovaning tvitida aytilgan va Norvegiya yoki ispan kompaniyasidan maslahatchi chaqirilgan quyoshli panellarni ishlab chiqaruvchi loyiha va zavodning o`zi bugungi kunda tag tugi bilan amalga oshmagan. 

Ammo, Karimova nazarda tutgan mablag`lar qaerga ketgan? Bugun bu savollarga Rustam Azimov yoki boshqa mutasaddi javob bera olarmikan.

 

R/S: Rost24.uz sayti Rustam Azimov bilan bog`lanishga urinib, aloqaga chiqa olmadi. Azimov mazkur loyiha mablag`i va taqdiri haqida ochiq ma`lumot berishni istasa saytimiz ikkinchi taraf uchun doim ochiq. Balki jurnalistlar bilmagan bu erda yana qandaydir munozarali holatlar bo`lgandir. Biz bu borada barchaga minbar bera olamiz. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
16
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
02.07.2022 12:10
Ассалому алайкум Rost24 ходимлари сизларга мустахкам соғлиқ, ишларингизга омад тилайман. Ўзбекистон ни ривожланган давлатлар қаторига чиқиш ун. Президентни қолдириб қолган хаммасини ишдан хайдаб, халол Худони таниган,бировни хақига Зиёрат қилиш дан қўрқадиган, ватанпарвар,ёшларни қўса ўзгариши мумкин.
15.06.2022 04:34
Қойил сизларга. Журналист деган бундай бўлибди!!!
15.06.2022 02:21
Эртами кечми хамма "Сарой сирлари" очилади. Бунга мисол қўшни Қозоғистондаги бўлган воқеалар. Назарбоевнинг 30 йилдан кўп орттирган обрў-эътибори бир кунда ер билан яксон бўлди. Қинғир ишнинг қийиғи 40 йилдан кейин хам ошкор бўлади деганлари рост. Бизда хам 30 йил давомида давлат хазинаси талон-тарож бўлиб келмоқда, бўлмасам Ўзбекистон ўзининг табиий бойликлари ва мехнаткаш халқи билан дунёдаги илғор мамлакатлар қаторидан жой олган бўларди. Минг афсус давлат лавозимларида ноинсоф амалдорлар кўпчиликни ташкил қилади! Лекин бу харом пуллар уларга буюрмайди!
14.06.2022 23:51
Журналистларимизни борилигига шукур улар ҳаққий қиёфаларни очиб ташламоқда. Эртага бўлса ҳам очишларидан умидвормиз.
14.06.2022 15:28
10 mln li zavod nihoyatda arzon emasmi.