MUNOSABAT
Tilimizga yana bir so`z – “imidj” so`zi imi-jimida kirib keldi. Uning tilimizda muqobili, tarjimasi anchagina: yoqimlilik, joziba, jozibalilik, jozibadorlik, dilbarlik, ko`rkamlik, istarasi issiqlik, qiyofa, kelbat, siymo, turq, ro`y, aft kabi. Hofizlarni, raqqosalarni pardozlovchini ham “imidjmeyker” deyishardi. Har holda bu so`z tilimizga o`rnashdi. Endi hatto mamlakat jozibasi – “O`zbekiston imidji” haqidagi iboralar hujjatlarga, dasturlarga kira boshladi.
Tashqi ishlar vazirligimiz “Xalqaro arenada O`zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini mustahkamlash Konsepsiyasi”ni ishlab chiqibdi. Ortidan Iqtisodiyot vazirligi mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xalaqit beradigan muammolar o`rganilayotganini bildiribdi.
Britaniyada chiqadigan dunyoning eng nufuzli jurnallaridan biri bo`lmish Economist muxbiri, Markaziy Osiyo bo`yicha tahlilchi Joanna Lillisga ko`ra: “Prezident Mirziyoev juda ko`p narsalarni o`zgartirdi. U ommaviy axborot vositalariga ko`proq erkinlik berdi. Biz jamiyatda hali ham ayrim cheklovlar saqlanib qolayotganini ko`rsak-da, Prezident Mirziyoev O`zbekistonda mavjud bo`lgan muammolarni ochiq muhokama qilishga yo`l ochib berdi... Shavkat Mirziyoev prezident bo`lganidan keyin tashqi siyosat sohasida ham hamma narsani o`zgartirdi. U qo`shnilar bilan muloqot yo`llarini izlash va munosabatlarni yaxshilashga ham faol kirishdi... Men Mirziyoev O`zbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjini yaxshilab sarmoyalarni jalb qilishni xohlaydi, degan fikrdaman. Shuning uchun ham u O`zbekistonning xalqaro imidjini yaxshilash chora-tadbirlarini ko`rayapti. Buning ortidan qaysidir sohalarda yaxshilanish yuz berayapti”.
“Imidj” deganda xayolimga ko`p narsalar keladi. Nafaqat mamlakat, hatto bir inson o`laroq ham, odamning ham hammaga yaxshi ko`ringisi keladi, albatta. Masalan, uy qursak, odamlarning ko`ziga ko`rinadigan ko`cha tarafini yaltiratib suvoq qilamiz, marmar toshlar yopishtiramiz, chiroyli ranglarga bo`yaymiz, lekin ichkari tomoni loysuvoqligicha qolaveradi.
Buxoroning avvalgi davrdagi hokimi to aeroportdan shahar markazigacha uylarning hammasini mehmonlarning ko`zi tushadigan ko`cha tomondan ikki qavatli, plastik derazali qildirgandi, ichkariga kirsangiz labi uchgan qora o`choqlarni, nuragan o`ylarni ko`rardingiz.
Ustoz Shukrulloning ziyoratlariga borsam, oynai jahonga qarab o`tirgan ekanlar. “Nega televizor tinimsiz sportchilarni ko`tar-ko`tar qilyapti?!” – dedilar. “Ustoz, sport mamlakat va millatni dunyoga eng tez tanitadigan vosita emish, ular orqali O`zbekiston nomi dunyoga tanilar ekan, imidji yuksalar emish”, - dedim. “Ha, yaxshi, - deb bir xo`rsindilar-da, - xalqimiz avvallari aqli, ilmi, adabiyoti bilan dunyoga tanilgan edi”, - dedilar va jim bo`lib qoldilar. Keyin xulosa qildilar: “Sport tanni chiniqtiradi, muskulni chayir qiladi, lekin qalb-chi?! Ma`naviyat-chi?! Aql-chi?! Bunga ham e`tibor kerak! Devday bo`lsa-yu, miyasi ishlamasa, nima bo`ladi!”
Bugun “O`zbekiston imidjini yaxshilash” ustida ko`plar bosh qotirmoqda. Yozuvchilar va jurnalistlar kitoblar, maqolalar yozmoqda, olimlar tahlil qilyapti, hatto bu mavzuda dissertasiyalar ustida ishlayotganlar bor.
Afsuski, Shavkat Mirziyoev “qo`rquv davri” atagan chorak asr mobaynida tashqarida O`zbekistonning avtoritar va totalitar tuzum sifatidagi qiyofasi qattiq o`rnashdi. Shavkat Mirziyoevning boshlagan islohotlari, so`z erkinligi va ochiqlik siyosati, yurtga kirish-chiqish masalasidagi engilliklar, valyuta islohoti, yurtning investisiyaviy jozibardorlikni oshirishga qaratilgan harakatlar natijasida O`zbekiston imidji bir qadar yaxshilandi. Lekin hali islohotlarning ortga qaytmasligiga, barcha sohalarni, jumladan ma`muriy-siyosiy sohani ham o`z ichiga olishiga to`la ishonch qaror topganicha yo`q.
O`zbekiston imidjining asosi avvalo dunyo ko`z o`ngidagi xalqimiz, millatimiz martabasi, ya`ni o`zbek timsolidir.
O`ZBEKISTONNING JOZIBADORLIGI VA O`ZBEKNING TIMSOLI
Inglizlar juda qiyin o`zgaruvchi an`anaviy xalq, demokratiya kelsa ham qirollikni saqlab qolgan, shuning uchun uning konservativligi mashhur. Nemislar va`da qilingan erga vaqtida keladi, bir daqiqa oldin ham, bir daqiqa keyin ham kelmaydi, nemisning ana shu punktualigi sifatlanadi. Yahudiylarni hamma omilkor, puxta-pishiq deb biladi. Albatta, bu xislatlar ham hamma ellarda u yo bu darajada mavjud. Ammo millatning bo`rtib turadigan o`ziga xosligi ham mavjud.
Xo`sh, o`zbek qanday xalq o`zi?!
Bizda o`zbek millatining serfarzandligi, mehmondo`stligi ko`p aytiladi, lekin dunyo fikratiga hali bu xislat bilan o`rnashganimizcha yo`q. Mehnatkashligimiz, xokisorligimiz, kattalarga itoatkorligimiz, sitamlarga toqatliligimiz ham bor.
IMIDJIMIZNI NIMALAR YuKSALTIRADI?
Dunyo ko`z o`ngidagi va fikratidagi o`zbek va O`zbekiston qiyofasi, bir tomondan, yurtimizga kelib-ketuvchi sayyohlar, shu erda faoliyat yurituvchi xorijlik elchilar, biz bilan biznes qiluvchi tadbirkorlar orqali shakllansa, ikkinchi tomondan, O`zbekistonning dunyo hamjamiyati va boshqa davlatlar bilan aloqalarda o`zini tutishi hamda chet ellarga chiqqan va faoliyat yuritayotgan o`zbeklar va o`zbekistonliklarning o`zini tutishi, xulq-atvori, aqli va ilmi orqali shakllanadi.
Bir narsani aniq bilishimiz lozimki, o`sha O`zbekistonga kelgan va faoliyat yuritayotgan xorijliklar bizning ustini yaltiratib, “imidji”ni kelishtirib qo`yganimizgagina qaramaydi, hammasi go`zal bu yurtda, deb turgan televideniemiz va gazetalarimizgagina qarab xulosa qilmaydi. Ular avra-astarini ag`darib ko`radi.
Shu erda Rumiyni eslashimiz kerak: “Bo`lganing kabi ko`rin va ko`ringaning kabi bo`l!”
Sayyohlarni aytdik. Ana shu sayyohlar uchun qurilgan salobatli mehmonxonalarda munosabatlar, xodimlarning mehmonga, mijozga muomalasi ham salobatli bo`lishiga erishish kerak. Aeroportdan tortib to shu mehmon oyog`i tekkan har erda adolatli, insoniy munosabat bo`lsa, u xalqimiz va yurtimizni e`zozlab boshlaydi. Uning begonaligini sezib narxini uch barobar ko`targan lisenziyasiz “kirakash”larimiz, muzeylar, qadimiy obidalar atrofida o`ralashib, “yomon ko`zdan himoya qiladigan” deb toshcha sotadigan munchoqfurushlar orqali shakllanadi sayyohning biz haqimizdagi tasavvuri. Agar sayyoh pulini tushirib qo`ysa, topib olib qaytarsa bir o`zbek, o`sha sayyoh: “Voh, bu yurtda birovning haqidan hayiqadigan, mo`minlar yashar ekan!” – deb ketadi. Biz tushirib qoldirgani tugul, cho`ntagidagini ham bir yo`lini qilib shilishga urinsak-chi?!
Mamlakat ichidagi shohdan gadogacha, katta-yu kichik hamma o`zbeklik, o`zbekistonlik sha`ni va nomusini o`ylab harakat qilsagina, o`zini tarbiyali, nomusli, vijdonli, odobli, ma`rifatli va madaniyatli inson sifatida namoyon etsagina millat va yurt imidji ijobiy bo`ladi.
Xorijga chiqqan har bir o`zbekistonlik o`sha yurtda o`zbek ekanligini va o`zbekistonlik ekanligini har lahza yodida tutsa, birovlar bilan muomalada ham, oldi-berdida ham, biznesda ham mamlakatimiz, millatimiz va dinimiz sha`nini munosib tutsa, adolatli, halol va vijdonan o`zini ko`rsatsa, shunda o`sha chet elda O`zbekiston va o`zbek imidji yaxshilanadi.
Davlat o`z xalqining insoniy huquq va erkinliklarini himoya qilsa, sudlar adolatli bo`lsa, huquqni himoya qilish idoralarining o`zidan xalqni himoya qilishga to`g`ri kelmasa, mehnatkash xalqning mulkiy huquqlari muhofaza qilinsa, xalqning arzu dodiga quloq solinsa, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar ta`minlansa, o`shanda O`zbekistonning dunyodagi imidji yuksaladi.
Laganbardorlikka, madhiyabozlikka to`la gazeta va jurnallar, olqishlardan iborat televidenie va radio – O`zbekistonning imidjini ko`tarmaydi. Etmish yillik madhiyabozlik SSSRning dunyodagi obro`sini oshirmadi, chorak asrlik O`zbekistondagi matbuotning maddohligi davlat obro`sini ko`tarmadi, aksincha barcha reytinglarda eng oxirida yurdik. Zero, maqtovga liq to`la ommaviy axborot vositalari davlatning qudratini emas, riyokorligini ko`rsatadi.
O`zbekistondagi kamchilik va muammolarning oshkor etilishi uning xalqaro obro`siga putur etkazadi, deb o`ylaydigan kaltafahmlar ham hanuz topiladi. Aksincha, bugun O`zbekistonning dunyoda imidji ozroq yaxshilangan bo`lsa, bu so`z erkinligi paydo bo`lganligi, matbuotda tanqid ham joy topib, muammolar muhokama etila boshlangani uchundir. Hokimiyat xalq qabulxonalari ochib, odamlarning muammolarini hech bo`lmasa tinglay boshlagani uchundir. O`zbekistonni – ochiq davlat, o`zbeklarni muammolarni oshkor ayta boshlagan xalq deb bilganlari uchundir. Yana amaldorning og`ziga termulib mute bo`lib o`tirsak, madhiyabozlik, yaltoqilik qilsak, dunyo bir “xunasa” deb biladi, xolos.
Yuzlab ko`zlarning ostida, jamoat nazorati kuzatuvida ishlaydigan davlat mas`uliyatli bo`ladi. Xolis haqiqatlar yashirilsa, hali yo`q yutuqlar yanada oshirib-toshirilsa, nuqsonlar berkitilsa, rahbarlarda “ishlar zo`r ketayotgani”, fuqarolar “rahbarlardan rozi” ekani haqida xom-xayollar paydo bo`ladi. Korrupsiya urchib ketadi. Hokimiyat va xalq o`rtasida bo`shliq paydo bo`ladi.
Darhaqiqat, tanqid borligi uchun adolat qilinishiga majbur va adolat borligi uchun farovonlik barqarordir, chunki haqiqat aytilgan erda amaldorlarning o`g`riligi oson emas, o`g`rilik qilinmaydigan tuzumda esa farovonlik bordir. Bu bugun demokratik dunyoda qaror topgan sinoatni hatto o`z davrining bosh vaziri Alisher Navoiy ham bilar edi: “Shahikim, adl unda bunyod bo`lur, eli shod, yurti obod bo`lur”, - deb yozgandi.
Bugun har odamning qo`lida global tarmoqqa ulangan telefon bor va har bir inson onlayn tarzda ko`rganini yozishi va suratga olishi hamda dunyo bilan bo`lishishi mumkin. Hozir bu jarayonlarga aloqa provayderlar orqali ekani uchun biroz to`siq o`rnatsak, yurt ichida tanqidga yo`l berilmasa, ular xorij matbuotiga etadi va o`sha haqiqatlarni xorijiy kanallar va tarmoqlar gapiraveradi.
Shu kunlarda samoga ko`plab sun`iy yo`ldoshlar olib chiqilmoqda, ertaga ular butun er yuziga tekin internetni ulaydi. Insonlar pul ham to`lamasdan, tekin va to`siqsiz internetga ega bo`ladi, demakki, endi blok qilishning ham imkoni qolmaydi. Shuning uchun haqiqatga ko`nikish kerak, uni tinglashga tayyor turish lozim.
IMIDJNI NIMALAR PASAYTIRADI?
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirishi, unga ta`sir ko`rsatishi va bir qadar boshqarishi mumkin. Media hatto siyosatchilar va davlat imidjiga ham ta`sir ko`rsata oladi. Lekin medianing ta`sirini asosiy va yagona omil deb tushunish, matbuotning yurt imidjiga ta`sirini haddan ziyod yuksak deb bilish noo`rindir.
Dunyoning O`zbekiston haqidagi tasavvuri faqat gazeta va jurnallarni o`qib, internetni ko`rib shakllanmaydi. Ayniqsa hammasini bo`yab-bejab, pardozlab yozadigan va ko`rsatadigan maddoh matbuotimizni chet el tugul, hatto o`zimizning o`quvchi ham o`qiyotgani yoki ko`rayotgani yo`q. Hamma birozgina haqiqiatlar yozilayotgan internetni o`qish va ko`rish uchun telefoniga termulgan.
Chet elliklar matbuotdan tashqari qilayotgan ishlarimizga, siyosatimizga, iqtisodimizga, o`zboshimcha hokimlarimizga, sudlarda chiqarayotgan hukmlarimizga qaraydi, qop-qop gapirayotgan gaplarimizga emas, bu gaplarga amal qilish-qilmasligimizga nazar soladi.
O`zbekistonning Turkiyadagi elchisi, Alisher A`zamxo`jaevning intervyusini o`qing: diplomatlarimiz turkiyalik sarmoyador, katta tadbirkorlarni elchixonaga yig`ib: “O`zbekistonda yangi islohotlar boryapti”, “mulkingiz va sarmoyangiz himoyalanadi”, “mamlakatda qonun ustuvorligi o`rnatildi”, - deb imidjimizni ko`tarib turgan bir paytda, Turkiyaga kelgan O`zbekistondagi tuman, shahar hokimlaridan biri: “Ha, biz hamma sharoitlarni sarmoyadorlarga yaratamiz, keling, viloyat xaritasini oldingizga qo`yamiz, barmog`ingizni o`zingizga yoqqan joyga qo`ysangiz – o`sha joyni sizga olib beramiz”, - debdi. Turk biznesmenlari hayron: “O`sha erning egasi-chi?! Mulkdori-chi?! Mulkning himoyasi-chi?! Bugun uning erini bizga tortib olib bergan hokim, ertaga bizning biznesimizni tortib olmasligiga kafolat bormi?!”.
Bir tomonda “fermerda erning egasi tuyg`usini shakllantirish”, “mulk huquqini kuchaytirish” haqida so`zlab, bugun fermerga 50 yilga berilgan erni bir yil o`tmay “optimallashtirish” deb tortib olayotgan va boshqa fermerga berayotgan va yana ikki yildan keyin shu erni “restrukturizasiya” bahona olib qo`yib, yana boshqasiga (albatta, beg`araz, tekinga emas) qayta pullayotganlar, xabarlar tasmasiga qaraganda kunda va kunora er berish tufayli pora bilan qo`lga tushayotganlar imidjimizni tushiradi. Bu haqda yozayotgan jurnalistlar emas.
Bizdagi matbuot bo`g`ilsa, buni chetdagi matbuot yozaveradi.
Imidjimizni ko`tarish uchun buyuk tariximiz va ajdodlarimizni o`rganishimiz va targ`ib qilishimiz kerak. Shu bilan birga, o`zimiz ham shu bobolarga munosib bo`lishimiz kerak. Haq uchun dorga tortilgan Mashrabimiz, yurt uchun jon fido etgan sarbadorlarimiz, erk uchun kurashgan Qodiriy va Cho`lponimiz bor. Bugun esa ozroq tanqid yozgan “yangi jadid”larimizni ko`zini qo`rqitsak, imidj bo`ladimi?!
DARHAQIQAT...
Mamlakatimizda kechayotgan, Shavkat Mirziyoev olib borayotgan islohotlar O`zbekistonning jozibadorligini bir qadar oshirdi. "Fitch" va "S&P" xalqaro reyting agentliklari 2018 yil dekabrida yurtimiz tarixida ilk bor mustaqil kredit reytingini havola qildi. Jahon banki bizni dunyoda tadbirkorlikka madad berish bo`yicha ulkan islohotlar o`tkazayotgan 20 davlat qatoriga kiritdi. Britaniyaning "Economist Intelligence Unit" (EIU) tadqiqot tashkiloti Demokratiya indeksida yuqorilaganimizni ko`rsatdi. 2019 yilda 15 yillik tanaffusdan so`ng O`zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun muzokaralar boshlandi.
Shu bilan birga, anglashimiz kerakki, xorijiy sarmoyadorlarga va dunyoga taqdim etayotgan obrazimiz mavjud siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy realligimizga monand bo`ladi. Sarmoyador faqat reytinglarga va televizorga qarab qaror qabul qilmaydi.
Sarmoyador qarasa, nimani ko`radi? Bozor iqtisodida raqobat iqtisodda davlat ishtiroki kam bo`lgan joyda yuzaga keladi. Biz imidj uchun yuzaki o`zgarishlar qilib, hatto strategik bo`lmagan o`rinlarda ham davlat monopoliyasini saqlab o`tiraversak, davlatning itqtisodiyotdagi ulushi yuqoriligicha qolsa va har lahza hokimiyat va hokim tomonidan mulkning tortib olinishi xavfi saqlansa, katta biznes monopol holatidan voz kechmasa, kichik va o`rta biznes “yashirin iqtisod” zonasidan chiqmaydi va bu erga sarmoyador kelmaydi.
DARVOQE...
Jurnalistlar imidjni yuksaltirish uchun faqat mavjud holatni birozgina bo`yashi yoki ko`tarinkiroq usulda yozishi mumkin. Asosiy narsa real voqeligimizdir. Agar islohotlarimiz izchil bo`lsa, ishlarimiz halol va odil bo`lsa, korrupsiyaga qarshi kurashda chinakamiga yutuqlarimiz bo`lsa, bularni ko`rsatish orqali imidjimizni ko`tarishimiz mumkin. Lekin qilayotgan ishlarimiz maqtagulik bo`lmasa, jurnalistlar bu imidjni ko`tarib berolmaydi. Borini biroz oshirishi mumkin jurnalistlar, lekin amaldor pora olib tursa, monopolist mashinasini qimmat qilib tursa, chimkentlik samolyotiga Turkiyaga yarim narxda uchib tursa-yu, o`zbek poytaxtidan xuddi shu xil samolyotda ikki barobar qimmatga uchsa, jurnalist bunaqangi ahvolda imidjni ko`tarib berolmaydi.
Islom Karimov davrida aytilgan bir latifa bizga malol kelardi, lekin unda muayyan haqiqat bor edi. Islom Karimov maqtanib: “Mashina zavod qurdik – har bir uyda bittadan mashina bo`ladi”, - desa, Nursulton Nazarboev: “Bizda har bir qozoqning uyida bittadan o`zbek mardikor bor” – degan ekan. Bir yarim million o`zbek qozoqlarda, uch-to`rt million o`zbek Rossiyada mardikorlik qiladi... Imidj haqida o`ylaganda dunyo ko`rib turgan bu omillarni ham o`ylash lozim.
Imidjsiz mamlakat dunyo hamjamiyatining safiga kira olmaydi, xorijiy sarmoyalarni jalb etolmaydi. Dunyo bizga shunga qarab muomala qiladi. Mana, o`zimiz ham biror ashyomiz buzilsa: “Xitoyda qilingan-da” deymiz, yangi Osiyo avtomashinasidan ko`ra eski “Mersedes” olgan yaxshiligiga aminmiz, chunki xitoyning arzon va sifatsiz narsa yasovchi imidji bo`lsa, nemislarning istalgan texnikani mustahkam va pishiq qilishi ham ongimizga singan. Ijobiy imidj iqtisodiy samara ham keltiradi, demak.
Bizga yasama imidj emas, ob`ektiv joziba kerak.
Imidj yaratiladi, yasalmaydi.
Dunyo so`zga emas, amalga va ishga qaraydi.
Bu haqiqatni anglab olishimiz muhimdir.
Karim BAHRIEV,
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi.