Jahon bankining O`zbekiston iqtisodiyoti bo`yicha tashxislari e`lon qilingan hisoboti e`lon qilindi.
Hisobotda O`zbekiston iqtisodiyoti, banklar, boshqaruvchi qatlam tomonidan berilayotgan va`dalar va real holat haqida mutaxassislar tashxislari bir qancha bo`limlarga bo`lingan holda tahlil qilinadi.
Xususan, mamlakatda biznesga davlatning haddan ziyod ko`p va o`zboshimcha aralashuvi va buning oqibatlari, xususiy sektorning moliyaviy resurs va xizmatlarga nisbatan imkoniyatlari cheklanganligi, umumiy rivojlanishdagi o`sishning kambag`al qatlamlarni borgan sari kamroq qamrab olayotgani kabilar keskin bayon etilgan.
Hisobotga ko`ra, 2030 yilda o`rtacha daromadli mamlakatlar qatoriga kirish vazifasi uchun jon boshiga milliy daromadlarni yiliga 9-10%dan ko`paytirib borish kerak, ammo O`zbekiston tarixida bunaqasi hali bo`lmagan.
O`zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o`tish 30 yildan beri davom etayotgan deb hisoblansada, bu jarayon nihoyatda sekin kechmoqda va bozor iqtisodiyotiga o`tish aslida endigina boshlangan, deb hisoblaydi Jahon banki ekspertlari. Unga ko`ra, O`zbekistonda xususiy banklar asosan xususiy sektorlarga xizmat qiladi va kichik hajmli bo`lsada, davlat banklariga nisbatan ko`proq foyda keltiradi. Mamlakatda 19 ta xususiy bank faoliyat yuritadi, ularning ustav kapitali o`rtacha 48 mln AQSh dollarini tashkil qiladi. Banklar kredit portfelida aktivlar umumiy summaning o`rtacha 60 foizidan kam, likvid aktivlar va o`zaro majburiyatlarning hajmi esa taxminan 30 foizni tashkil etadi.
Davlat banklaridan farqli ravishda, xususiy banklar o`z operasiyalarini asosan chakana depozitlar hisobidan moliyalashtiradi, bu ular majburiyatlari umumiy summasining 60 foizini tashkil qiladi.
Qolgan moliyaviy resurslar xorijiy banklar va xalqaro moliya institutlari hisobiga (taxminan 15 foiz), shuningdek davlat korxonalari va davlat depozitlari hisobiga (taxminan 9 foiz) to`g`ri keladi.
Davlat tijorat banklari bilan solishtirganda, xususiy banklar aktivlar va o`z mablag`lari bo`yicha yuqori rentabellikka va yuqori samaradorlik ko`rsatkichlariga ega. Biroq, davlat banklari kattaligi va xodimlarining ixtisoslashuvi pastligi tufayli, xususiy banklarga nisbatan tranzaksiya xarajatlari kam va xodimlar mehnatiga haq to`lash past.
O`zbekistonning iqtisodiy o`zgarishlari dastlabki bosqichda va muvaffaqiyatga kafolat yo`q.
Nima qilish kerak?
Mazkur hisobotda xulosalar ham berilgan bo`lib, unga ko`ra O`zbekiston dunyoning boshqa mamlakatlaridagi sa`y-harakatlarning barbod bo`lishiga olib kelgan tuzoqlarni hisobga olgan holda, inklyuziv o`zgarishlarga erishish uchun eng muhim natijalarga e`tibor qaratishi lozim.
Muvaffaqiyatga erishish uchun rivojlanishning to`rtta yo`nalishi bo`yicha kuchli ko`rsatkichlarga erishish kerak bo`ladi: xususiy sektorning faolroq reaksiyasi, samaraliroq va xalqqa hisob beruvchi hukumat, xalqqa ko`proq foyda keltiruvchi investisiyalar kiritish ekologik jihatdan yanada barqaror iqtisodiy o`sish modeli.
Ma`lumki, O`zbekiston hukumati mamlakat 2030 yilga borib o`rtacha daromadli mamlakatlar qatoriga kirishini reja qilgan.
Moliya vaziri, makroiqtisodiy rivojlantirish, kambag`allikni qisqartirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o`zgartirishlar masalalari majmuasi rahbari Jamshid Qo`chqorov Gazeta.uz ga bergan intervyusida «Bizning prognozlarimizga ko`ra, 2030 yilga borib O`zbekiston aholisi soni 40 mln kishiga etadi, yalpi ichki mahsulot esa 160 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu bilan esa aholi jon boshiga to`g`ri keladigan YaIM 4000 AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Xalqaro moliya institutlaridagi hamkorlarimiz bu juda katta maqsad, deb aytishdi. Ha, biz buni tushunamiz. Lekin o`ylaymizki, davlatimiz rahbari rahbarligida bu maqsadga erishamiz», degan edi.