Bundan bir asr avval Turkistonni qoloqlikdan qutqarib, odamlarni savodli qilishga bel bog`lagan jadidchilik harakati namoyandalari yoshlarni Evropaga o`qishga yuborib mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan kadrlar etishtirishni maqsad qiladi.
Shu maqsadda 1922 yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga o`qishga yuboriladi. Katta orzular bilan boshlangan loyiha afsuski, hibslar, surgun, o`lim hukmi bilan yakun topadi.
Ularning ayanchli taqdiri haqida 18 may - Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan «Qatag`on qurbonlari xotirasi»muzeyida tashkil etilgan «Ular Germaniyada o`qigan edilar» nomli foto-ko`rgazmaning ochilish marosimida so`z bordi.
Muzey direktori Baxtiyor Xasanovning qayd etishicha, talabalarning Germaniyaga yuborilishi, ta`lim olishida o`sha vaqtdagi nisbatan badavlat bo`lgan o`zbek ziyolilari, xususan Fayzulla Xo`jaevning alohida o`rni bor.
- «O`sha davrda yoshlarimiz ichidan o`qiyman, deganini saralab olib, ilm-fan rivojlangan Evropa mamlakatlariga: Germaniya, qardosh xalqlardan Turkiya, Ozarbayjon (Baku) kabi davlatlarda o`qitish uchun o`zlari harakatlarini boshlaganlar. Mablag` taqchillik paytlarida katta rol o`ynagan insonlardan biri, Buxorodagi eng ko`zga ko`ringan boyning o`g`li bo`lgan Fayzulla Xo`jaevning roli nihoyatda katta bo`lgan.
Bizda Germaniya va «Baku»da yoshlarmiz uchun yotoqxona sotib olgani haqida ma`lumotlar bor», — deya tariflaydi u.
«Qatag`on qurbonlari xotirasi» muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom Irzaevning aniqlik kiritishicha, talabalarni Germaniyaga o`qishga yuborish 1922 yilning sentyabr oyidan dekabr oyigacha davom etadi.
«Keyin ham, yana talabalarni yuborishga harakatlar bo`ldi, biroq amalga oshmaydi, ya`ni bir martagina yuboriladi. 1924 yilga kelib esa ularni ona Vatanga qaytarish choralari ko`rila boshladi. Chunki, SSSR Fayzulla Xo`jaev yoki Akmal Ikromovlar kutgan kadrlarga ega bo`lishini istamadi. Shuning uchun 1924 yilning oxiridan stipendiyalar to`xtatilib, ularga bosimlar o`tkazilib, ayrimlarini kaltaklab o`ldirish, tahqirlash va ichlaridan josus tanlab olib, ichki axborotdan xabardor bo`lishga harakat qilinadi», — deydi u.
Shuningdek, Bahrom Irzaev talabalarning orasida ikkinchi sinf o`quvchisi ham bo`lganini aytdi:
«Talabalarning aksariyat qismi juda yosh bo`lgan. Ularning ichida to`qqiz yoshli, ya`ni ikkinchi sinf bola yoki 13-14 yosh bolalar ham bo`lgan. Ular hali o`zini anglagan bolalar emasdi… Yana aksar qismining ota-onasi «qizil»lar tomonidan otib tashlangan bolalar… Fayzullo Xo`jaev ularning jonini saqlab qolish uchun bir qismini Turkiyaga o`tkazish kerakligini aytadi. Ular yosh bo`lishiga qaramay, qisqa davrda Germaniyaning o`zida olim darajasiga ko`tarilgan. Doktorlik dissertasiyalarini yoqlagan. Ishlar tayyor bo`lganidan keyin, bir qismi aldanib (sovet davlati o`ldirmasa kerak, mening gunohim yo`q, degan fikrda) qaytib keladi. Bir qismi, aniqroq aytganda o`n uch nafari esa voqealardan maxsus xatlar orqali xabar topib Turkiyaga o`tib ketadi. Fikrimcha, bugungi Turkiyaning taraqqiyotida ularning salmoqli hissalari bor», deydi Irzaev.
O`sha bizga qaytib kelganlarning hammasi 1937 yilda qamoqqa olinadi va otib tashlanadi. Ilmiy doiralarga ma`lum yagona qabr umrini asosan tahqirlar, qamoq va surgunlarda o`tkazgan Maryam Sultonmurodovaga tegishlidir.
Jadidlarning bu rejasi amalga oshganda, turkistonlik yoshlar Vatanga qaytib o`z ilmlarini joriy etganlarida, qatag`onda minglab yoshlar qatliom qilinmay, qamalmay yurt rivojiga hissa qo`shganlarida O`zbekiston qanday bo`lardi?
Tarixchi Anvar Nazirovning fikricha, jarayonlar butunlay boshqacha bo`lardi.
«Mening fikrimcha, jadidlar bo`lganida, xususan Germaniyaga talabalarni yuborish loyihasi amalga oshganida, O`zbekiston ancha oldin mustaqil bo`lardi. Ya`ni 1991 yildamas, undan ham oldinroq. Bu borada ko`pgina tarixchilar, shu fikrga kelyapti, men ham shu fikrdaman. Masalan, Sattor Jabbor Germaniyada o`qigan inson, buyuk kimyogar. Uning barcha shogirdlari sovet davrida fanlar akademiyasi a`zolari, olimlar bo`lishgan. Bunga ko`plab misollar keltirish mumkin»,- deydi olim.
Millatimiz fidoyilari sabab ko`p merosimiz asralib qoldi, jiddiy islohotlar qilindi. Anvar Nazirovning ma`lum qilishicha, 1919 yili o`zbek tili yo`q bo`lib ketish xavfi juda katta edi. O`shanda Fitrat va Fayzullo Xo`jaev boshchiligida «Chig`atoy gurungi» paydo bo`lib, o`zbek tili saqlanib qoldi.
- O`sha reja amalga oshganida O`zbekiston bir asr yutardi. Turkiya singari rivojlangan davlat bo`lardi. Chegarasi boshqacha bo`lardi, dengizga chiqish yo`llari bo`lardi»,— deya so`zini yakunlaydi Anvar Nazirov.
Ma`lumot uchun: Manbalarda keltirilishicha, O`zbekistonda 1937 yil 10 avgustdan 1938 yil 1 yanvargacha o`n ming etti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan uch ming olti yuz o`n uch kishi qatl etildi, etti ming sakson etti kishi sakkiz-o`n yil muddatga qamoqqa tashlandi. O`sha yillari aholining barcha qatlamlari qatag`on girdobiga tushgan. Qatag`on, avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi.