TANIShTIRUV: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri kim va uning vazifalari nimalardan iborat?

14.05.2022 22:51

Nurdinjon Ismoilov 2020 yilda Qonunchilik palatasi spikeri etib qayta saylandi. U ilk marta 2015 yilda Qonunchilik palatasiga rahbar bo`lgan edi.

Nurdinjon Mo`ydinxanovich 63 yoshda, u 1959 yil 20 yanvarda Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanida tug`ilgan.

1980 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston milliy universiteti)ni huquqshunoslik yo`nalishi bo`yicha tugatgan. Yuridik fanlari nomzodi. 2012 yildan prezidentning Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik bo`yicha davlat maslahatchisi bo`lib ishlagan, bundan oldin — 2005−2012 yillarda — Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi bo`lgan. 1995 yildan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a`zosi.

Davlat mukofotlari: 1999 yil «Shuhrat» medali, 2004 yil «Do`stlik» ordeni, 2011 yil «Mehnat shuhrati» ordeni, 2019 yil O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yurist, 2021 yil Qozog`iston Respublikasi II darajali «Dostq» ordenlari bilan taqdirlangan.

Xo`sh, Qonunchilik palatasining spikeri qanday saylanadi, uning vazifalari qanday?

Spiker saylovdan keyingi birinchi majlisda Qonunchilik palatasining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolat muddatiga saylanadi.

Qonunchilik palatasi spikeri o`z vazifasini bajarish davrida siyosiy partiyaga a`zolikni to`xtatib turadi, shuningdek siyosiy partiya fraksiyasi tarkibiga kirishi, Qonunchilik palatasi qo`mitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.

Spiker yashirin ovoz berish orqali palata deputatlarining uchdan ikki qismidan ko`prog`ining ovozi bilan qabul qilingan qarorga binoan muddatidan ilgari faoliyatini to`xtatishi mumkin.

Qonunchilik palatasi spikeri:

1) Qonunchilik palatasi va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;

2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;

3) Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarni ma`qullash uchun Senatga yuboradi;

4) Qonunchilik palatasi qo`mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

5) O`zbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;

6) Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosarlari o`rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog`liq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;

8) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining ustavlarini, tahrir hay`atlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;

9) Kengash bilan kelishilgan holda Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;

10) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;

11) Senat, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o`zaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish ko`radi;

12) Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi;

13) Qonunchilik palatasi devoni faoliyatiga rahbarlik qiladi;

14) Qonunchilik palatasining xarajatlari smetasini shakllantirish va bajarishga doir ishlarga umumiy rahbarlikni hamda ularni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

15) Qonunchilik palatasiga ajratilgan byudjet mablag`laridan foydalanish to`g`risidagi farmoyishlarni imzolaydi;

16) O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, «Qonunchilik palatasi to`g`risida»gi Qonun va Qonunchilik palatasi Reglamentida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Qonunchilik palatasi spikeri o`zining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli.

Qonunchilik palatasining spikeri yo`qligida yoki u o`z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo`lmagan hollarda uning vazifalarini Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o`rinbosari, u yo`qligida esa Qonunchilik palatasi spikerining o`rinbosarlaridan biri bajarib turadi.

Eslatib o`tamiz, 2020 yilda ilk marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasida spikerning birinchi o`rinbosari lavozimi joriy etildi va bu lavozimga Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov saylandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
29
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
15.05.2022 11:03
Раис шу буладиган буса,палатадаги ишлар хам узига яраша эканлиги аник. Буни чикишларини бир икки марта кузатганман.
15.05.2022 10:57
Мукофотларини кайси хизмати учун оган хайронман.
15.05.2022 10:56
Раис шу буладиган буса,палатадаги ишлар хам узига яраша эканлиги аник. Буни чикишларини бир икки марта кузатганман.