Surxon gavhari Boysun Rost24.uz muxbiri ob`ektivida

10.05.2022 10:24

Padang qishlog`ida 7-8 may kunlari bo`lib o`tgan «Boysun bahori» xalqaro folklor festivali o`zbek xalq hayoti va san`atini o`zida namoyon etuvchi eng jozibador tadbirlardan biri bo`ldi. 

O`tmishdan baxshilar yurti sifatida shuhrat topgan Surxondaryoda o`tkazilayotgan «Boysun bahori» folklor festivaliga 2002 yil asos solingan va o`sha yili ilk «Boysun bahori» ochiq folklor festivali o`tkazilgan. 2004 yilgacha o`tkazilgandan so`ng negadir u davom ettirilmadi va 2004–2016 yillar qandaydir sabablarga ko`ra 13 yil davomida o`tkazilmay qoldi. 2017 yilga kelib bu tadbir qayta tiklanadi va har yili muntazam o`tkazib kelinadi.

Joriy yilda esa unga xalqaro maqom berilib, har yili emas, ikki yilda bir marta o`tkazilishi belgilab olindi. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi hamkorligida o`tkazilayotgan «Boysun bahori»  qadimiy go`shada betakror san`at udumlaridan bahramand qiladigan so`lim bahor  bayramiga aylanmoqda.

Turizm va madaniy meros vazirligidan ma`lum qilishlaricha, «Boysun bahori» xalqaro folklor festivalini  YuNESKO o`z shafeligiga oldi bu borada tashkilot rahbari nomidan Turizm va madaniy meros vaziri nomiga xat jo`natilgan.

Bundan ko`rinib turibdiki, Boysun tog`lari qadimiy va avlodlarga qanday bo`lsa shundayligicha etkazish kerak bo`lgan maskan.
 

YuNESKO tashkiloti 2008 yil Boysun tumani hamda 2021 yil baxshichilik san`atini Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritgan edi.
 

Nega aynan Boysun?

Boysun haqida gap ketganda so`lim va betakror bu go`shaning uzoq o`tmishga borib taqaladigan tarixi, o`ziga xos madaniyati, nafis san`ati, osmono`par tog`lariyu, tabiatining betakror go`zalligi, shifobaxsh zilol suvlari ko`z oldimizda namoyon bo`ladi.

 Qadimiy bu yurtdagi paleolit davriga oid insoniyat beshigi–Teshiktosh kamari, Amir Temur, Machay g`orlari, oltmish besh million yillik dinozavrlar izlari, o`z zamonida muhim istehkom, strategik inshoot vazifasini bajargan Uzundara, Qo`rg`onzal, Tumanqo`rg`on singari arxeologik yodgorliklari Boysunning boy tarixidan dalolat beradi. Shuningdek, bu makon bir asrlik tarixga ega Sayrob chinorlari, Omonxona shifobaxsh suvi, Tangisar qizil kanonlari, turli dardlarga shifo bo`ladigan dorivor giyohlari bilan jahonga tanilgan.

Sayyoramizdagi eng chuqur g`orlardan biri deya aytilayotgan, Boysuntog` tizmasida joylashgan Qora yulduz (Dar Star) g`orining uzunligi 2 ming 651 kilometrdan ziyodni tashkil etadi.

Insoniyatning eng qadimgi manzilgohlaridan biri bo`lgan Boysunda azaldan adabiyot, san`at, folklorshunoslik, milliy hunarmandlik keng rivojlangan.

Boysun «boylar qishlog`i»

Boysunliklar qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, kulolchilik, temirchilik, duradgorlik, qandolatchilik, kosiblik, ipakchilik kabi noyob kasblar bilan shug`ullanib, boy-badavlat yashagan. Bugun bu an`analar yuksak qadriyat darajasiga ko`tarilib, avlodlari faxr bilan davom ettirmoqda. 

Mato, gilam to`qish, kashtachilik, do`ppido`zlik, chanqovuz, do`mbira, sibizg`a, g`ajirnay yasash kabi xalq amaliy san`ati qayta tiklanib, dadil rivojlanmoqda. Shuning uchun Boysunning an`anaviy hayot tarzi, madaniyati boshqa hududlardan farq qiladi.

Boysunning tarifini kӯp bora eshitgandan bir marta bu maskanga kelib ketgan yaxshi, albatta. 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
10.05.2022 21:21
Афсус, Бойсун ўрнида Фориш бўлиши мумкин эди, аммо вилоят ҳокими тўп тепишдан бошқа нарсани билмайди