Toshkent chegarasida: Ariqdan suv ichamiz, «Biz mol emasmiz!»

08.05.2022 10:15

MAHALLANGIZDA MUAMMO BORMI?

Rost24.uz bu safargi so`rovnomasini Qibray tumani, «Oq Oltin» mahallasi «Jambul» ko`cha(daha)sida o`tkazdi.

Biz mahalla ahlidan so`ngi yillarda bo`lgan o`zgarishlar haqida, shuningdek, tuman hokimi, deputati kimligini tanishadimi yo`qmi, so`rab ko`rdik. 
Mas`ullar haqidagi savollarimizga javob bir xil bo`ldi: «YO`Q».

Bu javob cizu biz uchun yangilik emas. Chunki, loyiha boshidan buyon o`tkazilayotgan deyarli barcha so`rovnomalarimizda xuddi shunday javob olyapmiz.

«Mahalla raisi saylanishidan oldin rosa yugurdi, biz esa portalga yozaverdik-yozaverdik. Keyin, ikkita o`zgarish bo`ldi: biri eski gaz trubasini bir nima qilib ta`mirlashdi. Ikki yilcha oldin esa tokka yangi simyog`och (beton) qo`yishdi, bo`ldi. Boshqa o`zgarish bo`lmadi», — deydi suhbatdoshlardan biri.

Bizning mas`ullar kimligi, bo`layotgan o`zgarishlar haqidagi savollarimizdan ensasi qotgan mahalla ahli ichimlik suvi masalasidan gap boshlab ketdi.
 

«Mana, qarang, ariqdan qanaqa ahvolda suv oqyapti, ana qarang, ariqda mol turibdi!!! Oqayotgan narsalarga qarang! Shu ariqdan uyga shlangda suv o`tkazganmiz. Shu suvdan ichamiz!!! Biz odammizku, mol emasmizku»,— deydi bir onaxon.

Fuqarolarning aytishicha, uygacha olib kelingan suv har kuni kelmaydi. Murojaat qilinganda esa, mas`ullar «bo`ldi qilib beramiz», deyishadi. Ular ketgandan so`ng bir hafta suv keladi va yana to`xtaydi. 

- Yana ariqqa kunimiz qoladi. Ariqdagi suv ham dehqonlar kelganda keladi, - deydi ulardan biri.

Mahallada 44-maktabligi aytilgan xaroba ham bor. Aholi necha yillab e`tibor bo`lmay, ta`mirlanmagach u yopilgani, keyin o`quvchilar shaharga yoki boshqa mahallalarga tarqab ketgani haqida aytadi:

- Oldin 44-maktabda 100-120 o`quvchi o`qigan. Men ham bir vaqtlar shu erda ishlaganman. Hech e`tibor bo`lmadi. Keyin, qishda isitishga gaz, suv, yana bola soni kamligi aytilib yopildi. Bolalar hozirgacha, har erda tarqab o`qiydi.

Endi buni ta`mirlab ham bo`lmasa kerak. Imkoni bo`lsa, bolalar o`ynashiga stadionmi, iloji bo`lsa maktabmi, yo mahallaga bitta kichkina shifoxonami, qurib berishsa yaxshi bo`lardi,— deydi shu maktabda o`qituvchi bo`lib ishlagan onaxon.

So`rovnoma o`tkazayotganimizda aholi vakillari bir emas uch mahalla haqida fikr bildirishardi. Kimdir «Jambul» desa, yana kimdir «Oq Oltin»dan gap boshlaydi. Aniqlik kiritish uchun so`raganimizda uchta mahalla idorasi bitta - «Oq Oltin» mahallasi, deb javob berishdi. Bunga oydinlik kiritish uchun mahalla raisidan izoh oldik:

«Umumiy hudud «Oq Oltin» mahallasi hisoblanadi. Sizlar borgan joy «Jambul» ko`chasi. Masalan men «Jambul» ko`chasi 85 uyda o`zim yashayman. Bu erda izoh berilganda ham, ro`yxat qilganda ham, shunday to`ldiriladi», — deydi «Oq Oltin» MFY raisi Mirisbek Xoltursinov. Shuningdek, mahalla raisi suv masalasiga izoh bergan bo`ldi:

«Aholiga toza ichimlik suvini tortish masalasida ishlar ozgina to`xtab turibdi, bunga sabab shuki, quruvchimizga ajratilishi kerak bo`lgan mablag`ning 15 foizi o`tkazilgan. Qolgan pullar o`tkazib berilsa, ishni davom ettiradi»,— deydi u.

 

Biz holatni ko`rsatdik, xulosani har doimgidek siz berasiz.
 

Batafsil videoda ko`ring:

Rost24.uz saytining «Mahallangizda muammo bormi?» loyihasi yana davom etadi.

Biz bilan bog`laning va o`z mahallangiz muammosini kun tartibiga qo`ying (Murojaat qiluvchi haqidagi ma`lumotlar to`liq sir saqlanadi).

Murojaat uchun:

https://t.me/U_Qurbonov

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар