Bir yillik xarajati — 108 milliard so`m bo`lgan O`zbekiston siyosiy partiyalari va ularning etakchilarini yurtdoshlarimiz qanchalik taniydi?
Yillar davomida olib borilayotgan targ`ibot-tashviqot ishlari uchun ajratilayotgan mablag`lar o`zini oqlayaptmi?
Rost24.uz bu savollarga javob olish maqsadida kichik so`rovnoma o`tkazdi:
- Partiya etakchilaridan Alisher akani bilamiz, Xalq demokratik partiyasidan;
- ha, partiyalarni bilaman. Masalan, «kommunist partiyasi»;
- bilmaymiz. To`g`risini aytaymi? Siyosatga aralashmaymiz, foydasi yo`q;
- partiyalarning soni - 17tami, 15tami;
Batafsil videoda ko`ring:
Videoda ko`rganingizdek, bugun odamlar partiyalarning faoliyati bilan ko`p ham qiziqmaydi. Bu balki partiyalarimiz xalqning ichiga etarlicha kirib bormayotgani, turli hisobotlar ketidan quvib, yig`ilishlaru, faqat o`z a`zolari ishtirokidagi anjumanlardan nariga o`tmayotganliklari samarasidir.
Bugun siyosiy partiyalar haqiqatdan faol bo`lishi uchun yana Prezident tanqid qilishi kerakmi?
Saylovlar oldidangina harakatga tushib qoladigan partiyalarga elektoratiga bergan va`dalar qiziq emasmi? Bundan avval o`tkazgan so`rovnomalarimizda ham faqat ikki uch deputatnigina bilishlarini aytishgan.
Prezident 2017 yilgi partiya vakillari bilan uchrashuvida siyosiy partiyalar o`z elektoratiga bergan va`dalarini, saylovoldi dasturlarini to`la va samarali bajara olmayotganini ta`kidlagandi. Ular hanuzgacha mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o`zining mustahkam o`rnini egallay olmadi. Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti. Partiyaga tegishli bu gaplar oradan qariyb 5 yil o`tgan bo`lsada eskirgani yo`q. Hali ham partiyalarni holati o`sha-o`sha.
Xalqning cho`ntagidan beriladigan beminnat milliardlar
Bugun O`zbekistonda beshta siyosiy partiya faoliyat yuritadi va ularga har yili mamlakat byudjetidan milliardlab mablag` ajratiladi.
Jumladan, 2021 yil siyosiy partiyalarga davlat byudjeti hisobidan 100 millarddan oshiq mablag` ajratilgan. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ma`lum qilgandi. Unga ko`ra:
O`zbekiston Liberal demokratik partiyasi - 36 mlrd 564,9 mln so`m;
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi - 25 mlrd 818,4 mln so`m;
«Adolat» sosial demokratik partiyasi- 17 mlrd 000,4 mln so`m;
O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi - 16 mlrd 465,1 mln so`m;
O`zbekiston ekologik partiyasiga esa –12 mlrd 886,6 mln so`m berilgan.
Partiyalar quyidagi moliyaviy manbalardan ham foydalanishi mumkin:
– Partiya a`zolarining a`zolik badallari;
– O`zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan qonunga muvofiq beriladigan xayriya yordamlari;
– davlat byudjetidan qonunga muvofiq ajratilgan mablag`lar;
– qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;
– amaldagi qonunlarga zid bo`lmagan boshqa tushumlar.
Har yili partiyalar hisobiga kelib tushgan mablag`larning asosiy qismini aynan mamlakat byudjetidan ajratilgan pullar tashkil qiladi. Masalan, 2020 yilda O`zLiDeP hisob raqamiga tushgan pullarning 84 foizi, O`zMTDP ga tushgan mablag`larning 90 foizi, O`zXDP mablag`ining 52 foizini byudjetdan ajratilgan pullar tashkil qiladi.
Shuningdek, 2021 yil prezidentlik saylovi o`tkazilgani sababli byudjetdan jami 300 milliard so`m, har bir nomzod uchun esa 3 milliard so`mdan ajratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy saytida deputatlar siyosiy partiyalarning 2021 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to`g`risidagi hisobotlarini eshitishgani haqidagi xabarda esa aniq raqamlar keltirilmagan.
Biroq e`lon qilingan xabarda siyosiy partiyalarning mablag`larni sarflash va ularga doir hisobotlar shaffof hamda ochiq bo`lishi lozimligi haqida so`z boradi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilarli darajada oshganini, ularning joylarda aholini o`ylantirib kelayotgan muammolarni o`rganish va hal etish borasidagi ishlari faollashgani, elektorat bilan ishlash tubdan o`zgarganini ham qo`shimcha qilgan. Xo`sh, shunday faoliyat olib borilar ekan nega unda odamlar ularni tanimayapti?