Mutasaddlarga murojaat: Millatimiz  qaharmonining qabri o`zga yurtda qarovsiz qolgan

15.04.2022 14:22

O`zbekiston rasmiylari Madaminbek jasoratini qachon tan oladi?

Qirg`izistonda o`zbek millati qahramoni Muhammad Aminbekning qabri 100 yildan buyon qarovsiz holda turibdi. Sababi  milliy g`ururimiz sustligidami yoki mas`ullar tarixiy haqiqat oldida hamon ojizmi?

Mashhur “Sheryurak” filmini ko`rmaganlar bo`lmasa kerak. Film Shotlandiya mustaqilligi uchun kurashgan Uilyam Uollesning “Ozodlik”degan hayqirig`i bilan tugaydi. Negadir mazkur drama Uilyamdan ko`ra, Turkiston hurligi kurashchisi Madaminbekni (Muhammad Aminbek Ahmadbek o`g`li) eslatadi. Chunki Uilyam bo`rttirilgan, to`qimalarga zo`r berilgan obraz. Ammo yaqin o`tmishimizda sovet bosqinchilariga qarshi chiqqan Madaminbek jasorati chin haqiqat edi...

Ehtimol, Madaminbek o`zga xalqning farzandi bo`lganida avlodlari uni shon-sharafga burkangan, xotirasiga cheksiz izzat-ikrom ko`rsatgan bo`lardi. Afsuski, tarixda katta iz qoldirgan Madaminbek yodi bugun avlodlari orasida havas qilgulik holda emas. Chunki... 

Qirg`izistonning, Olay tog` tizmalari oralig`ida “Shig`ay” nomli ovloq hudud bor. Inson qadami deyarli uzilgan mana shu tog`lar orasida Madaminbekning qabri bir asrdan buyon xaroba holda yotibdi. Oradan shuncha vaqt o`tdiki, biror kimsa na qabrni topishga urindi, va na uni O`zbekistonga ko`chirish haqida o`yladi. Yoki bu er muhofaza qilinmadi. Har yili sel oqizib ketish xavfi bilan turgan qabrda quyidagi yozuv bor:

Muhammad Aminbek Ahmadbek o`g`li 

1892 – 9.04. 1920. 

Turing begim gunohlarni yuvaylik, 

Bosqinchini Ona yurtdan quvaylik. 

Faqat 1994-1996 yillarda O`zbekiston va Tojikiston xalq artisti Dadaxon Hasan boshchiligida bir nechta ko`ngilli yurtdoshlarimiz qabrni topib, belgi tariqasida tosh qo`yishadi, atrofini kichik temir panjara bilan o`rashadi. Hodisa o`shanda video tasmaga muhrlangan va san`atkor unda quyidagilarni aytadi:

“Bugun bir guruh farg`onalik yaxshi insonlar bilan odatdagidek Madaminbekning qabrini ziyorat qilgani kelyapmiz. Ma`lumingiz bo`lgayki, fidoyi bir o`zbekning farzandi Madminebek shu erda mislsiz qiynoqlardan so`ng hoyinona o`ldirilgan. Oradan 74 yil o`tibdiki, Muhammad Aminbek Ahmadbek o`g`li shu joyda “yotibdi”. Biz 1994 yili qabrni topib ziyorat qildik. O`tgan yili unga tosh qo`yib, belgilab ketdik. Mana bu yil atrofini panjara bilan o`rash uchun kelyapmiz. Madaminbek o`ldirilgach ustiga ko`p miqdorda tosh tashlab qo`yilgan ekan. 1958-60 yillarda kelgan sel toshlarni yuvib ketgan, ammo  jasad o`rnida qolavergan”.

Madaminbek hayotini tadqiq qilgan olimlardan biri, tarix fanlari nomzodi Nodirjon Abdulahatovga ko`ra, u 2019 yilda  Qirg`izistonda bo`lib qabrni ko`rgan. Uning aytishicha, o`sha vaqtda qabr tashlandiq holatda bo`lib, uni istagan vaqtda sel oqizib ketishi ehtimoli bor. Chunki, avvallari bu erda yashagan kam sonli aholi ham endilikda maskanda yashash xavfli va imkonsiz bo`lgani uchun boshqa joylarga ko`chib ketgan. Shuningdek, olim Madaminbek xotirasini abadiylashtirishga oid quyidagi takliflari bilan o`rtoqlashdi:

“Qahramonlarni tarixiy sharoit yaratadi. Madaminbekning hayoti ham tarixiy bir zarurat taqozosi o`z davrining o`chmas jasorati bo`lib qoldi. Ammo, qachon bu jasorat rasman tan olinadi, e`tirof etiladi?
Birinchi taklifim, Qirg`iziston hukumatiga xat bilan chiqib, qabrni O`zbekistonga  ko`chirish kerak. Yoki yurtimizda Madaminbek uchun biror yodgorlik barpo etilishi zarur. Shuningdek, uning nomida ko`krak nishoni joriy etilsa... 
9 may – Xotira kuni yaqinlashmoqda. Har yili bu kunda o`tganlar yod qilinib, tilovatlar tushiriladi, lekin o`zbekning mard o`g`loni Madaminbekning na yodgorligi, na qabri bo`lmasa kim ham uni eslaydi? 100 yildan buyon shu ahvol...

Men 2019 yilda qabrni o`z ko`zim bilan ko`rdim, atrofini o`t-o`lan bosgan, juda ayanchli holda edi. Afsuski, bu erda hozir odam ham yashamas ekan. Mana millat qahramoniga munosabat! Ko`kragimizni kerib bobolarimizning jasorati haqida gapirayapmiz, Madaminbekning o`tmishini yozib qanchasi olim bo`lyapti. U haqida asarlar, she`rlar, qo`shiqlar yozilmoqda, hatto dunyo olimlari uning o`tmishini tadqiq qilyapti. Qahramon esa qarovsiz  ahvolda...

E`tibor bergan bo`lsangiz, qo`liga qurol olib milliy ozodlik harakatiga kirgan, oqibatda “bosmachi” deb yo`q qilingan ota-bobolarimizning qaerlarga dafn qilingani ma`lum emas. Ammo, tarix ularning xotirasi uchun  Madaminbekning qabrini saqlab qoldi. Har holda bejiz bo`lmasa kerak... 

Bugun “bosmachi” deb qoralanganlar oqlanmoqda, faqat  bular qog`ozlarda, tillardagina qolib ketmay, amalda ham ularning jasoratiga ehtirom ko`rsatilsa, xotirasini abadiylashtirish yo`lida qadam tashlansa o`tmish va kelajak avlod oldida katta ish qilingan bo`lardi. Axir yaqinda Turkiyada Madaminbekning safdoshi,  o`zbek farzandi Shermuhammadbekka Turkiston ozodligi kurashchisi deb haykal o`rnatildi. Uning Adana shahridagi qabri obod qilindi. Bizdachi..?!

Qahramonlikning biror mezoni bo`lganida shaxsan men o`sha mezonning eng boshiga Madaminbekni qo`ygan bo`lardim... XXI asrda o`zbek yoshlari uchun milliy qahramon kerak. Agar Madaminbek qahramonligini yoshlarga tanita olmasak, kimni tanitamiz?”


Sovet davrida O`rta Osiyoda olib borilgan ozodlik harakatini “Bosmachilik”nomi bilan talqin qilish propagandasi yaxshi ishladi. Bu uchun taniqli o`zbek aktyorlari ijrosida qator filmlar suratga olindi. Bosh rolni  O`zbekiston xalq artisti Hamza Umarov ijro qilgan va o`z davrida katta shuhrat qozongan “Favqulodda komissar” filmida ham  Madaminbek va uning safdoshlari kallakesar, bosqinchi sifatida ko`rsatildi. Afsuski, mustaqillikka erishganimizdan so`ng ham ko`p yillar “bosmachi” tamg`asi yopishtirilgan vatandoshlarimni oqlash, ularning jasoratini rasman tan olishga jur`at etilmay keldi.

Faqat Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag`on qurbonlarining merosini yanada chuqur o`rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishidan so`ng bir qancha vatandoshlarimiz oqlandi, biroq farmoyish qabul qilinganiga 2 yildan oshgan bo`lsa-da, bu vaqt mulozimlar qalbida Madaminbek jasoratiga xayrxohlik tuyg`ularini uyg`ota olmadi, yoki «yuqorida» hamon tarixiy haqiqat oldida ojiz mutasaddilar bormi?  Yo`qsa, shu kungacha yurtimizning millionlab ko`chalari, minglab maktablari, sanoqsiz jamoat joylaridan biriga millat qahramonining nomi ravo ko`rilgan bo`lmasmidi?  Shuningdek, yozuvchi Baxtiyor Abdug`afurning Muhammad Aminbekning shonli tarixi aks ettirilgan “Madaminbek: qonli gullar vodiysi” romani ham ayni mustaqillik yillari  10 yillab taqiq ostida chop etilmay kelgani sir emas.

Yozuvchi asar va Madaminbek shaxsiga ayni damdagi munosabat haqida shunday deydi:

“Romanni 2003-2009 yillarda yozdim. 2009 yilda roman qo`lyozmasini bir necha davlat va xususiy nashriyotlarga olib bordim. Hech qaysi nashriyot bosmadi. Davlat nashriyotidagilar ochig`ini aytishdi: «Mavzu qaltis, mumkin emas!..» Hayron bo`lardim, nimasi qaltis bo`lishi mumkin?! Istiqlol uchun kurashgan bek yigitlar haqida bo`lsa, bu dorilamon kunlarga xalqimiz osonlik bilan etib kelmagan bo`lsa! Faqatgina xususiy nashriyot «Akademnashr» rahbari Sanjar Nazar akaning yordamida 2018 yilga kelibgina, yozilganidan salkam o`n yil o`tib roman dunyo yuzini ko`rdi. Mustaqil bo`lganimizga 30 yildan oshgan bo`lsa ham biz hali Madaminbek shaxsiyatini  rasman oqlay olganimiz yo`q. Bu menimcha, ayrim mas`ullarning, hali ham tarixiy haqiqatni bilmasligi yoki ularda hanuz qandaydir istohala yoki qo`rquvlar mavjudligi tufayli deb o`ylayman”.

Shu o`rinda savol tug`iladi: Nima uchun Farg`onada tug`ilib o`sgan Muhammad Aminbekning qabri Qirg`izistonda qolgan? Shu va boshqa savollarga javob topish uchun tarixchi olimlar Qahramon Rajabov va Nodirjon Abdulahatov taqdim qilgan tarixiy izlanishlarga to`xtalamiz:

"Madaminbek birinchi jahon urushi arafasida chor Rossiyasi hukmronligiga qarshi bosh ko`targan. 1914 yili qamoqqa olinadi. Sud Madaminbekning o`zi tan olmagan ayblar – qotillik va o`g`rilikni ham unga to`nkab, 14 yilga Sibirdagi Nerchinsk degan joyga katorgaga hukm qiladi. 1917 yil fevral inqilobidan keyin siyosiy mahbus sifatida Madaminbek ozodlikka chiqadi va Marg`ilonga qaytib keladi. “Sho`roi ulamo” jamiyatining rahbarlari, ya`ni ulamolar kengashi uni shahar mirshablari boshlig`i – qo`rboshisi lavozimiga tavsiya etishadi. 

Madaminbek qisqa vaqtda harbiy mahorati bilan shahardagi tartibsizliklarga barham beradi. Ammo u bu lavozimda bir yildan ortiq ishlamaydi, chunki bolsheviklarning Farg`ona vodiysida tinch  aholiga nisbatan vahshiyona harbiy harakatlaridan g`azabga kelgan Madaminbek 1918 yili o`z otryadi bilan ularga qarshi kurashga otlanadi.  Bu kurashda el unga ishongani uchun ortidan ergashadi. Madaminbek shundan so`ng oradan bir yil o`tar-o`tmas 28 yoshidayoq 25 ming kishilik qo`shinga qo`mondonlik qiladi. 

Natijada, Farg`ona vodiysida eng yirik kuch Madaminbek armiyasi bo`lib qoladi. O`sh atroflaridagi rus qishloqlari aholisini talonchi to`dalardan  mudofaa etish maqsadida tashkil etilgan dehqonlar armiyasi qo`mondoni I.Monstrovga 1919 yili 27 avgustida yuborgan maktubida Madaminbek bolsheviklarga qarshi qurol ko`tarishining asl sababini to`la to`kis bayon etadi. Xatga ko`ra, bolsheviklar odamlarning bor-budini tortib olib aholini ochlikka giriftor qilgan. Qachonki xalq ochlikdan qirila boshlagan paytda bolsheviklar bir burda nonni ham berishni ravo ko`rmagan edilar. Chunki o`sha vaqtlarda Farg`ona aholisining ahvoli chindan ham juda og`ir  holatda bo`lgan. Bu haqda Farg`ona viloyat ocharchilikka qarshi kurash komissiyasining ma`lumotnomalarida quyidagilar qayd etilgan: “Ocharchilik yillarida... ochlarning ko`pchiligi turli sun`iy mahsulotlar o`tlar bilan tirikchilik qilishar, buning oqibatida ayniqsa bolalar o`rtasida kasallik va o`lim hollari kuchayardi… Shaharlar ochlar bilan to`lib ketgan bo`lib, ularning bir qismi qabristonlardagi machitlarda turishardi, shuningdek ko`chalarda yotishardi. Bularning hammasi ochlik va xonavayronlikdan qochib kelgan mahalliy aholi edi”.

Xalqning bu qadar og`ir ahvolga tushib qolganligi Madaminbekni bolsheviklarga qarshi kurashga majbur etgan. Darhaqiqat, bosqinchilarning o`lkada olib borgan qonli siyosati har qanday diyonatli vatanparvar kishi qalbida g`azab va nafratni uyg`otishi shubhasiz edi. Zero, o`sha vaqtlarda yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarini musodara qilish, zo`rlash, tortib olish bolsheviklar siyosatida odatiy holga aylangan. Chunonchi, bolsheviklar hukumatining “Harbiy kommunizm siyosati” tufayli oziq-ovqat razvyorstkasi aholini ochiqdan-ochiq talashga olib keldi va bu tez orada mamlakatda  bir necha yildan beri davom etib kelayotgan ocharchilikni yanada dahshatli tus olishiga sabab bo`ldi. Yuqorida keltirilgan ma`lumotlardan ko`rinib turibdiki, Madaminbekning bolsheviklar hokimiyatiga qarshi kurashi bu xalqning talab va istagi asosida yuzaga kelgan. 

Madaminbekning qahramonliklari to`g`risida Shahobiddin Yassaviy “Turkiston achchiq haqiqatlari” kitobida quyidagilarni yozib qoldirgan edi: 

“Muhammadaminbek, Marg`ilon, Suvchi (So`kchi) mahallasidan. Nihoyat siyosatdon, botir tadbirkor, qahramon. Ozod Turkiston quruvchi nomdor bo`lgan baxtsiz bu buyuk toymos, qo`mondonni tanitmoq uchun har qancha so`zlasak arzishga egadir. Haqiqatan din, vatan va millat  fidosi bo`ldi”.

Afsuski, Madaminbekni umrining so`ngi yo`llari ayanchli bo`ldi. Bu haqda taniqli tarixchi olim Qahramon Rajabov shunday yozadi: 

“Madaminbek bilimdonligi va tashabbuskorligi, o`zining demokratik qarashlari va harbiy salohiyati bilan boshqa qo`rboshilardan ancha ustun turgan. U xalq orasida kuchli mehr-muhabbat va katta obro`ga ega edi. Tabiiyki, bunday milliy qahramon va milliy mafkura tarafdori bo`lgan hamda milliy g`oya va istiqlol uchun otashin kurashgan Madaminbek singari yo`lboshchi sovet rejimi uchun juda xavfli edi. Shu sabab, Madaminbekning halok bo`lishidan birinchi navbatda ular manfaatdor edi. Adolat yuzasidan aytganda, Madaminbekning ayrim ishlari ba`zi o`zbilarmon qo`rboshilar va ulamolarga ham yoqmasdi. Istiqlolchilik harakatidagi bunday ziddiyatli holatlar Madaminbek qismatining fojiali tugashida o`z ta`sirini o`tkazmay qolmadi”. 

Uning qoniga o`ch bo`lgan kimsalar Madaminbekni aldov yo`li bilan Qirg`izistonning Novqat hududiga olib ketganlar. Shu erda  uning ko`rnamak quroldoshlari unga “so`nggi hukmni o`qidilar”. Bu haqda Alisher Ibodinov shunday yozadi: “Bek u erda ikki kun hibsda yotadi... Xuddi shu kuni Marg`ilondagi Madaminbekning uyiga bir guruh noma`lum otliqlar bostirib kirib, uyiga o`t qo`yadi. Shaharda ommaviy tartibsizliklar boshlanadi. Qo`shinlar Skobelevga hujum boshlaydilar. Qisqa muddatda Farg`onada yana urush olovlari gurullay boshlaydi. Hozirgacha rasman amalda bo`lgan tarixga ko`ra, 1920 yil 14 may kuni Xolxo`janing yigiti  jallod Soqit ponsod tomonidan Madaminbekning boshi tanasidan judo qilinadi.

Mash`um qotillar Madaminbek kallasini boshqa xiyonatchi kimsalarga ko`z-ko`z qilgandek yuborgan. Ular esa bu “tuhfani” bolsheviklarning maxsus bo`limi xodimlariga ko`rsatib, hatto ulardan buning evaziga “suyunchi” ham olganlar. Ammo Madaminbekning aziz boshini bu tarzda xor qilib qo`ymaslik uchun bekning ixlosmandlari qotillar qo`lidan kesik boshni sotib olgan va kallasini tanasiga tikib, izzat-ikrom bilan dafn etadilar”. 

Gapning qisqasi,  “O`likka er qahat emas, istagancha topiladi, ammo negadir odamlar o`z yaqinlarini duch kelgan joyga ko`mib ketaverishmaydi”. Edigey tilidan aytilgan bu kinoya ayni bizning millatga qaratilganday... 

Yo`qsa, bugun Madaminbekning  «Tashkent siti»lar barpo qilayotgan avlodlari, uning g`arib qabrini obod etishga, millat qahramoni uchun hech bo`lmasa bir yodgorlik o`rnatishga, uni yod etishga yaragan bo`lardi. 

Shoir aytganidek: Xulosa  o`zingizdan...


Maftuna KARIMOVA, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
19
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
11.07.2022 17:49
Бобурномада Бобур хазратлари езадилар Маргилоник йигитлар мохир жангчилар эди...дейди Мухаммадаминбек узбекни мард углони
04.06.2022 17:40
Qabrini tug‘ilgan shahriga ko‘chirib olib kelish va hurmatini joyiga qo‘ysak savobli ish bo‘lar edi.
30.05.2022 16:22
Мухаммад Аминбек. Ифлос большевикларни курбони булган
30.05.2022 16:19
Мухаммад Аминбек. Узбекнинг мард углони. Кабрини Маргилонга олиб келиш керак
16.04.2022 22:22
Agar qahramonlar shu ahvolda bo’lsa kim ularga havas qiladi, kimam ularga o’xshashni g’urur deb biladi? “Haaaa vatan uchun jon fido qilish mana shunaqa xor bolib yotish bolsa bunaqa qahramonlik qilishni nima keragi bor” demaydimi ? Vatanparvarlikni mana shunaqa odamlarimizni ko’kka ko’tarib singdirish kerak yoshlarga, toki ularga o’xshab yashashni fahr deb bilishsin!
16.04.2022 20:56
Мен Мадаминбек тугрисида укигандим, Шуролар билан сулх тузади, халкни талаш улдириш билан шугулланган босмачилар тудасини инсофга чакирмокчи булади ва Куршермат билан учрашувга чикканда Мадаминбекни отиб улдиришади,- дейилганди.
16.04.2022 01:55
Кахрамонларимизнинг кахрамонликларини билмаслик бизни хакикий мустакиллигимизни топишга изн бермайди деб биламан.
16.04.2022 01:32
Ҳақиқат гаплар! Бу инсоннинг номини ҳеч бўлмаганда туғилган жойи Марғилонда абадийлаштириш керак. Миллатимиз ўз қаҳрамонларини билиши лозим!
15.04.2022 21:23
Хукуматга ва парламентга мурожаат йуллаш керакми, Мир Алишер Навоий ва Захириддин Бобурларни кабрлари хам каровсиз, бор макбара хам бузилган.