Mehnat qonunchiligini Mehnat vazirligi tizimi buzmoqdami?..

19.10.2021 07:48

Farg`onaning Buvayda tumani Aholi bandligiga ko`maklashish markazida mehnat qonunchiligi buzilgani yuzasidan fuqarolar murojaat bilan chiqdi.

Bu munozarali masalani jurnalist Sharifa Madrahimova o`rgandi.

Ramazon hayiti kunida dam olish bo`lishiga qaramasdan Buvayda tumani Aholi bandligiga ko`maklashish markazi ishchi-xodimlari majburan ishlatilgan. Eng ajablanarlisi, bu majburiy ishlatilgan xodimlar "Aholi bandligiga ko`maklashish" markazi ishchilari ekanidir. Qonun shu erdan buzilsa, arz-dodingni kimga aytasan?..

2021 yilning 10 may kuni «Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida"gi Prezident qarori chiqqan edi. Qarorga binoan, o`zbekistonliklar Ramazon hayiti munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam olishgan.

Farg`ona viloyati Buvayda tumani Aholi bandligiga ko`maklashish markazi ishchi-xodimlari 14 may kuni ishga jalb etilganini aytmoqda. Ular yagona isbot sifatida markazning telegram ijtimoiy guruhida berilgan topshiriqlarni ko`rsatishmoqda. Ularga ko`ra, boshliq xodimlarni kech soat 18:00 – 19:00 gacha ishlashga, ma`lumot tayyorlashga majburlagan.

Tabiiy savol tug`iladi. Dam olish kuni ishga jalb etilgan xodimlarga qo`shimcha to`lovlar to`lab berilganmi?

Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun kompensasiya va haq to`lash Mehnat Kodeksning 157-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Qolaversa, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo`llanilishi mumkin.

Bayram kunidagi qo`shimcha ish kuni uchun to`lovlar berilganmidi? Biz savolga javob olish uchun bandlik markazi xodimiga murojaat qildik.

– Yo`q, – dedi ismi sir qolishini istagan xodim. – Ismimni aytsangiz tashkilot rahbari meni ham turli bahonalar bilan ishdan bo`shatib yuborishi mumkin. Sababi, biz o`zimiz mehnatkashlarning haq-huquqini himoya qiladigan tashkilot bo`lsak ham bizning huquqimizni, mehnat sharoitlarimizni hech kim himoya qilmaydi. Rahbarning noqonuniy talablariga bo`ysunmagan xodimlar turli bahonalar bilan ishdan bo`shatiladi. Masalan, davlat mehnat huquqi inspektori Zafar Qurbonov, yana bir xodimimiz Ahror Xolmatovlarning boshiga shunday kun tushdi.

– Nega 2021 yil 14 may kuni bo`lgan holatni endi oradan shuncha vaqt o`tib ochiqlayapsiz?

– Agar o`sha paytda bu mavzu haqida gapirganimda, rahbarlar bizga darrov "Mehnat" kodeksida ko`rsatilganidek, qo`shimcha to`lov qilishar, uni buyruqlashtirib, xodimlarning yozma roziligini olib, go`yoki majburiy mehnat bo`lmagandek hamma hujjatlarni tekislab qo`yishardi. Endi oradan shuncha payt o`tib gapirayotganimga kelsak, hozir mutasaddi tashkilotlar agar tekshirish o`tkazishsa, ishxonamizda mehnat qonunchiligi buzilgani isbotlanadi, – deya javob qildi xodim.

Jurnalist bu masala yuzasidan markaz rahbari Elyorjon Tursunovdan izoh oldi.

– Ha, o`sha kuni 14 may Prezident qaroriga muvofiq dam olish kuni hisoblangan. Shu kuni soat 13:00 da Prezident selektori borligi uchun men hokimiyatga selektorga borim. Ammo ishchi-xodimlarimiz ishga chiqqani yo`q. Telegramm guruhiga yozilgan topshiriqqa kelsak, haqiqatdan ham uni men 14 may kuni yozib qo`yganman. Kimdir uyida bajargan bu topshiriqni, kimdir dushanba 17 may dushanba kuni ishxonaga kelib bajargan. 14 may kuni hech kim topshiriqni bajarishga majburlanmagan, – deya javob qildi Elyorjon Tursunov.

Elyorjon Tursunovga ko`ra, topshiriqni 17 may kuni bajarish mumkinligi aytilsada, telegram guruhida vazifani yakunlash sanasi “14 may kuni soat 18:00gacha” deb ko`rsatilgan.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston Respublikasi "Mehnat" kodeksining 124-moddasida xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo`llanilishi mumkin. Ish smenasining muddati o`n ikki soatdan iborat bo`lganida, shuningdek mehnat sharoiti o`ta og`ir va o`ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo`l qo`yilmaydi.

Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun kompensasiya va haq to`lash ushbu Kodeksning 157-moddasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар