Rost.uz saytida e`lon qilingan videomurojaatga Oliy sud munosabat bildirdi

13.07.2021 18:57

Saytimizda “247 ming dollaridan ajralgan xitoylik investor O`zbekiston sudlaridan adolat izlamoqda” sarlavhali maqola e`lon qilingan edi. 

Xitoylik investor videomurojaat orqali  O`zbekistonda hamkorlari tomonidan aldanganligi, ba`zi bir hujjatlar soxtalashtirilganligi bo`yicha O`zbekiston sudlaridan yordam so`ragan edi.

Rost.uz saytida e`lon qilingan ushbu maqola bo`yicha Oliy sud o`z munosabatini bildirgan.

Unda shunday deyiladi:

Dastlabki tergov organi tomonidan Igor Li Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi, 168-moddasi 4-qismi “a” band, 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi, 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 228-moddasi 3-qismi bilan aybdor, deb topilgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudining 2021 yil 23 martdagi hukmiga ko`ra uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo`lmaganligi sababli Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitasiya qilingan.

Sudning hukmiga ko`ra dastlabki tergov organi tomonidan 2014 yil 9 iyunda S. Xegay va Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Chi Zityan ustav jamg`armasi 4 000 000 so`m bo`lgan «Global Bridge» MChJni tashkil etgan.

2014 yil oktyabr oyi boshlarida jamiyat ustav jamg`armasini va ishtirokchilar sonini oshirish maqsadida Igor Li jamiyat direktori lavozimida faoliyat yuritib, XXR fuqarolaridan 63 000 AQSh dollarini naqd pul shaklida olgan, o`sha davrda valyuta kursi bo`yicha ushbu summa 190 000 000 so`mni tashkil qilib, shundan 95 000 000 so`mni Chi Zityandan, 95 000 000 so`mni Xe Fujundan olgan.

Shundan so`ng 2014 yil 8 oktyabr kuni Igor Li Chi Zityan va Xe Fujunlarning Toshkentda yo`qligidan foydalanib, aldov yo`li bilan XXR fuqarosi Fu Yulong ishonchiga kirib, «Ipak yo`li» bankining Mirzo Ulug`bek filialiga taqdim qilish zaruriyati va rasmiyatchilik uchun deb, Chi Zityan va Xe Fujunlarning daromad manbai haqida arizalari kerakligini aytib, undan xitoy tilida Chi Zityan va Xe Fujunlarning nomidan I. Li va S. Xegaydan ularning har biri 95 000 000 so`mdan qarz olishgani haqida yozdirib olib, so`ng o`zi yozuvlar kiritgan.

Ustav jamg`armasi oshirilgach, 2014 yil 27 oktyabrdagi jamiyatning umumiy yig`ilishi bayonnomasiga ko`ra Xe Fujun jamiyat ishtirokchisi tarkibiga kiritilib, jamiyat ustav jamg`armasi 380 000 000 so`mga oshirilgan. Shundan S. Xegay ulushi 190 000 000 so`m (50 foizni), Chi Zityan ulushi 95 000 000 so`m (25 foizni) va Xe Fujun ulushi 95 000 000 so`m (25 foiz) ni tashkil qilgan.

2015 yil 15 aprel kuni Chi Zityan jamiyatdagi o`z ulushini Xe Fujunga o`tkazib bergan va o`zi jamiyat ishtirokchilari ro`yxatidan chiqib ketgan.

2015 yil 14 iyun kuni Toshkent shahar hokimining 2015 yil 4 iyundagi 506-sonli qarori bilan «Global Bridge» MChJga tibbiy buyumlar qadoqlash sexini qurish uchun Bektemir tumanidan 3 gektar er maydoni ajratilgan bo`lsa-da, Igor Li 2014 yil 30 oktyabrda ushbu er maydonini ajratilishiga erishish maqsadida davlat organlaridan ushbu erni sotib olish lozimligi haqida Xe Fujunning ishonchiga kirib, uning 120 000 AQSh dollari pullarini olib o`z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

2016 yil 15 martda Toshkent shahar xo`jalik sudining qarori bilan da`vogar S. Xegayning javobgar ta`sischi Xe Fujunni «Global Bridge» MChJ ishtirokchilari ro`yxatidan chiqarish haqidagi arizasi javobgar yoki uning vakilining ishtirokisiz qanoatlantirilgan, ustav jamg`armasidagi haqiqiy ulushini berish sharti bilan Xe Fujun jamiyat ishtirokchilari ro`yxatidan chiqarilgan.

Mazkur qarorga asosan 2016 yil 28 aprel kuni Bektemir tuman hokimiyati huzuridagi «Yagona darcha» orqali «Global Bridge» MChJ nizomi yangi tahrirda ro`yxatdan o`tkazilib, S. Xegay jamiyatning yagona ta`sischisi bo`lgan.

2016 yil 6 iyunda Oliy xo`jalik sudi kassasiya instansiyasi tomonidan «Global Bridge» MChJ ishtirokchisi Xe Fujunning 2016 yil 15 martdagi Toshkent shahar xo`jalik sudining qaroriga nisbatan yozgan shikoyati ko`rib chiqilgan.

Ushbu instansiya tomonidan sud qarori bekor qilinib, yangi qaror qabul qilingan. Da`vogar S. Xegayning da`vo talablari rad qilingan.

Igor Li Chi Zityan va Xe Fujun pullari va mol-mulklarini egallashni yagona maqsad qilib, turmush o`rtog`i bilan birga qarzni va keltirgan zararni Chi Zityan va Xe Fujundan undirish haqida fuqarolik tartibida da`vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudiga murojaat qilgan hamda sudning 2018 yil 15 oktyabrdagi qaroriga ko`ra, Igor Li foydasiga Xe Fujundan 137 679 395 so`m, S. Xegay foydasiga Chi Zityandan 95 000 000 so`m undirilishiga erishganlikda ayblangan.

Mazkur hukmga nisbatan Bektemir tuman prokurori tomonidan apellyasiya protesti, jabrlanuvchining vakili tomonidan esa apellyasiya shikoyati keltirilgan bo`lib, Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasiga 2021 yil 12 may kuni kelib tushgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasida jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan apellyasiya instansiyasida ko`rib chiqilmoqda. Navbatdagi sud majlisi 2021 yil 15 iyul kuniga tayinlangan.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari

bilan hamkorlik boshqarmasi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар