Iyun oyida IIV xodimlarining maoshi oshishi kutilmoqda. Profilaktika inspektorlarining maosh qancha?
Rost24.uz muxbiri savollariga Ichki Ishlar Vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktika xizmati boshlig`i o`rinbosari Azim Sultonov javob berdi.
«Hozirgi kunda o`rta hisobda agar unvon bilan tenglashtirilganda katta leytenant profilaktika inspektori 3.5 mln atrofida, mayor unvonidagi katta ofiser profilaktika inspektorlari 5.5-6 mln oylik maosh olmoqda», - dedi Azim Sultonov.
Uning ma`lum qilishicha, Prezident 2021 yilning 12 fevralda o`tkazgan videoselektor yig`ilishida IIV xodimlarining oylik maoshlarini uch bosqichda ko`tarish topshirig`i berilgan. Hozirda ikkinchi bosqich yakunlanmoqda. Joriy yilning iyun oyida uchinchi bosqich ham yakunlanib, xodimlar maoshi yana ko`tarilishi kutilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma`lumotiga qaraganda, 2020 yilda ichki ishlarning 46 nafar xodimi korrupsion ish bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan ekan 2021 yilda esa bu ko`rsatkich deyarli 2 baravarga ortib, 89 nafar xodim tomonidan 119 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan.
Nega korrupsion holatlar tizimda yildan yilga ko`paymoqda?
"Haqiqatdan ham o`tgan yili 89 nafar xodim tomonidan korrupsion jinoyatlarga qo`l urilgan. Shundan 43 ta holati profilaktika inspektorlariga tegishli. Bu sodir etilgan jinoyatlarning 50% iga to`g`ri keladi. Buning sababi bo`limimiz juda katta.
Masalan, Respublika bo`yicha 10 000 dan ziyod mahalla bo`lsa, har bir mahallada bir nafardan profilaktika inspektorimiz bor. Toshkent shaharda har bitta mahallada ikkitadan joriy qilingan. Bu qamrovimizda 10 000 dan ortiq xodimlarimiz borligini anglatadi. Korrupsion holatlar foiz jihatidan ko`p bo`lishi mumkin, lekin son jihatidan kam»,- dedi Azim Sultonov.
Eslatib o`tamiz, Shavkat Mirziyoev 2021 yil 12 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hay`atining kengaytirilgan yig`ilishida 2021 yilda barcha ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta`minlashga bevosita jalb etilgan, mahallada xizmat o`tovchi xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshirilishini ma`lum qilgandi.
Keyinroq esa, Prezidentning «Jamoat xavfsizligini ta`minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni bilan ichki ishlar organlari xodimlarining oylik maoshlari 3 bosqichda oshirilishi aytildi:
Farmonga muvofiq uchinchi bosqich yakuniga ko`ra, jamoat xavfsizligini ta`minlashga xizmat qiluvchi xodimlar, jumladan profilaktika inspektorlarining bir oylik maoshlari qariyb 10 million so`mni tashkil qilishi mumkinligi ma`lum qilindi.
O`tgan yil yakunida esa Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G`iyosov «Ichki ishlar organi xodimlarining maoshi oshirilgan. Yangi xodim 4 million so`mdan ko`proq oylik oladi. Xodimlar faoliyati davomida qilgan ishiga qarab 15-20 million so`mgacha oylik maosh olishi mumkin», deb intervyu bergan.