Ukrainadan bepul olib kelingan o`zbekistonliklar urush o`chog`iga qaytishmoqchi

06.04.2022 11:23

Xabaringiz bor Ukrainada urush boʻlayotganiga 40 kundan oshdi. Bugungi kunda ham turli hududlarda harbiy amaliyotlar davom etmoqda. 

Koʻpchilik davlatlardan farqli ravishda Oʻzbekiston hukumati joriy yilning 23-martiga qadar 6000 dan ortiq yurtdoshimizni maxsus evakuatsion reyslar orqali bepul Vatanga qaytishiga sharoit yaratib bergan edi. (Maʼlumki, deyarli barcha mamlakatlar fuqarolari oʻz hisobidan Ukrainani tark etgan.)

Biroq Oʻzbekistonga davlat hisobidan bepul kelib olgan ayrim fuqarolar endilikda Ukrainaga yana qaytib ketish taraddudini koʻrmoqda.

Har bir yoʻlovchi uchun qancha mablagʻ sarflangani borasida Transport vazirligidan soʻraganimizda, yakuniy hisob kitoblar faqat charter reysi emas, balki Ukrainaning oʻzida ham avtobuslar yoʻlga qoʻyilgani sababli aniq aytish qiyinligini maʼlum qildi. Lekin, charter reys xarajatlari odatdagi reyslardan koʻproq summa boʻladi, dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Navroʻz Ashurmatov.

Bu evakuatsiya jarayoni xarajatlari, albatta, kichik summa emas va ular soliq toʻlovchilarning gardaniga tushadi. Shu kunlarda esa ozchilik boʻlsa-da, ayrim yurtdoshlarimiz Ukrainaga qaytish uchun nima qilish kerakligi haqida soʻrashmoqda. Bu soʻroqlar Ukrainadagi oʻzbeklar uchun ochilgan maxsus guruhda bildirilgan. Albatta, hammaning oʻz sababi, oʻz asosi bor. Lekin hali ham urush davom etayotgan mamlakatga qaytish uchun qanday katta sabab boʻlishi kerak? Yoki urushning turli talqinlarda yoritilayotgani bu joylarda tinchlik allaqachon oʻrnatildi, degan fikrni uygʻotyaptimi? Ish oʻrinlari yoʻqligi yoki borlarida ham maoshning kamligi balki ularni qaytishlariga sabab boʻlayotgandir. Bu savollarga javob olish maqsadida guruhda yozgan odamlarning oʻzlariga murojaat qilganimizda bizga javob berishni istashmadi.

Urush boshlangandan buyon oʻzbeklarga volontyor sifatida yordam berayotgan Temur Yusupov bilan biz yana bogʻlandik. Uning aytishicha, hali Ukrainada 150-200 nafar atrofida oʻzbekistonliklar bor va ular oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻlganlar bu yogʻiga oʻz resurslari bilan kelishadi. Evakuatsiyani soʻnggi kunida reys yoʻlovchilari juda kam boʻlgan va bu reysga yetarlicha hamyurtlarimiz yigʻilishi uchun bir necha kun kutishga toʻgʻri kelgan. 6000 nafar faqat evakuatsiya qilingan yurtdoshlarimiz soni, hozirda Yevropaning turli davlatlariga oʻtgan hamyurtlarimiz ham bor, ular asosan norasmiy harakatlanganliklari uchun soni aniq emas, deydi u.

Ukrainaga qaytish istagidagi oʻzbekistonliklarga jarroh Temur Yusupov, qaytmaslikni maslahat berib, urush hali davom etayotganini eslatib oʻtdi. Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyoda faqat Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻz fuqarolarini bepul olib keldi. Qozogʻistonning fuqarolari soni Oʻzbekistonnikidan bir necha barobar kam edi. Turkmaniston saylovlarni bahona qildi, Tojikiston va qirgʻiz elchixonalari maslahat berish darajasida ish olib borishdi. Eng koʻp fuqarolarini evakuatsiya qilgan biz boʻldik. Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qanday katta ish qilinganini men guvohiman dedi, volonter Temur Yusupov.

Suhbatni audioda toʻliq tinglash mumkin:

Maʼlumot uchun: Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hisobotiga koʻra, Ukrainadagi urush tufayli 11 milliondan ortiq odam oʻz uyini tashlab ketgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
07.04.2022 18:31
Уларнинг Украинага қайтишга шошилишларининг сабаби ўзларини фақат ўша ердагина ИНСОН деб ҳис қилишлари бўлса керак
06.04.2022 18:01
Pul òlsina pul òlsin yana bor rosa pul topasan keyin òlasan.