Rossiyaning Ukrainaga urush ochganiga qariyb ikki oy bo`lmoqda. Ayni damda nimalar bo`layapti? Qancha bola qurbon bo`ldi? So`nggi kun tafsilotlari va suratlari bilan tanishib bu savollarga javob olishingiz mumkin.
Ukraina bosh prokurori Irina Venediktovaning aytishicha, Kiev chekkasidan 410 nafar halok bo`lgan tinch aholi jasadi olib chiqilgan. So`nggi uch kun davomida ular sud-tibbiyot ekspertlari va boshqa mutaxassislar tomonidan o`rganilgan. Bu qurbonlarning yakuniy sonimi yoki yo`qmi, hozircha ma`lum qilinmagan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Buchadagi voqealarni mustaqil tekshirish zarurligini ma`lum qildi.
Apreldan Boltiqbo`yi mamlakatlari (Latviya, Litva va Estoniya) Rossiyadan gaz olishni to`xtatdi.
Evropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo`shilgan Shveysariya Rossiya fuqarolariga tegishli o`nta mulkni muzlatib qo`ydi.
«Merkel xonim va janob Sarkozini Bucha shahriga tashrif buyurishga va 14 yil davomida Rossiyaga yon berish siyosati nimalarga olib kelganini ko`rishga taklif qilaman. Ular ukrainalik erkak va ayollarning qiynoqqa solinganini o`z ko`zlari bilan ko`rishlari kerak. Biz xalqimizga qarshi qilingan bunday shafqatsiz qatliomda rus harbiylaridan boshqa hech kimni, ularga buyruq berganlarni ham ayblamaymiz. Lekin biz Evropaning harakatsizligi haqida gapirishga haqlimiz», Vladimir Zelenskiy.
Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyaen: «Rossiya tark etayotgan hududlarda ta`riflashga til ojiz bo`lgan dahshatlar haqidagi xabarlardan hayratdaman. Shoshilinch ravishda mustaqil tergov o`tkazish zarur».
Ukraina himoyachilari ma`lumotlar asosida, yaqin kunlarda Donesk, Lugansk, Xarkov viloyatlari yo`nalishida bosqinchilar bilan og`ir janglar bo`lishini kutmoqda. Ma`lum bo`lishicha, u erda Rossiya qo`shinlarining katta guruhi to`planmoqda.
Moldovada 4 aprel kuni Ukrainada halok bo`lgan tinch aholi uchun motam kuni deb e`lon qilindi.
Rossiya Federasiyasi «ukrainalik radikallarning Buchadagi provokasiyalari tufayli» BMT Xavfsizlik Kengashi yig`ilishini chaqirishni talab qilgan.
***
Dmitriy Kuleba: «Buchada ko`rganimiz bir haqiqatni aniq ko`rsatib turibdi: Rossiya o`zining vahshiyliklari, jinoyatlari, bu jinoyatlarning ko`lami va Rossiya armiyasining Ukrainadagi shafqatsiz xatti-harakatlari bilan IShIDdan ham yomonroq».
«Rossiya Ukrainaga bostirib kirishda qo`ygan maqsadlaridan butunlay voz kechdi, strategik omadsizlikka va ehtimol mag`lubiyatga uchradi», — AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
4 aprel holatiga ko`ra Ukrainadagi urush oqibatida 161 bola halok bo`lgan, 264 nafar bola jarohatlangan. Bu haqida mamlakatning voyaga etmaganlar prokuraturasi xabar bermoqda.
Peskov Rossiya Buchadagi tinch aholining o`ldirilishi haqidagi har qanday ayblovlarni qat`iyan rad etishini ma`lum qildi.
Ilgari gaz uchun to`lovni rublda to`lashga tayyor bo`lgan Slovakiya o`z fikridan qaytdi va faqat evroda to`lov qilishini ma`lum qildi.
***
Harbiy harakatlar oqibatida Ukraina byudjetining yo`qotishlari kuniga taxminan 67,8 million dollarni, infratuzilma yo`qotishlari kuniga 4,25 milliard dollarni tashkil qilmoqda.