Statistika qo`mitasi Jahon bankidan 50 mln AQSh dollari qarz olayapti. U nimaga sarflanadi?

01.04.2022 14:23

Jahon banki Soliq qo`mitasiga 60 mln. dollar Davlat statistika qo`mitasiga esa 50 mln dollar kredit berayotgani haqida xabar bergan edik. Shundan so`ng qator savollar tug`ildi. Bu mablag`lar nimaga sarflanadi? Uni rejali ishlatilishini kim nazorat qiladi? Qarzlar miqdori ko`payib kemadimi?

Rost24.uz muxbiri Davlat Statistika Qo`mitasining Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarma boshlig`i Odiljon Mamadalievdan ajratilayotgan kreditni aynan nima maqsadda sarflanishi reja qilingani haqida so`radi.

Mutasaddining javob berishicha, Statistika qo`mitasi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda 2022-2025 yillarga mo`ljallangan Strategiya ishlab chiqilgan.

- «Bu mablag`lar asosiy faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan bo`lib statistika tizimi salohiyatini ilg`or davlatlar qatoriga chiqarish uchun sarflanadi. Ikkinchi yo`nalish sifatida tizim faoliyatida ma`nan eskiradigan dasturiy texnik ta`minotlarimiz, kompyuter jihozlarimiz va periferiyani yangilashni maqsad qilganmiz. Shuningdek, biz zamonaviy data markaz tashkil etmoqchimiz. Chunki kelajakda tizim bo`yicha yig`iladigan ma`lumotlarni umumiylashtiruvchi serverlarimiz kundan-kunga oshib borayotgan ma`lumotlar ishlovida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Yaqin orada esa ehtiyojlarning o`sib borishi tabiiy holat. Bu foydalanuvchi bilan muloqotga kirishish jarayonlarini tezlashtiradi», - dedi Odiljon Mamadaliev. 

Uning qo`shimcha qilishicha, yaratilishi rejalashtirilgan markaz tayyorlangan statistik raqamlarni tezkorlik bilan tahlil qilish, uni ommaga etkazishga xizmat qiladi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonning umumiy davlat qarzi 2022 yil yakunida 33,5 milliard dollar, yoki YaIMga nisbatan 45,2 foiz miqdorida bo`lishi prognoz qilingan edi.

Keyinroq esa, O`zbekistonda 2022 yilda olinadigan davlat qarzining eng yuqori miqdori «O`zbekiston Respublikasining 2022 yilgi Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonunidan kelib chiqib belgilandi.

Tegishli qonunning 10-moddasiga ko`ra, O`zbekiston nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko`rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.

Davlat qarzi qoldig`i 2022 yilning 1 yanvar holatiga 26,3 mlrd. AQSh dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 38,0 foizni tashkil etgan.
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар