Samarqandda 200 mlrd so'mlik aeroport ochildi

19.03.2022 21:02

O`zbekistonda xususiy kompaniya bilan sheriklik-kelishuvi asosida qurilgan birinchi aeroport katta dabdaba bilan ochildi.U qanday afzalliklarga ega?

Samarqanddagi yangi aeroportga nima sababdan kitob shakli berildi? U foydalanishga tayyormi? Kim tomonidan qurilgan va qanday imtiyozlar berilgan?

2021 yil aprel oyida loyiha taqdimoti bo`lib o`tgan Samarqand xalqaro aeroporti oradan qariyb bir yil vaqt o`tib foydalanish uchun topshirildi. Hududi 25,2 gektarni tashkil qilgan mazkur aeroport “Uzbekistan Airpots” AJ hamda «Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ buyurtmasiga asosan barpo etilgan.

Loyiha qanday boshlangan edi?

Samarqand xalqaro aeroporti 1967 yilda barpo etilgan. Keyinchalik Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 yili viloyatga tashrifi chog`ida ushbu «havo bandargohi»ni modernizatsiya qilish bo`yicha ko`rsatmalar bergan. 2021 yil aprel oyida esa qurilish ishlari boshlanib, Prezident rekonstruksiya ishlarini kuzatish uchun viloyatga tashrif buyurgan.

Loyiha davlatnikimi yo xususiy kompaniyaniki?

2021 yil 23 sentyabr kuni Transport vazirligida «Air Marakanda» MChJ va «Uzbekistan Airports» AJ o`rtasida davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan edi. Bitim «Samarqand» xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizasiya qilish va boshqarish loyihasi doirasida tuzilgan. Ushbu bitimdan maqsad esa «Samarqand» xalqaro aeroportida yo`lovchilarga va aviatashuvchilarga yuqori darajada xizmat ko`rsatilishini ta`minlash va aeroport boshqaruviga xalqaro kompaniyalarni jalb qilishdan iborat edi. “Air Marakanda” kompaniyasiga kompleksni tendersiz boshqaruv huquqi hukumat tomonidan 20 yilga davlat xususiy sherikchilik asosida topshirilgan.

Ayrim manbalarda bu kompaniya Kiprning “Drupola Holdings Limited” nomli ofshor kompaniyalardan biriga tegishli ekanligi ham aytilgan. Bu aeroport davlat ahamiyatida va ofshor kompaniya qaramog`idagi kompaniyaga berilishi birmuncha savollar keltirib chiqaradi. Ushbu savollarga mutasaddilardan ochilish marosimida javob ololmadik.

Ma`lumot o`rnida, “Air Marakanda” kompaniyasi 2020 yil 9 aprelda ro`yxatdan o`tgan. Uning asosiy faoliyat sohasi havo transporti orqali xizmat ko`rsatishdan iborat. Kompaniya direktori — G`ayrat Ilhomovich Ne`matov, asoschisi esa Kiprning «Drupo Holdings Limited» ofshor kompaniyasi hisoblanadi.

Aeroportning yangi ochilgan terminal qiymati qanchaga teng?

2022 yil 18 mart sanasida ochilgan aeroport yangi terminalining qurilish loyihasi qiymati 80 million dollarga teng bo`lib, bu loyiha “Uzbekistan Airpots” AJ va “Air Marakanda” kompaniyasi o`rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi asosida amalga oshirildi. Qurilish ishlari O`zbekistonda etakchi EPC-pudratchi hisoblangan "Enter Engineering" kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan me`moriy echim asosida ishlab chiqilgan.

Aeroport yo`lovchilar terminali 3 qavatdan iborat bo`lib, soatiga 800 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatishi mumkin bo`ladi. Bu ko`rsatkich yiliga 1,5 million nafarni tashkil qilishi aytib o`tildi. Shuningdek, Lufthansa Consulting tashkiloti tomonidan o`tkazilgan mustaqil tahlillar ushbu aeroport orqali yo`lovchi tashish oqimini yiliga 480 000 kishidan 2 million kishiga ortishini ko`rsatmoqda.

Loyiha tashkilotchilari nima demoqda?

«Samarqand – bu O`zbekiston durdonasi, ko`p asrlik tarix va boy madaniyatga ega muzey-shahar. Dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlarni ohanrabo kabi o`ziga tortadi. Endi shahar va mamlakat mehmonlarini eng yaxshi texnologiyalarga ega yangi aeroport kutib olishidan juda xursandman»,- dedi “Uzbekistan Airpots” AJ Boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.

Nega aeroport kitob shaklida?

«Air Marakanda» kompaniyasining operasion faoliyat bo`yicha bosh direktori o`rinbosari Xilmi Yilmaz esa aeroportning o`ziga hos shakli va sayyohlar e`tiborini tortadigan jihatlari haqida to`xtaldi:
- “ Aeroportimiz buyuk olim Mirzo Ulug`bekning «Ziji jadidi Ko`ragoniy» kitobi shaklida barpo etilgani, sayyohlarning e`tiborini tortadi, albatta. Zamonaviy bo`lishi bilan bir qatorda terminalimizda o`zbek xalqining o`ziga xos milliy jihatlarini ham ko`rishlari mumkin. 

Samarqand xalqaro aeroporti arxitekturasiga muxbirimiz reportajida baho berishingiz mumkin. 

Ma`lumot uchun: Samarqand xalqaro aeroporti orqali to`g`ridan-to`g`ri Moskva, Istanbul, Olma ota, Sank-Peterburg kabi shaharlarga parvozlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Keyinchalik esa yana boshqa shaharlar, masalan, Sharja, Krasnoyarsk, Sochi va Novosibirsk kabi shaharlarga ham chiqish imkoniyatlari ko`rib chiqilyapti. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.03.2022 13:26
Jahon davlatlari ròyhati kengayiši kerak. Ayniqsa Yevròpa!