Qozog`iston energiya tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi (KEGOC) avariya sabablarini ma`lum qildi.
2022 yil 25 yanvar kuni Qozog`iston, O`zbekiston va Qirg`iziston energiya tizimlarida sodir bo`lgan avariya sabablari ma`lum qilindi.
Joriy yil 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O`zbekistonning aksar viloyatlarida elektr energiyasi ta`minoti uzilgan edi.
Ushbu vaziyat bo`yicha bugun Qozog`iston energiya tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi (KEGOC) avariya holatini tekshirish orqali sabablarini ma`lum qildi.
Qozog`iston, O`zbekiston, Qirg`iziston energiya tizimlarining katta blekautga duch kelishiga nima sabab bo`lgan edi?
Qozog`iston energiya tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi (KEGOC) quyidagicha sabablarni aytmoqda:
Markaziy Osiyo, xususan Qozog`iston, O`zbekiston, Qirg`iziston energiya tizimlarining tizim operatorlari vakillaridan iborat «Energiya» muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining (KDS «Energiya) maxsus komissiyasi 2022 yil 25 yanvarda sodir bo`lgan avariyani tekshirishni yakunladi.
Komissiya avariyaga O`zbekiston elektr ta`minotida yuz bergan uzilish sabab bo`lganini aniqladi. Shu kuni soat 10:59 da Sirdaryo IES va 500 kV «Toshkent» stansiyasini (O`zbekiston) bog`lovchi yuqori voltli havo elektr uzatish liniyasining 500 kV elektr tarmog`i chiziqli ajratkichida qisqa tutashuv sodir bo`lgan.
Keyinchalik 1- va 2- 500 kV shina tizimlari differensial himoyasining haddan tashqari ko`p ishlashi Sirdaryo IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, stansiyaga tutash elektr tarmog`ida bir necha marta uzilishlarga va shimolda 2100 MVt quvvatga ko`tarilishiga olib kelgani aytiladi.
Qayd etilishicha, "KEGOS" AJ elektr tarmoqlari va Qozog`iston janubidagi elektr stansiyalarining avariya avtomatlari tizimdagi avariya holatida energiya tizimini ajratish talablarini inobatga olgan holda normal rejimda ishlagan. Buning oqibatida Qozog`iston janubiy zonasidagi iste`molchilarning energiyadan to`liq o`chirilishi oldi olingan, mamlakat janubidagi iste`molchilarning qariyb 60 foizi elektr energiyasi bilan ta`minlangan.
Ushbu sabab Qozog`iston kompaniyasining o`rganishlari natijasida kelib chiqqan. O`zbekiston Energetika vazirligi bu bo`yicha nima demoqda?
O`sha vaziyat sodir bo`lgan vaqtda «sabablarini aniqlash, elektr ta`minoti barqarorligini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar yukladi», deya vazirlik xabar bergan edi.
(https://t.me/minenergy_uz/4423)Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmurodovadan bu bo`yicha izoh so`ralganda, bu bo`yicha hozir hech qanday izoh ayta olmasligini va yaqin orada vazirlik tomonidan rasmiy munosabat bildirilishi ma`lum qilgan.
Eslatib o`tamiz, ushbu holat Sirdaryo IESi tufayli ro`y berganligini 27 yanvardayoq Qozog`iston aytib o`tgan edi. O`zbekiston o`rganish ishlarini kutishga chaqirgan edi. Shuningdek, O`zbekiston 25 yanvar kunini o`zidayoq avariya Qozog`istondagi energotizimda ro`y berganini ma`lum qilgandi.