Poytaxtimizdagi Navoiy ko`chasida ayni damda olib borilayotgan ta`mirlash ishlari haqiqatan ham tramvay yo`llarini tiklash uchunmi?
Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov rost24.uz sayti uchun bergan intervyusida Toshkentning «Navoiy» va «Shota Rustaveli» ko`chalariga tramvay yo`lini qaytishini aytgan edi.
Joriy yil 14 fevralda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar «Navoiy» ko`chasida tramvay yo`li yotqizilish ishlari ketayotgani haqida surat va xabarlar tarqalgan edi. «Toshshahartransxizmat» va Toshkent shahar hokimligi ushbu xabarlarni rad etgan holda, hududdagi ishlar tramvay yo`li yotqizilishi bilan bog`liq emasligini aytib o`tgan.
Shuningdek, 16 fevralda Toshkent shahar hokimligi binosida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida hokim o`rinbosari Baxtiyor Rahmonov ham «Navoiy» ko`chasiga tramvay qaytmasligini ta`kidlab o`tgan.
Ayni damlarda bu ko`chasida ta`mirlash ishlari davom etmoqda.
Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonovning Rost24.uz saytiga bergan intervyusida aynan «Navoiy» va «Shota Rustaveli» ko`chalarida yangi va zamonaviy tramvay qaytarilishini aytib o`tdi va bu sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilajagini bildirdi. Uning fikricha, sayyohlar uchun Toshkentdagi arxitektura binolari qiziqarli va ularni avtomobilda emas, aynan tramvayda tomosha qilish qulay.
"Toshkentdagi ayrim markaziy ko`chalariga tramvaylarning qaytib kelishi hamda bu bizning tasavvurimizdagi tramvay bo`lmasligi ham mumkin. Ya`ni yangi chiqqan tezyurar tramvaylar haqida gap ketmoqda. Oldingi tramvayni olib tashlab, yangi tramvayni qaytarish haqida ham gap ketmayotgan bo`lishi mumkin. Chunki bu tramvay ko`proq turistik salohiyatni ko`tarishni, agar ochiq aytadigan bo`lsak, biz tomondan olib borilayotgan ishlarda o`sha «Shota Rustaveli» ko`chasi bo`ladimi yoki «Navoiy» ko`chasimi qilinayotgan izlanishlarda ko`proq mana shu 2 ta ko`chadagi shahrimizni arxitekturali go`zalligini ko`rsatish, ya`ni faqat tramvay qurish emas, bu yo`lning atrofidagi binolarni ko`rsatish turistlar uchun yaxshi sharoit bo`ladi hamda bu ko`chalarimizda turistlarga, xalqimizga kechayu-kunduz 24 soatda xizmat ko`rsatuvchi do`konlar bo`ladimi yoki kafe-restoranlar bo`ladimi yoki dam olish zonalari bo`ladimi. Shunga o`xshaydigan rejalar yo`q emas. Mana shuning ustida ishlar olib borilayotganini inobatga olib, eski tramvay yo`qoldi-yu yana shu tramvayni qaytib kelishi to`g`risida gap ketayotgani yo`q. Bu yanada shaharning jozibadorligini, chiroyini hamda imkoniyatlarini oshirish masalasi ketmoqda”, deya so`zini yakunladi Odil Abdurahmonov.
«Navoiy» ko`chasiga tramvay qaytadimi yoki yo`q, bu masala hozircha Toshkent shahrining katta jumbog`i bo`lib qolmoqda. Amaldorlarning bu boradagi ma`lumotlari esa bir-birini inkor etmoqda.