Tashqi ishlar vazirligini uyg`otib yuboring: Ukrainadagi o`zbeklar taqdiri nima bo`layapti?

26.02.2022 10:47

O`zbek fuqarolari Ukrainadan nega olib chiqib ketilmayapti? Elchixona borishni tavsiya etgan hududda vakil qo`ng`iroqlarga javob bermayapti. Polsha chegarasidan o`tgandan keyingi taqdir nima bo`ladi?  

Bugun Ukrainadagi fuqarolarimiz atrofida savollar ko`p. Bu savollar ijtimoiy tarmoqlarda berilayapti, lekin ularga javob yo`q.

Urush sharoiti. Tushunamiz! 4 mingdan ortiq kishiga nari borsa 20 kishilik elchixona xodimlarining ko`mak ko`rsatishi qiyin albatta. Qilingan ishlarni ham tan olishimiz kerak. Elchixona tomonidan guruh ochilgan bo`lib, fuqarolarga Ukrainadan olib chiqib ketish uchun imkoniyatlar ko`rib chiqilayotgani haqida ma`lumot berildi. Xususan, Polsha davlati bilan o`zbekistonliklarni chegaradan o`tkazish bo`yicha muvaffaqiyatli muzokaralar olib borildi. Natijada, fuqarolarimiz Polshaga o`tish imkonini qo`lga kiritishdi. Buning uchun fuqarolardan Lvov shahriga kelish so`ralgan bo`lib, u ergacha fuqarolar o`zlari etib borishlari kerakligi aytildi. Bir kun mobaynida qanday qilib Lvovga etib boramiz, degan o`y barcha hamyurtlarimizni o`ylantirgan asosiy masala bo`ldi. Hozirda, kimdir o`z avtomashinasida, kimdir yana boshqa yo`llar bilan Lvovga borishga imkon izlamoqda. Ukraina hukumati buning uchun poezdlar qatnovini yo`lga qo`ygan bo`lib, ular barchani bepul manzilga etkazib qo`yyapti.

Muammo nimada?

Muammo shundaki. Lvovga borgandan so`ng fuqarolar o`zlari hal qila olmaydigan masala bilan yuzma-yuz kelishmoqda. O`zbekiston elchixonasi tomonidan aytilgan manzil Proxorova 18 da turgan Ma`rufjon ismli kishiga bog`lanish va hujjatlarni topshirish so`ralgan bo`lib, "faqat etib borganda telefon qililar", deb ogohlantirilgan. Lekin, etib borganlar o`zbekistonliklar guruhiga Ma`rufjon bilan bog`lana olmayotganliklarini, aytilgan manzilga borganda ham topa olishmaganini yozishgan. Bu masalada elchixona vakillari hech qanday javob berishgani yo`q. Yomon tarafi, o`zlari imkon topib boshqa davlatga o`tgan fuqqarolar Charter reys reestriga kiritilmay qolishlari va O`zbekistonga ham o`zlari yo`l topib kelishlariga to`g`ri kelar ekan. Shu sababli ular albatta elchixonani xabardor qilishlari shart. 

 Zamonaviy texnologiyalar vaqtida biz hali ham joyiga borib hujjat topshirish amaliyotini qo`llaymizmi? Fuqarolarni chegaradan o`tishi uchun kiritiladigan reestrga shunchaki elektron nusxalar orqali hujjat topshirsa bo`lmaydimi? Yoki bu amaliyot yo`lga qo`yilganu bu ma`lumot hammaga etib borishi uchun kerakli ishlar qilinmaganmi?

25 fevral kuni Tashqi ishlar vazirligi sahifalarida faqat Abdulaziz Komilovning o`zini doimiy kun tartibidan o`rin olgan uchrashuvlari haqidagi xabarlarni o`qidik. Nahotki bu uchrashuvlar 4 mingdan ortiq hamyurtlarimiz hayotidan muxim bo`lsa? Ularni taqdiriga befarq emasliklaringiz va nimalar qilayotganingiz haqda axborot bermaysizmi?

 Savollarga oydinlik kiritish maqsadida Ukrainadagi elchixonaga bog`lanish bo`yicha harakatlarimiz besamar ketdi. Shuningdek, O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi raqamlariga telefon qilganimizda ham bog`lana olmadik. Qachongacha tashqi ishlar vazirligi sovet davridan qolgan yopiqlik siyosatida davom etadi? Axborot xizmati bunday holatlarda tezkor matbuot anjumanlari o`tkazishi kerak emasmi? 4 mingdan ortiq fuqarolarimiz taqdiri bilan bog`liq feyk yangiliklaru, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar darajasida yoritaveraylikmi?

Yaxshiyam o`zbeklar bag`rikeng!

O`zbekistonliklar guruhini kuzatib, to`g`risi qanchalik birdam ekanligimizni, qiyinchilik kunlarida hamma bir biriga ko`mak ko`rsatish harakatida ekanligini o`qib ta`sirlandim. Hamma qanday imkoni bo`lsa yordam berishga tayyorligini, butunlay begona odamlar bir tom ostida qiyinchiliklarni engib o`tishga intilishini ko`rasiz. Ular bir birlariga maslaxat berishayapti, yo`l yo`riq ko`rsatishayapti, chegaradan o`tganlar o`z tajribalari bilan bo`lishayapti. 

Elchixona xodimlariga bir guruh ko`ngillilar ham xolis yordam berishmoqda. Ular elchixona xodimlariga qiyinligini tushunishlarini so`zlashayapti.

Umid qilamizki Tashqi ishlar vazirligi tez orada muloqotdagi kamchiliklarni bartaraf etadi va qo`shimcha kuchlarni safarbar qiladi. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.02.2022 22:52
Интернетда Украинадаги ўзбеистонликлар очган хусусий корхоналар ҳақида ўқидим. Наҳотки Ўзбекистонда ишсизлар қолмаган ёки қолганлари ҳам дангаса аблаҳларми
26.02.2022 17:51
Биз харьков дамиз бу йерда узбеклар куп лекин элчихонадан дарак йук. Тогри кеча бир вакил келди лекин у хам бир нима дейишга хайрон , качонгача бошка давать фукароларига хавас килиб отамиз , нега бизни сал вохлиро огохлантиришмади . 2 ойдан бери жуда куп давлатлар оз фукароларини чакириб олмокда эди ва шу навбатда уруш хакида огохлантираётган эди . А бизнинг элчихонамиз эса фейк малумотларга ишонманглар хаммаси тинч деб огохлантириб келди вахоланки энди болса йордам бермасин хич болмаса йул йурик курсатсин тел киламиз 2 кундан бери кутаришмайди . Тогри биз факат битта гапни биламиз зато осмонимиз мусаффо !!!!