Bugun o`n mingga yaqin fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyat olib borayotgani haqida ma`lumot beriladi. Lekin, davlat boshqaruvida hamon ko`p funksiyalar mustaqil va nodavlat tashkilotlari bilan bo`lisha olinmayapti. To`g`ri, ayrim uyushmalar, mustaqil tashkilotlarda ham davlat aralashuvi borday. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
«Rost24» muxbirining ushbu savoliga siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov javob berdi:
- «Keyingi 30 yilda, nafaqat, O`zbekistonda balki dunyoning juda ham ko`p davlatlarida, ayniqsa, postsovet davlatlari hududida fuqarolik jamiyati, demokratiya va inson huquqlari bu bamisoli bir dinga aylandi. Ya`ni siyosiy meros shakllangan, lekin ayni paytda unga real erishish uchun ma`lum bir siyosiy tabular mavjud. Bu qanday? Hokimiyatning asosiy motivi shundan iboratki, inson huquqlari, demokratiya, fuqarolik jamiyatini shakllantirish hammaning manfaatiga, ayniqsa, butun bir jamiyatning va davlatning qudratini parvarishlovchi manfaatga to`g`ri kelishini anglaydi. Lekin ayni paytda, real qadamlarga kelganida juda ham katta ehtiyotkorlik mavjud. Sababi, mening nazarimda aynan o`sha ma`muriyatlar hokimiyatni monopoliya qilib turishi yoki bermaslik uchun, o`ziga raqib yaratmaslik uchun tanqidlardan biroz masofa saqlash, qochish uchun jamiyatga siyosiy ishtirok etish imkoniyatlarini judayam ehtiyotkorlik bilan o`ylab ko`ryapti, yoki berishdan bosh tortyapti. Fuqarolik jamiyati bu eng avvalo siyosiy ishtirok bilan boshlanadi. Ya`ni siyosiy plyuralizm – huquqiy demokratik davlatchilikning fundamentidir. Natijada juda katta, qudratli siyosiy elitaning shakllanishidir. Ayni paytda, qudratli siyosiy elita hokimiyatni nazorat qila boshlaydi. Konstitusion qadriyatlardan va cheklovlardan kelib chiqib, hokimiyatlarni nazorat qilish va tezda almashtirish payiga tushadi. Bu erda siyosiy dilemma paydo bo`ladi. Umummilliy rivojlanishmi yoki ma`muriyatning hokimiyatni ushlab turish motivimi degan savol tug`iladi. Ko`pincha afsuski, ma`muriyatda hokimiyatni ushlab turish ustunlik qiladi», - deya so`zini yakunladi Kamoliddin Rabbimov.