YoXUD uyushtirilgan shov-shuvlar soyasida qolib ketayotgan asl muammolar
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bilan o`rtalarida hech qanday sovuqchilik yo`qligini yozib, murojaat xati yo`lladi.
Ortiqxo`jaevga ko`ra, Allamjonov bilan o`rtalarida hech qanday sovuqchilik yo`q va ular hech qachon axborot urushi qilmagan.
Shuningdek, ular kuniga 3-4 marotaba telefonlashib, xabarlashib, fikr almashib turishadi.
Sal avvalroq, xabardor.uz sayti orqali Allamjonovning Toshkent shahri hokimi bo`lishi haqidagi xabarlar tarqatilgan, Allamjonov esa hokim bo`lish niyati yo`qligini ma`lum qilgandi.
13-14 fevral kunlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Afrosiyob ko`chasidagi Kosmonavtlar maydonida kosmonavt Vladimir Jonibekov byusti atrofidagi granit plitalari ko`chirib tashlangani sababli Ortiqxo`jaev atrofida norozi kayfiyatdagi gap-so`zlar yanada avj oldi.
Orginfo-dagi ochiq ma`lumotlarga ko`ra, Allamjonovning hokim bo`lish niyati haqida e`lon qilgan xabardor.uz nashriga sal kam 1,4 mlrd so`mlik ustav fondiga ega “High Networks” korxonasi egalik qiladi.
Korxona ta`sischisi Raximov Baxtiyor Ergashevich, ammo korxonaning elektron pochta manzili azizshermuhamedov@gmail.com ekanligi ayrimlarning e`tiborini tortdi.
Sababi, Aziz Shermuhamedov kun.uz ta`sischilaridan biri bo`lgan Umid Shermuhamedovning ukasi hisoblanadi, kun.uz sayti esa norasmiy tarzda Komil Allamjonovga o`tgani va buning uchun pullarni Dubaydagi hisob raqamga o`tkazib bergani haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar ham anchadan beri bor edi. Shu sababli bu xabarlarni Komil Allamjonov tarqatgan degan talqin yuzaga keldi.
Ammo kun.uz ta`sischilaridan biri Umid Shermuhammedov xabardor.uz sayti o`ziga tegishli emasligini, 2019 yilda sayt Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga tegishli bo`lgan guruhga sotilganini va bu sayt hamon shahar hokimiga tegishli bo`lgan guruh tomonidan ishlatilayotganini ma`lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ortiqxo`jaev o`ziga qaratilgan tanqidlarni kimdir uning joyini egallashni istab qolganiga yo`yayotgani haqidagi fikrlardan so`ng mazkur murojaat xatini e`lon qildi.
Tarmoqlardagi mish-mish qatori gap-so`zlar o`z yo`liga, ammo bu gap-so`zlar fonida Kosmonavtlar maydonida rekonstruksiya ishlarini to`xtatishni so`rab yig`ilgan fuqarolarning so`rovi e`tiborsiz holda qolib ketdi. Madaniy meros agentligi hududni demontaj ishlari ruxsatsiz boshlanganini aniqlagani ma`lum qilingan. Lekin, maydonda qurish-buzish ishlari davom etmoqda.
Chunki, biroz vaqt o`tib, loyiha ilmiy ekspert kengashida ma`qullangani e`lon qilindi.
Odatdagidek (G`afur G`ulom bog`i, yana bir qancha bog`lar kabi) hamma yoqni yashil qilishga va`da berishdi va 10 kun muhlat so`rashdi. Natijasi ham odatdagidek bo`ladimi yo`qmi, buni vaqt ko`rsatadi.