Besh daqiqalik shaxsiy fikr
Men bu onlayn translasiyani ko`rganimga ancha bo`lgan bo`lsada, fikr aytish istagidan voz kecha olmadim. Yozmaslikka, gapirmaslikka o`zimni ancha urintirdim. Bir ikki nafar jonkuyar deputatlar haqi hurmati ko`z ham yumib o`tishim mumkin edi. Lekin jurnalistika kasbi oldida, shu deputatlarga ishongan, taqdirini hal qilayotgan 35 million xalqning oldida gapirmaslik, yozmaslik ham vijdonsizlik bo`lar edi.
Sovet davrida qishloq brigadirlari ham deputat bo`lganini eshitgandim. Paxta dalasidan boshqa narsani ko`rmagan brigadirlar go`yoki xalq vakili sifatida qonunlarni qabul qilish va o`zgartirishda qatnashib kelishardi. O`tirgan joylarida o`zlarini xalq uchun muhim va o`ta ahamiyatli ish qilayotgandek xis etishardi. Aslida esa ko`pam nima ish qilayotganlarini tushunaverishmagan. Umri dalada o`tgan, qo`y va podadan boshqa hech narsani ko`rmagan noiblar xalq taqdirini qanday hal qilishini tasavvur qilavering. Muhimi hukumat “…chekka qishloqlardan vakillar bormi?”, “Bor”, qabilida ish tutgan.
Onlayn uzatilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisini ko`rib, bugungi deputatlarning ham aslida sobiq imperiyaning siyosati mahsuli bo`lganlardan unchalik ko`p farq qilmasligini tushundim. Deputatlar hamon paxta dalalarida qolib ketganini his qildim.
Bu haqida yozmaslik, jim turish imkonsiz. O`zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisi taqdiri bilan bog`liq qonunlarni muhokama qilayotgan deputatlar bir-birini qaysi qonun haqida gapirayotganini anglay olmay tursa. Shunchalar befarq, shunchalar mas`uliyatsizlik ekanliklarini ko`rib ol qolasan kishi. Taqdirimiz kimlarga qolganiga yig`laging keladi.
***
Spiker: Boshqatdan o`qib bering
Deputat: 35-moddasiga e`tibor qaratgandim.
Spiker: O`qing
Deputat: Transport infratuzilmasi ob`ektlari haqida gap borgan.
Spiker: Matnni o`qib bering.
Deputat:.....(sukunat)
Spiker: Qani shu qonun kimda bor?
Deputat: Ochdim
Deputat o`qib beradi
Spiker: Siz boya boshqa qonunni o`qib bergandiz.
Oraga Alisher Qodirov qo`shiladi.
Alisher Qodirov: Qo`mita umuman ishlamagan
Spiker: Qo`mita ishlamagan deyishga haqingiz yo`q, chunki qo`mita ishida o`zizam qatnashgansiz.
Alisher Qodirov Spikerga: Sizam qatnashgansiz. 45 minutdan beri ikkita moddani muhokama qilyapmiz.
Spiker: Kerak bo`lsa kechgacha qilamiz.
Birozdan keyin oraga Ilhom Abdullaev qo`shiladi. Uning nima deganini hatto spiker ham tushunmaydi.
Yakunda qaysi modda haqida gap boryapti, hamma har xilini aytadi. Deputatlar qonun moddalarini umuman anglamay qabul qilishadi shekilli...
***
Katta hashamatli kashonada, kashonadan-da baland nomi bor Oliy Majlisdagi deputatlarning ahvoli shu.
Meni savollar qiynaydi: Shu deputatlarimiz qonunlar qabul qilayotganida, xalqning taqdirini hal qilayotganini o`ylarmikan?Minglab, millionlab o`zbekning er yigitlari mardikor bo`lib o`zga ellarga zahmat chekayotganini o`ylarmikan?
Depuptalar qonunlar qabul qilayotganida, qahraton sovuqlarda bir burda non uchun mehnat qilayotgan farzandining eson-omon uyiga qaytishini duo qilib, tunlarni kunlarga ulayotgan mushtipar onalar borligi bularning hayoliga kelarmikan?
Hayotini, umrini yirtiq kalishda o`tkazayotgan, ovulidan boshqa hech joyni ko`rmagan, gazsiz, elektrsiz boriga qanoat qilib yashayotgan shu elning ayollari borligi ularning ham qalbini titratarmikan? Bir bor bo`lsa-da, shu koshonada o`tirib shunday jafokash millatning taqdirini bir birini tushunmay, nima qilayotganini, nima deyayotganini o`zi bilmay turgan deputatlar o`ylashiga ishonadiganlar bormi?
Aylanma orom kursisi, davlat bergan tekin uy-joy, mashina, "otning kallasidek" oylik, deputat deb ko`ksiga taqqan "znachok"... buning mas`uliyati yo`qmi yoki sizlarda?
Yurtidan ketgan mardikor yigitlar, bo`zlab qolgan onalar, mamlakati qudratliyu, lekin qishlog`iga gaz, "svet" bormagan, qorni nonga to`ymay o`sayotgan bolalar taqdiriga shu deputatlar ham javobgar ekanini bilisharmikan?
Meni tuhamat qilayotganda yoki byurtma yozayotganda ayblashingiz mumkin. Lekin o`zingizning yuzingizni o`zingiz ko`rib turibsiz-ku. Hamasi shu onlayn tasvirlarga muxrlangan, balki endilar tonmassiz, nima qilayotganigizni ko`rib.
Barcha deputatlar ham shunday deya olmayman, sanoqligina depuputlar qanday ishlayotganini xalq allaqachonlar baho berib bo`lgan. Qani edi boshqalaringiz ham ulardek ishlay olsangiz.
Avvallari deputatlarni intervyusida tayinli pichoqqa ilinadigan gap bo`lmaganiga hayron qolardim. Endilikda ichkaridagi vaziyatni ko`rib, muhokamada bir-birini tushunmagan, qaysi qonunni o`qiyotganlarini anglamayotgan deputatlar bekorga jurnalist tutgan mikrafonga bir og`iz gap aytolmasliklarini anglagandekman.
Prezident xalq hayotini tartibga solish haqida qayg`uradi. Imkoniyatlar ochilishini, mana bunday deputatlar xalq nomidan xukumatga talab qo`yishini, uyg`onishini aytayadi.
Ammo hukumatda ko`p bora kerak bo`lgan qonun ijodkorlarining bu kabi muhokamalari odamni jiddiy xavotirga soladi. 35 millionlik aholi taqdiri ana shu bir bog`dan biri tog`dan kelayotgan deputatlar qo`lida bo`lsa.
Taqdirimiz kimlar qo`lida qoldi...