Amaldorlar uchun “Bermut uchburchagi” yoki “o`lim vodiysi” hisoblangan Surxondaryodagi qishloq

01.12.2020 12:55

O`zbekistonda bir qishloq bor. U qishloqqa borish amaldorlar uchun o`lim bilan barobar hisoblanadi. Qishloq haqida o`ylash ham mumkin emas. Mutasaddilarning o`zlarini olib qochishiga qaraganda qarg`ish tekkan qishloq deb o`ylaysiz.

Rostdan ham shundaymikin?

Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi “Shabnam” mahallasiga qarashli Vochax qishlog`i rostdan ham mutasaddilar uchun “o`lim vodiysi”mikin. Nega desangiz, bu qishloq haqida ko`p bor gapirildi. Hattoki elektr bormaganligi haqida O`zbekiston Milliy axborot agentligida ham jar solindi. Ammo rahbarlar bu qishloqqa elektr o`tkazmaslikka qasam ichgandek har gal oyoqlarini tirab turib olishaveradi.

Tog`lar orasidagi Vochax qishlog`i aholisi 80 yildan buyon elektr energiyasini kutib yashamoqda. Necha-necha avlod bu qishloqda XX asrning boshida qilingan kashfiyot – elektr yorug`ligini XXI asrda ham ko`rmasdan o`tib ketishdi, o`tib ketishmoqda.

Vochaxliklarning birdan-bir orzusi elektr energiyasi. Mayli, tez-tez o`chib tursa ham elektr borsa bo`ldi.

Vochaxning kayvonilari umr bo`yi markazga murojaat qilish bilan elib-yugurib o`tishmoqda. Rahbarlarning esa turli-tuman bahonalari doim muhayyo.

Qishloq ro`yxatda bor. Aholiga ko`rinmaydigan mahalla raisi ham bor, odamlar er solig`i to`laydi. Hattoki axlat uchun “Maxsustrans”ga ham majburiy to`lov qilishadi. Eng qizig`i, maktab va shifoxona ham bor. Ammo birgina elektr yo`q. Biz ta`lim tizimini isloh qilamiz, maktablarni zamonaviy texnikalar bilan ta`minlaymiz, kompyuterlashtiramiz, internetlashtiramiz deya jar solyapmiz. Ammo bu zamonaviy texnikalar tappiga ishlamasligini bilmayapmiz shekilli.

O`zbekistonda elektr bormagan qishloqlarda maktablar bor ekan, Xalq ta`limi mutasaddilari tizimda islohot o`tkazayapmiz deyishiga hali erta. Balandparvoz gaplarni baralla aytishiga biroz vaqt bor.

Umuman olganda, elektrsiz qishloqlarning mavjudligi har bir soha mas`ullari uchun og`ziga urilgan shapaloq bo`lishi kerak.

Birgina bank sohasini olaylik, Markaziy bank “butun O`zbekiston bankomatlashtirildi” deya hisobot berishi uchun ham katta to`g`anoq bo`lishi mumkin.

Shu joyda ozgina raqamlarga ham murojaat qilamiz. Vochax qishlog`i tuman markazidan 58 km. uzoqlikda, 6 km. naridagi qo`shni qishloqda elektr bor.

Vochaxliklar turli joyga murojaat qilavergach, mutasaddilar qishloqni cho`lga ko`chirib yuborish bilan tahdid qilishgan. Shu joyda savol tug`iladi, butun boshli qishloqni cho`lga ko`chirishdan ko`ra 6 km.dan sim tortib kelgan arzon tushmasmikin. Axir o`sha cho`lga ko`chirilgan qishloqqa ham bari bir sim tortib elektr o`tkazish kerak emasmi?

Vochax qishlog`iga elektr olib borishning birgina yo`li qoldi: ya`ni bu qishloqdan viloyat hokimi chiqishi kerak. Shundagina rahbarlar uchun “o`lim vodiysi” hisoblangan Vochax qishlog`iga elektr etib boradi. Boshqa chorasi qolmadi.

Aytgancha: Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi Vochax qishlog`iga elektr bari bir bormaydi. Ko`pchilik jurnalistlar qatori eldan qolmay deb men ham shu mavzuga qo`l urdim, xolos.

Sherali OTABOEV, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар